TOZALIK – SOG‘LOM HAYOT GAROVI
Mikroblar tarqalishining oldini olish (profilaktikasi) avvalo shaxsiy gigiyena va xonadon gigiyenasi qoidalariga amal qilishni talab qiladi. Bu esa salomatlik garovidir.
Gigiyena qoidalariga doimiy rioya qilib borish oilangizni turli kasalliklardan himoya qilishning eng yaxshi usuli hisoblanadi. Go‘daklar va katta yoshdagi kishilarning turli xastaliklar bilan og‘rishining asosiy sababi mikroblar bilan zararlangan ovqatni yeyish va qaynatilmagan suvni iste’mol qilishlaridir. Natijada ich terlama, gepatit(sariq xastaligi), qichima, gijja va boshqa yuqumli kasalliklarga duchor bo‘lish mumkin. Gigiyenaga rioya qilish orqali xonadonlarda yuqumli kasalliklar tarqalishining oldi olinib, ularni jamoat joylarida va tibbiyot maskanlarida keng tarqalishining kamayishiga erishiladi. Avvalambor har bir insonda shaxsiy gigiyena ko‘nikmalari shakllangan bo‘lishi lozim.
Shaxsiy gigiyena
Bu kishining ishlab chiqarish va ro‘zg‘ordagi xulq-atvorining gigiyenik qoidalari majmuidir. Shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish inson salomatligini saqlash va mustahkamlashga ko‘maklashadi.
Shaxsiy gigiyena qoidalari kun tartibi, mehnat qilish, dam olish tartibi, badanni chiniqtirish, og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasi, soch gigiyenasi, teri gigiyenasi, xonadon gigiyenasi, qo‘l gigiyenasi, kiyim – kechak va turar joy gigiyenasini o‘z ichiga oladi.
Tozalikka rioya qilmaslik bir qancha yuqumli kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.
Badan gigiyenasi
Shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, shuningdek, toza suvda sovun bilan tez-tez cho‘milib turish yordamida ko‘pgina kasalliklarning oldini olish mumkin. Teri toza bo‘lishi uchun imkoniyat darajasida har kuni dush qabul qilish lozim. Haftada bir marta hammomda cho‘milish kerak. 10 kunda bir marta saunada yuvinish lozim. Bu teridagi har xil bakteriya, mikroblarni bartaraf etadi.
Og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasi
Bu shaxsiy gigiyenaning tarkibiy qismlaridan biri. Og‘iz bo‘shlig‘ida milklar yoki og‘iz shilliq pardalari yallig‘lanishi, tish kasalliklari mavjud bo‘lsa, infeksiya burun bo‘shlig‘iga, bodomsimon bezlar va tananing boshqa qismlariga ham oson tarqaladi. Shu bois og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasiga rioya etish butun tanani salomat saqlashga yordam beradi.
Tishlar gigiyenasi
Tishni toza tutish, uni doimo turli xil tish pasta, kukunlar bilan tish cho‘tkasi yordamida kunda ikki marta tozalash lozim. Ertalabki nonushtadan va kechqurungi ovqatlanishdan so‘ng tishlarni yuvish milklarni mustahkamlashning muhim vositasidir. Har gal ovqatlanishdan so‘ng tishlaringizni iliq suv bilan chayib, tish oralarida qolgan ovqat qoldiqlaridan albatta tozalang. Agar shunday qilinmasa, ovqat qoldiqlari chirib, og‘zingizdan badbo‘y hid kela boshlaydi. Agar milk va tanglay tozaligiga jiddiy e’tibor berilmasa, turli xil tish, milk kasalliklariga chalinish mumkin.
Qo‘llar gigiyenasi
Qo‘lni to‘g‘ri yuvish ko‘p bakteriyalarni yo‘qotadi va mikroblarni tarqalish xavfini kamaytiradi. Sovun bilan qo‘llar yuvilganda ular 98 foizgacha toza bo‘ladi. Shuning uchun qo‘llarni doimo sovunlab yuvish lozim. Qo‘llarni yuvishda albatta sovundan foydalanish kerak. Ularni muntazam yuvish quyidagi hollarda amalga oshirilishi shart:
Hojatxonadan chiqqandan so‘ng, ovqat tayyorlash va ovqatlanishdan oldin, hayvonlarni parvarish qilgandan, bemorni ko‘rishdan oldin hamda undan keyin, sayrdan so‘ng, har qanday yumushni bajargandan keyin.
Qo‘l yuvish qoidalari
Qo‘llarni quyidagicha to‘g‘ri yuvish mumkin:
Sovun va suv yoki spirtli qo‘l yuvish vositasi yordamida qo‘l panjalari va bilaklarning barcha qismlarini ishqalab yuving. Qo‘llarni 15 soniya yoki undan ortiq vaqt davomida yuvish lozim. Barmoq uchlari va oralari, bosh barmoqlar tashqi tomoni va qo‘l panjasining boshlanish qismlarini sinchkovlik bilan yuving. Tirnoqlaringizni kalta qilib oling. Infeksiyalangan jismlarni ushlash xavfi bo‘lgan hollarda bilaklarni tirsakkacha yuving.
Soat, uzuk bilakuzuklarni qo‘llaringizdan yechib qo‘ying. Sun’iy tirnoqlardan foydalanmang. Qo‘l yuvishdan oldin yenglaringizni shimaring, ularni yuvish davomida kiyimlaringiz ho‘l bo‘lmasligining oldini oling. Qatlam-qatlam bo‘lib ko‘chadigan lakdan foydalanmang. Tirnoqlarni iloji boricha kaltaroq qilib olib tashlash zarur. Ularni sovunlab yuvish muhimdir. Chunki, gijja tuxumlari va mikroblar aynan tirnoqlar ostida yashaydi. Bir so‘z bilan aytganda tozalik nafaqat salomatlik, balki uzoq umr garovi hamdir.
Dilafro‘z ABZALOVA,
Respublika o‘rta tibbiyot va dorishunos xodimlar malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi o‘qituvchisi