SARIMSOQ – TABIIY ANTISEPTIK VOSITA

Erta bahor. “Ilik uzildi” pallasi deydi xalqimiz bu davrni. Turli xil kasalliklar tez yopishadigan palla. Bu davrda tabiiy antiseptik ne’matlardan foydalanish koni foyda. Sarimsoq ko‘pgina mikroblarga qarshi antiseptik vosita hisoblanadi va immunitetni ko‘taradi.

Bizgacha yetib kelgan adabiyotlarga ko‘ra 4 ming yildan beri sarimsoqdan insoniyat foydalanib kelmoqda. Sarimsoqning vatani O‘rta Osiyo, Tyan-shan tog‘ tizmalari, Eron, Arabiston, Hindiston hisoblanadi. Misrliklar sarimsoqni juda qadrlashgan. Chunki, ular 4 ming yil avval sarimsoq bilan ko‘pgina xastaliklarni davolashgan. Firavnlar piramida qurilishida ishlayotgan ishchilarni turfa kasalliklardan asrash uchun sarimsoq berishni buyurishgan. Qadimgi Xitoy tabobatida yozilishicha vabo, qora o‘lat, ich terlama dardlarining oldini olish maqsadida sarimsoqdan keng foydalanilgan.

Abu Ali ibn Sino sarimsoqni xom yoki pishirilganini quymich asab tolasi, o‘pka, yuqori nafas yo‘llari yallig‘langanda, me’da-ichak xastaliklarida, peshob haydashda va gijjalarni tushirishda ishlatishni tavsiya qilgan. Tish og‘rig‘ida og‘riq qoldiruvchi malham sifatida undan foydalangan. Shuningdek, ilon va boshqa zaharli jonzotlar chaqqanida iste’mol qilishni buyurgan hamda zahalangan joyga malham sifatida maydalab bog‘lashni tavsiya qilgan.

Zamonaviy ilmiy tabobatda sarimsoqdan olingan bir qator dorilar ishlatilmoqda. Ayniqsa, rak va uning boshlang‘ich davrida shuningdek, teri shilliq qavatlarida uchraydigan turlarini davolashda ijobiy natijalar bermoqda.

Sarimsoqning tarkibida fitosterinlar, fitonsidlar, S, V1, V2, V6 vitaminlari, organik kislotalar, polisaxaridlardan inulin, efir moylari, makro va mikrounsurlar borligi uchun u qon tomirlarini kengaytiradi. Qon bosimini tushiradi, yurak maromini me’yorlashtiradi. Peshob ajralishi va ichak harakatini kuchaytiradi. Sarimsoqdagi fitonsidlar mikroblarga, virus va protozoylarga qarshi kuchli omildir. Shuning uchun bu sabzavot yuqumli kasalliklarda, ginekologiya va jarrohlikda keng ko‘lamda ishlatiladi.

Xalq tabobatida sarimsoqdan nafas yo‘li yallig‘langanda, nafas qisishida, lavsha(zangila, singa), bezgak kasalliklarida, qorin dam bo‘lganida, shuningdek, balg‘am ko‘chiruvchi vosita sifatida foydalaniladi. Sarimsoqdan tayyorlangan qaynatmani gijja tushirish hamda tumovga qarshi ichish tavsiya etiladi. O‘pka sili hamda yallig‘lanish bilan bog‘liq bo‘lgan turli kasalliklarda sarimsoqni hidlash ham ijobiy natijalar beradi.

Sevara GAZIBAYEVA,

1-Respublika tibbiyot kolleji “Farmatsiya” kafedrasi mudiri

Yana o‘qing:  Immunitetni oshiruvchi sabzi sharbati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: