SERVITAMIN TAOMNOMA bola immunitetini oshiradi

Immunitetni mustahkamlashda barra va quritilgan meva-sabzavotlarning ahamiyati beqiyos. “Fast-fud” va konservantlardan tarkib topgan yeguliklar esa organizm himoya tizimini quvvatlantirishga qodir emas. Shu bilan birga doim bir xil tarkibdagi taomlarni yeyish ham immunitetni zaiflashtiradi.

Organizmda suyuqlik miqdori yetarlicha bo‘lsa uning himoya tizimi yanada faolo ishlaydi. Agar hazm tizimidagi muammolar, tez-tez gripp, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya)lar, teri toshmalari kuzatilsa, organizm kerakli miqdorda suyuqlik qabul qilmayotganini bildiradi. Shu bois ham ma’danli yoki qaynatib tindirilgan suv, ho‘l va quritilgan mevalardan sharbat tayyorlab ichish lozim. Organizmdagi suyuqlik tanqisligini teri quruqlashib qolishi, lab yorilishidan ham bilish mumkin.

Agar sut-qatiq yetarli miqdorda iste’mol qilinmasa, ichaklardagi chirituvchi bakteriyalar ko‘payib, toksin (zahar)lar yuzaga kelishi mumkin. Sut mahsulotlaridagi foydali bakteriyalar esa toksinlarning ichakka zarar yetkazishi, demakki, immun tizimi zaiflashuvining oldini oladi.

Eng kuchli himoyachilar

Sarimsoq va lavlagi immunitetni ko‘taruvchi eng kuchli yeguliklardir. Ular hatto rivojlanib kelayotgan saraton hujayralarini yo‘q qilish va silning oldini olishga ham qodir.

Antioksidantlar haqida eshitgansiz. Ular turli kasalliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Bu guruhga mansub mahsulotlarning eng foydalisi o‘rmon mevalari, maymunjon, qulupnay, qorag‘atdir. Ular yurak qon-tomir kasalliklariga qarshi immunitet hosil qilishda muhim rol o‘ynaydi. Shu bilan birga brokkoli, sabzi, selderey, gulkaram kabi sabzavotlar ham organizmning himoya tizimini rag‘batlantirishi fanda isbotlangan.

Baliq, karam, pomidor, olma va uning sharbati, yong‘oq, sarimsoqpiyoz immunitetni oshiruvchi kuchli mahsulotlardan hisoblanadi.

Oqsilning ahamiyati

Baliq, go‘sht, tuxum, dukkakli mahsulotlar oqsilga boy bo‘lgani bois taomnomaga kiritilishi kerak. Chunki, oqsil organizmda immun tanachalarini sintezlashga yordam beradi. Faqat go‘sht va baliqdan tayyorlangan taomlarni almashtirib iste’mol qilish maqsadga muvofiqdir. Shunda bolalar organizmi o‘ziga kerakli ozuqani oladi. Loviyali salat va dimlama, moshkichiri, moshxo‘rda kabi milliy taomlarimiz oqsil zahirasini yanada boyitishi aniq.

Nonushta – tanga kuch-quvvatli malham

Keksalarimiz nahorgi bir siqim yong‘oqni mayiz bilan yeyish ming dardga davo, deya bejiz aytishmaydi. Mutaxassislar esa xuddi shu yeguliklarga sariyog‘ni ham qo‘shish kerak, degan fikrda. Negaki, yong‘oq va mayizni go‘sht qiymalagichdan o‘tkazib, keyin uni nonga surtib, ustidan sariyog‘ ham yeyilsa, ushbu mahsulotlarning foydasi ikki hissa oshadi.

Yana o‘qing:  Mijozingizni bilib davolaning

Bolalarga ertalabki nonushtada nonga sariyog‘ va asal surtib berilsa ham quvvat bo‘ladi, ham immunitetni oshiradi.

Bahorgi darmonsizlikda

Bahorgi darmonsizlikda ko‘katlar, meva-sabzavotlar, sut va qatiqni ko‘proq iste’mol qilish zarur. Rediska, sholg‘om va turpni ko‘proq iste’mol qilish kerak. Bu sabzavotlar organizmda moddalar almashinuvini yaxshilaydi, tomirlarda tromb hosil bo‘lishining oldini oladi. Shuningdek, ateroskleroz va semirishdan himoya vositasi hamdir.

Tez-tez gripp, O‘RVIga moyil bolalar va insonlar immun tizimini kuchaytirish uchun ushbu sabzavotlardan tayyorlangan salatlarni ko‘proq iste’mol qilishlari lozim.

Bodring kattayu kichikka birdek foydali. Uning tarkibida xolesterinni kamaytiruvchi moddalar mavjud. Shu bilan birga bu sabzavot tanga quvvat ham bo‘ladi. Umuman yashil rangli sabzavotlar, ko‘katlar qonni kislorodga to‘yintirish xususiyatiga ega. Bundan tashqari ular organizmda azot almashinuvini kuchaytirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Sog‘lom turmush tarzi-hayot tayanchi

Immunitetni mustahkamlash uchun sog‘lom turmush tarzi qoidalariga qat’iy amal qilish kerak. Shuningdek, har kuni badantarbiya mashqlarini bajarish, uyquni yetarli bo‘lishi ham immunitetni kuchaytiradi.

O‘z vaqtida ovqatlanish o‘ta muhim. Nonushta, tushlik, tolma choy va kechki ovqat har kuni bir vaqtga to‘g‘ri kelsa organizmda kechadigan jarayonlarning bari tartibga tushadi. Kechqurun uyqu oldidan bir piyola yog‘siz qatiq ichib yotish esa immunitet faoliyatini yanada kuchaytiradi.

Ko‘p qovurilgan, yog‘li taomlar tanovul qilingudek bo‘lsa, albatta bodring, pomidor, barra ko‘katlardan qo‘shib yegan ma’qul. Shunda hazm a’zolarida muammo kelib chiqmaydi. Ichimliklardan faqatgina qaynagan suv yoki ho‘l mevalardan tayyorlangan sharbatlar foydalidir.

Shuningdek, immunitetni mustahkamlashga xizmat qiladi, deya tavsiya etiladigan vitaminlarni faqat davolovchi shifokor tavsiyasi bilan qabul qilish kerak. Aks holda ushbu dori vositalarini nojo‘ya ta’siridan aziyat chekish mumkin.

Guli ShAYXOVA,

TTA “Bolalar, o‘smirlar va ovqatlanish gigiyenasi” kafedrasi professori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: