USTOZLAR TAJRIBA ALMASHDI
Yaqinda umumta’lim maktabimizda fizika fani bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi. Tadbirda Andijon viloyati, Qo‘rg‘ontepa tuman XTMFMTTE bo‘limiga qarashli 52 ta ta’lim maskani fizika fani o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Dastlab o‘qituvchilar maktab hayoti va ta’lim sohasidagi qilingan ishlar yuzasidan tayyorlangan ko‘rgazma namoyishi bilan yaqindan tanishdilar. So‘ngra 6-sinflarda “Jismlarning issiqlikdan kengayishi” mavzusida o‘tkazilgan ochiq darslarni kuzatib, o‘quvchilarning fizika fanini qanchalik chuqur bilishlarini baholab bordilar. Ayniqsa, “fizika va lirika” nomli tadbir dasturi ustozlarda katta taassurot qoldirdi.
– Bugungi kun o‘qituvchidan doimo o‘qib-o‘rganish, o‘z ustida tinimsiz izlanishni talab etadi, – deydi tumandagi 1-umumta’lim maktabi fizika fani o‘qituvchisi Umida Ahmadjonova. – Quvonarlisi, bu tadbirda ishtirok etish orqali, biz o‘qituvchilar yangi innovatsion texnologiyalar, pedogogik usullar va fanga doir eng so‘nggi yangiliklar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldik. O‘ylaymanki, bu yerda to‘plagan tajribalarimiz kelgusida bizga asqotadi.
Tadbirdan so‘ng o‘qituvchilar bu kabi seminar-treninglarni tez-tez tashkil etishga kelishib oldilar.
Dildoraxon FOZILOVA,
Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 25-umumta’lim maktab o‘qituvchisi