XUSHRO‘Y GULLARNING NOXUSH FAZILATLARI
Ularga darhol ozuqa berib, bo‘yi cho‘zilib qolgan gullarni esa kattaroq tuvakka o‘tqazishga shaylanasiz. Shuningdek, ularning safini chiroyli ko‘rinishga ega noodatiy gullar bilan to‘ldirgingiz keladi. Ammo hamma chiroyli gullar ham siz uchun foydali bo‘lavermaydi. Ba’zilarining zaharli turlari ham bor. Tavsiya bermoqchi bo‘lgan bir nechta maslahatlarimiz gul tanlashda asqotadi deb o‘ylaymiz.
Xonada o‘stiriladigan zaharli o‘simliklar chiroyli nomlangan.
Uyg‘onish pallasida hovlingizni tartibga solib anvoyi gullardan, turfa ko‘chatlardan ekib chamanzorga aylantirgingiz keladi. Oftob nuri, bahoriy nasimni sog‘inib rangi biroz siniqqan xonaki gullar ham e’tiboringizdan chetda qolmaydi.
Aroidlar – zaharlidir! Mashhur diffenbaxiya aroidlar oilasiga mansub. Uning hamma bo‘lagi (ayniqsa, poyasi) zaharlidir. Unda kalsiy oksalati kristallari, sianogen glikozid va saponinlar mavjud. Zaharlanishning alomatlari: ko‘ngil aynishi, diareya (ich ketish), tilning shishib ketishi, yurak urishi maromining buzilishi.
Aglaonema – zaharli xonaki o‘simlik. U alkaloid aroindan tarkib topgan. Unga qo‘l bilan tegilganda terida qizib lovullash, qichishishni sezish mumkin. Bu o‘simlikning sharbati og‘iz shilliq pardalariga, ichki a’zolarga tushganda ko‘ngil aynishi, tomir tortishishi, yurak urishining o‘zgarishi va markaziy asab tizimining shikastlanishi kuzatiladi. Aglaonema qanday bo‘lsa go‘zal kaladium ham xuddi shunday salbiy ta’sirga ega. Shuningdek, sutchoy oilasiga mansub xona gullarini o‘stirishda ham ehtiyot chora-tadbirlarini qo‘llash kerak.
Puansetiya yoki sutchoy – bu gul juda go‘zal. Gullab turgan o‘simlikning yorqin rangli bargini bolalar uzib, undan ajralib chiqayotgan sutli shirasini tatib ko‘rishadi. Natijada ko‘ngil aynishi, diareya, titrash, badan uvishishi, uyquchanlik paydo bo‘ladi. Barcha fikuslar sutsimon shira ajratib chiqaradi. Bu o‘simlik sutining tarkibida furokumarin bor. U teri qoplamiga tushsa kuydiradi. Ssindapsus teriga tegsa uni yallig‘lantiradi.
Yashil baxmalgul – chirmovuqqa o‘xshab o‘sadigan doimo yashil tusda turadigan zaharli xona gulidir. Undan zaharlanganda kishida alahsirash va yurak to‘xtab qolishi kuzatiladi.
Rododendron simsa o‘simligi ham zaharlidir. U mushaklar tirishishini yuzaga keltiradi.
Fors siklomenining ildizi va urug‘i, ayniqsa, zaharlidir.
Adenium yo‘g‘on (semiz) o‘simlik bo‘lib, qadimda jangchi va ovchilar uning zaharli sutsimon shirasidan nayzaning uchini zaharlashda foydalanishgan.
Anorgul o‘simligining faqat mevasi yeyishga yaroqli. Uning qolgan qismi zaharlidir. Undan zaharlanganda quyidagi alomatlar kuzatiladi. Ya’ni, me’dadan qon ketish va kollaps (bexosdan hushdan ketish) yuz beradi.
Oddiy oleandr – bu xonaki o‘simlikdan zaharlanganda nafasning to‘xtab qolishi kuzatiladi.
Passifloraning zaharli shirasi insonni falajlaydi.
Klivining zaharli bargi teriga tegsa kollapsni keltirib chiqaradi. Amarillislar oilasiga mansub xonaki gullarning piyozli ildizi, poyasi zaharlidir. Qadimda uning piyozi shirasi bilan nayzalarni zaharlashgan. Shuningdek, o‘simlikning hamma qismi zaharlidir.
Hashamdor gloriozlardan zaharlanganda kishida talvasa va nafas olishning to‘xtashi kuzatiladi. So‘nggi vaqtlarda xonaki gul yetishtirishda ommalashgan katarantus yil davomida gullashi mumkin. Bu bebaho dorivor o‘simlikdan saratonga qarshi dori vositasi ishlab chiqariladi. Lekin uning azotli organik birikmalari (alkoloidlari) zaharlidir va sog‘liqqa ziyon yetkazishi mumkin.
Begoniyalar zaharli ham bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga ularning mutlaqo xavfsiz turlari ham mavjud. Ba’zi bir mamlakatlarda begoniya oziq-ovqat tayyorlashda ishlatiladi. Yaxshisi sinab ko‘rmagan ma’qul! Yangi navdagi, notanish gul o‘stirishdan avval uni yetishtirish va parvarishlashdan tashqari bu o‘simlikning biologik o‘ziga xosligi bilan tanishing.
O‘simliklar bilan ishlashda maxsus qo‘lqopdan foydalaning. Asboblarni alohida ajratib qo‘ying(pichoq, qaychi) va o‘simliklar bilan ishlaganda ularning zaharli barglarini qirqqan pichog‘ingizda oila a’zolaringizdan hech biri oziq-ovqat mahsulotlarini kesmasin. Zero, xonaki gullar sizni nafaqat bahri dilingizni ochishi, balki salomatligingizga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmog‘i lozim.
Gulnoza EGAMBERDIYEVA tayyorladi.