Mardlik va adolat timsoli
An’anaga ko‘ra 9 aprel kuni poytaxtimizdagi Amir Temur xiyobonida Sohibqiron tavalludi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar, deputatlar, hukumat a’zolari, yozuvchi va shoirlar, olimlar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Amir Temur merosi shijoat, mardlik va adolat timsoli sifatida yuksak qadr va e’zozga loyiq. Sohibqiron o‘z davrining eng qudratli davlati asoschisi, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat homiysi, buyuk bunyodkori sifatida e’tirof etiladi.
Mamlakatimizda milliy davlatchilikni shakllantirish, farzandlarimiz uchun hech kimdan kam bo‘lmagan hayot barpo etish, yoshlarni jismonan, aqlan va ma’nan yuksaltirish borasidagi barcha islohotlar Amir Temur bobomizning dunyoqarashi va tutumlariga mohiyatan uyg‘un. Xalqqa doim mehr-muruvvatli bo‘lgan Amir Temur adolat va haqiqat uchun kurashgan, saltanatni ham ana shu mustahkam asosga qurgan.
Tadbirda shoir Sirojiddin Raupov “Sohibqironim” she’rini o‘qib berdi. Yoshlar Amir Temur bobomizning ibratli hayoti, adolatparvarlikka yo‘g‘rilgan faoliyati haqida dunyo olimlari tomonidan bildirilgan fikrlarni o‘zbek, ingliz, rus, fransuz, yapon va boshqa chet tillarida o‘qib berdi.
Tadbir qatnashchilari Amir Temur haykali poyiga gullar qo‘ydi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X. Sultonov ishtirok etdi.
Sh. XO‘JAQULOV