IMKONIYAT, ISTE’DOD VA E’TIROF

Yurtimizda iqtidorli yoshlarning o‘z iste’dod va salohiyatini to‘laqonli namoyon etishi uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buning samarasida yoshlarimiz ko‘plab nufuzli xalqaro tanlov va festivallarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, O‘zbekiston zamini hamisha iste’dodlarga boy ekanini namoyish etmoqda. Andijonlik Dilfuza Shokirova ana shunday iqtidorli yoshlardan biridir.

Joriy yilning 20-24-mart kunlari Rossiya Federatsiyasining Sochi shahrida “Chernogorskiy olimp” V an’anaviy xalqaro san’at festivali bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatimizning umidli vakillaridan biri Jalaquduq tumanidagi 5-umumta’lim maktabining 6-sinf hamda 18-son bolalar musiqa va san’at maktabining estrada yo‘nalishi 2-sinf o‘quvchisi Dilfuzaxon Shokirova ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Jahonning yigirmadan ortiq mamlakatidan yetti yuzga yaqin yoshlar qatnashgan festivalda Dilfuza milliy qo‘shiqlarimizdan “Dilxiroj” hamda rus tilidagi “Детство – это я ты” (“Bolalik – bu sen va men”) va “Птица счастя” (“Omad qushi”) qo‘shiqlari mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi va birinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.

Uning bunday natijaga erishishida ustozi estrada sinfi o‘qituvchisi Radim Buranovning mehnati beqiyos.

– Ko‘rik-tanlovlarda ilk bor ishtirok etishim. Shunday bo‘lsada Xalqaro festivalda ona Vatanimiz – O‘zbekiston nomini ulug‘lash men uchun ulkan baxt, – deydi Dilfuza Shokirova. – Dunyoning turli burchaklaridan kelgan tengdoshlarimga yurtimizda yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida gapirganimda ular menga havas bilan qarashdi. Shunday yurt farzandi ekanimdan faxrlandim. Men va men kabi ko‘plab yoshlarning san’at bilan shug‘ullanishi, o‘z iqtidorini to‘la namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berayotgan Prezidentimizga minnatdorlik bildiraman. Va bundan keyin ham tinimsiz izlanib, o‘zbek san’ati dovrug‘ini yanada ko‘tarishga astoydil harakat qilaman.

Umidjon MAMARASULOV,

Andijon viloyati

Яна ўқинг:  ҚУЧОҒИНГ ЗАВҚҚА ТЎЛА, ЖОНАЖОН МАКТАБ

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: