Tez tibbiy yordam shifokori mas’uliyati: mashaqqat va muvaffaqiyatlar

Allo, zudlik bilan tez yordam jo‘nating, otamning ahvoli og‘irlashib qoldi.

Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga bu kabi qo‘ng‘iroqlar tez-tez bo‘lib turadi. Issiq jonning istmasi bor, bunday vaziyatlarda nima qilish lozimligini yaxshi biladigan shifokor Shuhrat Sirojiddinov zudlik bilan yordamga oshiqdi.

Bemorni ko‘zdan kechirar ekan, otaxonda o‘tkir yurak yetishmovchiligi sabab, o‘pka shishuvi boshlanganini payqagan shifokor bemorga birinchi yordamni ko‘rsatgach, zudlik bilan shifoxonaga olib borish lozimligini aytadi. Ammo, bemor qaysarlik qilib shifoxonaga borishni istamadi. Shu sabab shifokor darhol muolajalarni boshlab yuboradi. Tez tibbiy yordam bemorning ahvoli yaxshilanmagunicha xonadonni tark etmaydi. Hayriyatki, ko‘ngilsizliklar ortda qoldi. Ko‘p o‘tmay otaxonning ahvoli yaxshilanib, o‘ziga keldi. Xavf bartaraf etilgach, Shuhrat aka kerakli tavsiyalarni berib, tarbiyalagan ota-onasi haqiga duolar va minnatdorlik so‘zlarini eshitib, xush kayfiyatda o‘z ishiga qaytadi.

– Bemor hayotini saqlab qolish bizlar uchun eng katta mukofot, kunimizning xayrli o‘tishiga sabab bo‘ladigan voqea hisoblanadi, – deydi Shuhrat Sirojiddinov. Ko‘plab insonlarning dardini yengillashishiga sabab bo‘lgan qahramonimiz 2003 yildan buyon Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani tez tibbiy yordam bo‘limida faoliyat olib boradi.

Shuhrat aka har safar mas’uliyat bilan ish faoliyatini boshlar ekan, o‘ziga ishonchi yanada kuchayadi. Bunda esa unga har tong ota-onasidan “kuning xayrli o‘tsin, ishingga eson-omon borib kel”, degan duolari chinakam madad bo‘ladi.

– O‘z sohamni ekstremal deb hisoblayman. Kasbdoshlarimizdan har qanday vaziyatga 24 soat davomida ham ruhan, ham jismonan tayyor turish talab etiladi.

Kunlik ish jarayonida 25-30 ta chaqiruv tushadi: “bola arg‘imchoqdan yiqilib tushgan”, “keksa onaxonning yuragi ushlab qoldi”, “jiddiy avtohalokat ro‘y berib, bir necha odam qattiq jarohatlangan”… Afsuski, mana shunga o‘xshash vaziyatlar tez-tez sodir bo‘lib turadi. Aksari hollarda bemorlarning og‘ir ahvolda bo‘lishi yoki hayotiga, salomatligiga xavf soluvchi holatlar kuzatilishi bizdan yuksak bilim va tajriba talab etadi. Chunki, shunday vaziyatda birinchi malakali tez tibbiy yordam ko‘rsatish bemor hayotini saqlab qolishda eng muhim o‘rin tutadi.

Ming shukurki, hozirda shoshilinch tez tibbiy yordam tizimidagi amalga oshirilayotgan katta o‘zgarishlar, moddiy texnik bazaning to‘liq yangilanishi, tumanimiz miqyosida ham bemorlarga shifoxonagacha bo‘lgan shoshilinch tez tibbiy yordamni xalqaro andozalar bo‘yicha ko‘rsatishga imkon bermoqda, – deya fikr bildiradi Shuhrat aka.

Yana o‘qing:  ILG‘OR G‘OYa VA ISHLANMALAR – TARAQQIYOT OMILI

Darhaqiqat, Prezidentimizning 2009 yil 21 mayda qabul qilingan “Tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning izchilligini ta’minlashda dasturilamal bo‘lmoqda. Eng muhimi, shoshilinch tibbiy yordam xizmati muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tizimning transport parkini boyitish hamda soha mutaxassislari malakasini oshirish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar kechiktirib bo‘lmaydigan vaziyatlarda ko‘plab insonlarning hayotini saqlab qolish imkonini bermoqda. Shuningdek, tibbiyot xodimlari bilim va tajribasini yanada oshirish hamda namunali xodimlarni munosib rag‘batlantirish maqsadida “Eng namunali tez tibbiy yordam stansiyasi”, “Tez tibbiy yordam stansiyasining eng malakali shifokori”, “Tez tibbiy yordam stansiyasining eng intizomli haydovchisi” nominatsiyalari bo‘yicha o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovlar esa bu soha rivoji hamda mutaxassislar faoliyatida sezilarli o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda.

Bu gal ham qizg‘in bellashuvlarga boy tarzda o‘tkazilgan tanlovning respublika bosqichida ishtirok etgan Shuhrat aka Sirojiddinov ham o‘zi faoliyat olib borayotgan maskan sha’nini munosib himoya qila oldi.

– Yaqinda bo‘lib o‘tgan “Eng malakali tez tibbiy yordam stansiyasining shifokori” respublika ko‘rik-tanlovi hayotimdagi eng unutilmas voqealardan biri bo‘ldi. Minglab hamkasblarim orasida final bosqichida g‘olib, deb topilishimni, ochig‘i, kutmagandim.

Yana bir bor amin bo‘ldimki, sidqidildan mehnat qilgan kishi qadr topmasdan qolmas ekan. Hammasidan ota-onamning, hamkasblarimning ko‘zlaridagi quvonch yoshlari menga o‘zgacha tasir qildi. Bu nafaqat mening yutug‘im, qolaversa, jamoadoshlarim hamda tibbiyot birlashmasining yutug‘i hamdir. Inson salomatligi, uning hayoti eng ustuvor yo‘nalish deb belgilangan shunday yurtda yashab, xizmat qilayotganimdan faxrlanaman, – deydi samimiyat bilan Shuhrat aka.

Chindan ham shifotalab bemorlar uchun najotbaxsh insonlar bo‘lgan shifokorlarning mehatini har qancha qadrlasak arziydi. Zero, bu kasb fidoyilari kechayu kunduz xalq xizmatida. Ularning fidoyi mehnatlari bois insonlar umriga umr, sog‘ligiga sog‘liq qo‘shiladi.

Mayna HASANOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri.

Farg‘ona viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: