MA’RIFATGA ChORLOVCHI MASKAN

“Bolaga e’tibor bo‘lajak onaga e’tibor qaratishdan boshlanishi kerak. Chunki, homilador ayolning ruhiy-fiziologik holati, barcha his-tuyg‘ulari, kayfiyati ona vujudi orqali bolaga o‘tadi. Bundan xulosa shuki, bolani e’zozlash uchun avvalo onani e’zozlash kerak”.

Islom KARIMOV

Navbahor ayyomi nazokati-yu malohatining ilk darakchisi – boychechak. U yangi hayotni, yangilanishni ko‘z-ko‘z qilib, qir adirlarda ildiz yoradi. Momolar uni ko‘zlariga surtib, shukuronalik bildirishadi.

Toshkent shahrida esa Navro‘zning ajib guli, najib chechagi beg‘ubor bolakayning ko‘ziday porlab turgan binafshalardir. Ezgu tashabbuslar, yangi g‘oyalarning uyg‘onishi, sevinchli xabarlar bahor binafshalariga o‘xshaydi. Biz jurnalistlar yangilikning sehrli tabassumiga o‘ch bo‘lamiz. Boychechakni ko‘ziga surgan momodek sir va sehrga to‘la yangiliklarga intilamiz. Toshkent – mamlakatimizning yuragi, neki go‘zallik, tashabbus, yangilik bo‘lsa avvalo, poytaxtda tug‘iladi, so‘ngra bu safoli havolar irmoq jilosidek mamlakatimizning uzoq-uzoq qishloqlarigacha yetib boradi. Ana shunday yangiliklardan biri mahallalar qoshida tashkil etilayotgan ayollar maslahatxonasidir. Yaqinda poytaxtimiz mahallalarida tashkil etilgan ana shunday ma’naviyat maskanlarida bo‘ldik.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: xo‘sh, ayollar maslahatxonasi qanday vazifalarni o‘z zimmasiga oladi?

Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida respublikamizda qonuniylik va qonun ustuvorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi: “Aholini qabul qilinayotgan qonunlarning maqsadi, mazmun-mohiyatidan keng xabardor etib borish mamlakatimizda qonuniylikni, huquq-tartibotni mustahkamlashga xizmat qilgan bo‘lur edi”. Yana ta’kidladilarki, “Jamiyatda qonuniylik, qonun ustuvorligini to‘liq ta’minlashning eng muhim shartlaridan biri – bu odamlarning qonunga hurmat ruhida tarbiyalash, ularni shu ruhda kamol toptirish, fuqarolarning qonunning puxta bilishi, yuksak huquqiy ong va madaniyatga ega bo‘lishidan iborat”. Maslahatxonaning birinchi yo‘nalishi ana shu vazifaga munosib hissa qo‘shishdan iborat. Shuning uchun ham huquqshunos aholiga beminnat xizmat ko‘rsatadi.

Sog‘lom bola sog‘lom va ahil oilaning mevasi bo‘lib, faqatgina sog‘lom onadan sog‘lom bola tug‘iladi. Demak, maslahatxonaning ikkinchi yo‘nalishi “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” davlat siyosatini umumxalq harakatiga aylantirish ishiga munosib xizmat qilishdir. Shuning uchun u yerda shifokor muntazam faoliyat olib boradi.

Yurtboshimiz ma’ruzalarida “Bolaga e’tibor bo‘lajak onaga e’tibor qaratishdan boshlanishi kerak. Chunki, homilador ayolning ruhiy-fiziologik holati, barcha his-tuyg‘ulari, kayfiyati ona vujudi orqali bolaga o‘tadi. Bundan xulosa shuki, bolani e’zozlash uchun avvalo onani e’zozlash kerak”, deya ta’kidlaydilar. Bu maslahatxonaning uchinchi yo‘nalishi bo‘lib, maslahatxona psixologi ayollarning ruhiyati bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etadi, murakkab vaziyatlarda ko‘maklashadi.

Yana o‘qing:  E’tiborga munosib zafarlar

Huquqshunos, vrach va ruhshunos huzuriga xotin-qizlar istagan paytida suhbatga borishi, tegishli maslahatlar olishi mumkin. Ushbu ma’rifat bulog‘i uy bekalariga ham qulaylik ham imtiyoz bo‘lib, mahalladoshlarning ahilligi, yakdilligi, tinchligini ta’minlaydi.

Ilk tanishuvimizni “Chorbog‘” mahallasi binosida joylashgan Olmazor tuman ayollar maslahatxonasidan boshladik. Mahalla binosi zamonaviy loyiha asosida bunyod, yangi qurilgan Nurafshon ko‘chasining ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi. Mahalladan chiqib atrofga nazar tashlasangiz Nurafshon ko‘chasining zamonaviy me’moriy uslubi ko‘zni qamashtiradi. Mazkur ko‘cha o‘rnida uch-to‘rt yil burun pastqam, eski turar joylar mavjud edi. Qisqa davrda uning qiyofasi tubdan o‘zgardi, bir-biriga uyg‘un namunali uy-joylar qurildi. Bu yerda bunyodkorlik davom etyapti.

