VATANGA MUHABBAT RUHIDA
Jizzax shahridagi 22-umumta’lim maktabida Vatan himoyachilari kuni oldidan “Vatanni mard va jasur o‘g‘lonlar qo‘riqlaydi” mavzuida o‘tkazilgan tadbir yuqori sinf o‘quvchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbir har bir ishtirokchining mavzuga doir tushunchasini erkin ifodalash uchun savol-javob asosida olib borildi. “Vatan” tushunchasini ular o‘zlari yashab turgan ko‘cha, mahalla, o‘quv dargohi, do‘stlari, ota-ona va ustozlari kabi qadrli, e’zozli ekanligini ta’kidlab o‘tishdi.
– Vatanga muhabbat bola tarbiyasidan boshlanadi va vaqt o‘tishi bilan unda vatanparvarlik tuyg‘usi shakllanib boradi, – deydi Muhammad Islomov. – Ma’naviy yetuk va barkamol bo‘lmog‘imiz uchun o‘qib-o‘rganib, izlanmog‘imiz lozim.
Tadbir davomida o‘quvchilardan To‘lqin Nurullayev va Nurmuhammad Pardayev shaharning Alisher Navoiy nomidagi mahallada istiqomat qiluvchi el e’zozidagi mehnat faxriylari, baynalmilalchi jangchilar hamda ota-bobolarimizning Vatan himoyasi va chegaramiz dahlsizligi uchun ko‘rsatgan jasoratlari haqida maroq bilan hikoya qilishdi. Shuningdek, yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Vatan tuyg‘usi” mavzusidagi tadbir ham mehmonlarda ijobiy taassurot qoldirdi. O‘quvchilar o‘qish, ko‘pchilikka naf keltirish, chegaralar dahlsizligini ta’minlash, tabiat muhofazasi – bu Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbat va vatanparvarlik belgisi ekanligini chuqurroq angladilar.
Tadbir davomida yuqori sinf o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan fotoalbom, devoriy gazetalar, buklet va shu kabi ko‘rgazmalar yig‘ilganlarda qiziqish uyg‘otdi. Bayram tadbirlari so‘nggida faol ishtirok etgan o‘quvchilar rag‘batlantirildi va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Mamanazar O‘ROZBOQOV,
Jizzax shahridagi 22-umumta’lim maktab o‘qituvchisi