GO‘DAKDAGI BEZOVTALIK SABABLARI
Chaqalog‘ingiz nega yig‘lamoqda?
Chaqaloq o‘zining arzu holini faqat yig‘i bilan bayon qiladi. Uning qanday yig‘layotganiga qarab farzandingiz nimani xohlayotganini Siz ham sekin-asta o‘rganib, tushunib borasiz.
Farzandingizni ziyraklik bilan kuzatsangiz, uning yig‘isi sababini darhol ilg‘ab olasiz. Ba’zan esa tajribasizligingiz tufayli uning yig‘isidan xunob bo‘lasiz. Xo‘sh, go‘daklar nima uchun yig‘laydi?
U juda ham isib ketsa yoki sovuq qotsa, tagi ho‘l bo‘lsa, tanasiga biror narsa botsa yoki hasharot chaqsa, o‘ta chanqasa yig‘laydi. Bu holatni farzandingizning katta liqqildog‘i chuqurlashganidan, terisi juda quruqligidan, ichi qotishga va kam kelishga moyilligidan bilishingiz mumkin.
Yana mittivoy qorni och yoki dam bo‘lsa, ham bezovta bo‘ladi. U peshob chiqarganda yig‘lasa, peshob-tanosil a’zolari yallig‘langan deb taxmin qilish mumkin. Qulog‘i og‘risa va ba’zan go‘dak uzoq vaqt chalqancha yotishi sababli kuraklari “yopishib” ketganidan yig‘laydi. Bunda go‘dagingizning qo‘ltig‘idan ko‘tarsangiz, og‘riq sababli “nola qiladi”. Shuning uchun chaqalog‘ingizni har kuni kurak sohasini yengil uqalab turing.
Ba’zi chaqaloqlar hayotining dastlabki haftalarida ko‘p “ingraydi”. Ayniqsa, shomdan so‘ng bunday betoqatlik ko‘p kuzatiladi. Agar uning ishtahasi yaxshi, vazni oshayotgan bo‘lsa, unda xavotirlanmang. Bu holat faqat chilla davriga xos bo‘lib, ko‘p uchraydi. Farzandingizni bag‘ringizga bosib, orqasini ohista silab, u yoq, bu yoqqa yuring, yoki go‘dakni qo‘lingizda tebrating. Bu, albatta, foyda beradi. Ammo chilla davri tugagandan keyin ham shomdan so‘ng bola yig‘lasa, bu normal holat emas, uni albatta pediatr va bolalar nevropatologiga ko‘rsatish kerak.
Farzandingiz besabab bezovtalik bilan boshini orqaga tashlab yig‘lasa uning bosh miya faoliyatidagi o‘zgarish bo‘lishi mumkin.
Agar go‘dak to‘satdan, qattiq chinqirib yig‘lasa, uncha-muncha narsaga ovunmasa, bu yig‘i tunda kuzatilsa albatta nevropatologga murojaat qiling.
Feruza G‘AFFOROVA,
Toshkent Vrachlar malakasini oshirish instituti “Pediatriya” kafedrasi dotsenti,
tibbiyot fanlari nomzodi