YARASHUV INSTITUTI – XALQIMIZGA XOS BAG‘RIKENGLIK IFODASI
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi oliy sudi tomonidan “Yarashuv instituti – xalqimizga xos bag‘rikenglik va olijanoblik ifodasi” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mustaqillikning ilk kunidan boshlab mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash va ularni ishonchli himoya qilish asosiy maqsad qilib qo‘yildi. Konstitutsiyamizda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalariga to‘la mos keluvchi, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish va fuqarolarning munosib hayot kechirishiga xizmat qiluvchi qoidalar mustahkamlab qo‘yilgan.
Ma’lumki, yarashuv instituti jinoiy javobgarlikdan ozod qilishning bir turi sifatida shaxsning aybdorlik masalasini hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish uchun asos bo‘ladi. Hozirgi kunda “Jinoyat kodeksi”ning 44 ta moddasida nazarda tutilgan 60 ta jinoyat tarkibi bo‘yicha yarashuv istitutini qo‘llash imkoniyati mavjud.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mazkur institut jabrlanuvchining huquqlarini ishonchli himoya qilish, respublikada sudlanganlik holatini kamaytirish, jinoiy javobgarlikdan ozod qilish institutining kengroq qo‘llanishiga imkon yaratdi.
Shuningdek, yarashuv to‘g‘risidagi ishlarni yuritishda qisqa muddatda taraflar o‘rtasidagi nizo bartaraf etiladi va ortiqcha sarf xarajatning oldi olinadi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi jinoiy javobgarlikdan ozod qilinib, “sudlangan” degan tamg‘adan forig‘ qilinadi.
Ch. XUSHVAQTOVA