Vatan xizmatiga kamarbasta
Sog‘lom ona va bola. Beixtiyor ko‘z o‘ngimizda xushqiliq durkun bolaning qo‘llaridan tutgan va o‘z baxtidan masrur bo‘lgan go‘zal ona siymosi gavdalanadi. Boshi uzra porlagan quyosh, musaffo osmon ularning baxtiga hamohang. Inson manfaati hamisha baland tutilgan tinch va farovon Vatan bu ikki siymoning baxtli turmushiga esh. Har ikkisi tinch va osuda Vatanning beqiyos ramzlariga aylangandek.
Prezidentimiz 2016 yilni – Sog‘lom ona va bola yili deya nomlaganida ko‘z o‘ngimizda bosib o‘tgan yo‘limiz birma-bir jonlana boshladi. Mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining yangi tashkil etilgan Harbiy xizmatga chaqiriluvchi o‘smirlar bilan ishlash boshqarmasi yetakchi mutaxassisi sifatida faoliyat ko‘rsatdim. Zimmamizga Prezidentimizning 1990 yil 4 sentyabrdagi “Respublika yoshlarini armiyaga chaqirish va ularning harbiy xizmat o‘tashini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni talablariga muvofiq armiyaga faqat sog‘lom, baquvvat, umuman har tomonlama yetuk, barkamol yigitlarni tanlab olish vazifasi qo‘yilgandi. Dastlabki ishlar Andijon viloyatida maktablararo o‘smirlar poliklinikasini tashkil etish va u yerda 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchi o‘smirlarni nazoratga olib, ularga tibbiy xizmat ko‘rsatishni jadallashtirishdan boshlandi. Ko‘zlangan natijalar farmon ijrosi bilan yana uyg‘unlashib, ayrim yoshlardagi ba’zi jismoniy nuqsonlar, kasalliklar o‘z vaqtida aniqlandi, o‘smirlarning harbiy xizmatga layoqatlilari tanlab olindi. Bu orada idoralararo maxsus muvofiqlashtirish Kengashi tuzilib, uning oldida joylardagi yoshlar salomatligini nazorat qilish, ularni hayotga bardam-baquvvat, sog‘lom avlod ruhida tarbiyalash masalalari belgilab qo‘yildi. Qarangki, amalga oshirilgan ishlar zoye ketmadi. Prezidentimiz farmoni bilan sog‘lom avlodni shakllantirish yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan insonlarni taqdirlash uchun 1993 yilning 4 martida Yurtboshimiz tomonidan “Sog‘lom avlod uchun” ordeni ta’sis etildi.
Yosh avlod kelajagini o‘ylab olib borilayotgan mana shunday ishlar farzandlarimizning jismoniy kamolotida o‘zining amaliy ifodasini topmoqda. Xalqaro mutaxassislarning yurtimizning salomatligi borasida olib borgan tadqiqotlari va e’tiroflari esa ko‘zlangan maqsadimiz nechog‘li samarali va xayrli ekanligidan dalolat beradi. O‘zbekistonda yoshlarning bo‘y ko‘rsatkichlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga mos keladigan 14 yoshli o‘g‘il bolalarning ulushi bugungi kunda mamlakatimiz bo‘yicha 94, 2 foizni tashkil etmoqda. Boshqacha qilib aytganda shu yoshdagi o‘g‘il-qizlarimizning bo‘yi keyingi o‘n yilda o‘rtacha 2, 8 santimetrga o‘sganini alohida ta’kidlash lozim.
Yaqin kunlarda bir guruh yosh o‘g‘lonlarimiz zimmasidagi yigitlik burchini o‘tash maqsadida harbiy xizmatga chaqirildi. Bugungi kunda harbiy xizmatga yaroqli deb topilayotgan yigitlar soni 2000 yildagi 63, 4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2015 yilda bu ko‘rsatkich 86, 3 foizga yetganligi mustaqillikning ilk yillarida millat salomatligi borasida qilingan sa’y-harakatlarning yuksak samarasi sanaladi. Harbiy xizmatga otlanayotgan barvasta bo‘yli, ko‘rkam, baquvvat yigitlarni ko‘rib ko‘zingiz quvonadi. Demakki, Vatan taqdiri ishonchli qo‘llarda. Zero, farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘ladi.
Iskandar RAHMON,
Qurolli Kuchlar faxriysi