– Bu yerda bir-biriga mingashib ketgan eski uylar, tor ko‘chalar bor edi. Endi

ko‘rib turibsiz, ertalab uy bekalari bolalari bilan sayr qilish uchun keng va ravon yo‘laklar bunyod etildi. Mahalla kengashi joylashgan bino zamonaviy, militsiya tayanch punkti ham yonida. Shuning uchun maslahatxona ham shu yerda tashkil qilindi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Toshkent shahar bo‘limi bosh mutaxassisi Omilaxon Aripova.

Hamrohlarim Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Farida Yo‘ldosheva, Respublikada xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Yarasheva, Olmazar tuman hokimi o‘rinbosari, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Muqaddamxon Rasulova, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Gulnora Mahkamova ma’naviyat-ma’rifat maskanida yig‘ilgan uy bekalariga mamlakatimizda bo‘layotgan iqtisodiy-ijtimoiy o‘zgarishlar haqida gapirib berdi.

– Mahallalarning saranjom sarishtaligi, ozodaligi, go‘zalligi, obodligi, tinchligini ta’minlab, supirib-sidirib samimiy qo‘shnichilikni yo‘lga qo‘yib o‘tirgan ushbu ayollarni qancha ardoqlasak oz, – ta’kidlaydi O. Aripova. – Ana shunday maslahatxona Toshkent shahrida endi tashkil etildi. Bu jarayon keng miqyosda davom ettirilishi rejalashtirilgan.

Shayxontohur tumani Ayollar maslahatxonasi “Samarqand darvoza” mahallasida joylashgan. Ayni damda bu yerda Dilbarxon Ahmedova rahbarlik qilmoqda. Bayram avvalida mazkur ma’rifat maskanida nafaqat shayxontohurlik, balki, qo‘shni tumanlardan ham xotin-qizlar taklif qilindi.

– Uyining yonida maslahatxona borligi, uy bekalariga, ularning bolalariga shifokor, huquqshunos va ruhshunos bepul hamda beminnat yaqindan yordam berayotgani ayollarning, bolalarimizning baxtidir. Bu yerdagi turli tadbirlarga bizning kayvoni otinoyilar ham faol qatnashadi, – deydi Shayxontohur tuman otinoyisi Feruza Sulaymonova.

Yana o‘qing:  Odamning tafti

Maslahatxona qoshida to‘garaklarda yosh onalarga alla aytish sirlari ham o‘rgatiladi. Unga tumanning faol onaxonlari jalb etilgan. Maslahatxona bilan tanishib chiqayotib, “Shikoyat va takliflar” daftariga ko‘zim tushdi. Sergeli tumanida yashovchi Soraxon Tursunovaning dil so‘zlarini o‘qidim: Men bu yerga kelguncha o‘zimni jamiyatdan ajralib qolgandek his qilardim. Maslahatxonadagi to‘garaklar va mashg‘ulotlarga qatnab bilimimni yuksaltirish bilan birga, dilkash do‘stlar, ustozlar ham topdim, maqsad va niyat bilan yashashga o‘rgandim. Bilim va tajribasini ayollar baxti yo‘liga bag‘ishlagan kishilarga o‘z minnatdorligimni bildiraman”. Bunday samimiy so‘zlar, ta’sirchan satrlar, fikr-mulohazalar, dil so‘zlari daftarchada bisyor edi.

Maslahatxonaning mo‘jazgina zalida Navro‘z ayyomi munosabati bilan she’rxonlik, ma’rifat soatlari o‘tkazildi. Uni kuzatar ekanman, xalqimizning buyuk allomasi Alisher Navoiyning onasi qatnashgan, bo‘lajak buyuk shoir sevib tinglagan ma’rifiy yig‘inlar ko‘z oldimda namoyon bo‘ldi. Mashhur kishilar, san’atkorlar bilan birga mahalla ahli aytgan kuy-qo‘shiqlar, allalar tadbirga xalqona ruh baxsh etdi. Mo‘jazgina zal go‘yo bahorda zilol suvlari toshlardan-toshlarga sakrab, shovqin solib oqayotgan sho‘x ohanglarga to‘ldi. Tadbirga tuman hokimi ishtirok etib, yig‘ilganlarni bayram bilan qutlab, mahallalarning obodligi-yu sarishtaligiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan uy bekalariga minnatdorchiligini bildirdi. Mahallalarning faol ayollariga hokimiyatning faxriy yorliqlari topshirildi va tadbir ishtirokchilariga sovg‘alar ulashildi.

Yana bir ayollar maslahatxonasi tashkil etilgan Uchtepa tuman “Shopoyoz bog‘i” mahallasida ham Xotin-qizlar bayrami munosabati bilan mashhur sana’atkorlar xotin-qizlar xizmatida bo‘ldi. Tuman hokimi ularni bayram bilan qutladi va mahallaning faol ayollari-uy bekalariga faxriy yorliqlar toshirdi.

– Tumanda oltmishta mahalla bor. Har bir mahallaning o‘z otinoyisi bor. Mahalla marosimlarida ular faol qatnashadilar. Shuning uchun bu maslahatxona haftada ikki marta otinoyilarning o‘qishini tashkil etdi. Toshkent islom universiteti o‘qituvchi va olimlari kelib dars berishadi, – deydi Omilaxon.

Maslahatxonalarning qimmatli tomoni shundaki, yurtimiz tinchligi, elimiz odamlarining el ishiga kamarbastaligini ta’minlashga, uy bekalarining jamiyatga faol aralashishiga munosib hissa qo‘shayapti.

Ra’no ZARIPOVA,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: