DONORLIK – SAXOVATPEShALIK
Qon – bu hayot! Agar inson organizmida u yetarli bo‘lmasa, turli dardlarga chalinadi. Shuning uchun donorlikni o‘z hayotining mazmuniga aylantirgan kishini saxovatpesha deb aytsa arziydi.
Har yili yurtimizda “14 iyun – xalqaro donorlar kuni” sifatida keng nishonlanadi. Bunday tadbirlarning asosiy maqsadi donorlikning zarurligini chuqurroq anglab yetishni shakllantirish va ko‘ngillilarning insoniyat oldidagi xizmatlarini rag‘batlantirib, ularga minnatdorlik bildirishdan iboratdir.
Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhokama markazida bo‘lmoqda.
Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2015 yil 30 iyunda qabul qilingan 2016–2020 yillarda Qon xizmatini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasiga muvofiq ishlab chiqildi. Unda bir marta olinadigan donorlik qoni hajmi me’yorini, qon topshirish davriyligini tartibga solish, shuningdek, uzoq vaqtdan beri bepul qon topshirayotgan shaxslarni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish yo‘li bilan respublikada bepul donorlikni yanada rivojlantirish maqsadi ko‘zlangan.
Qonun loyihasida “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 19-moddasiga o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilib, kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish, shuningdek qonni laboratoriya tekshiruvlari uchun topshirish tartibi, davriyligi va hajmini belgilash O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi vakolatiga o‘tkaziladi.
Mazkur modda to‘rt marotabadan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan ilmiy asoslangan fiziologik me’yordan kelib chiqqan holda bir marta qon olish hajmi to‘rt yuz ellik millilitr miqdorida belgilangan. Bundan tahlillar uchun olingan qon hisobga kirmaydi. Shu munosabat bilan, respublikada donor qonini avval ko‘p marotaba ishlatilib kelingan 400, 0 ml hajmdagi shisha flakonlarga olish o‘rniga standart bir marotaba ishlatiladigan 450, 0 ml dan iborat maksimal xajmdagi idishlarga (gemokonteynerlar) o‘tish to‘laqonli amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, donorlarning zamonaviy laboratoriya tekshiruvlarini keng miqyosida o‘tkazish uchun mazkur moddani amaldagi tahririda ko‘rsatilgan yigirma millilitr o‘rniga 40 ml gacha qon olish maqsadga muvofiqligi belgilanayapti.
Qonun loyihasida “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 21-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchaga ko‘ra, endilikda “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan donorlar eng kam ish haqining besh baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanishi ko‘zda tutilmoqda.
Donorlarni moddiy rag‘batlantirish mexanizmini yaratish respublikamizda ixtiyoriy donorlikning rivojlanishi bilan bog‘liq muammolarning saqlanib qolayotgani bilan izohlanadi. Respublika bo‘yicha donorlarning soni ortib borayotibdi. Ushbu raqamlar 2012 yil – 111 759, 2013 yil – 131 254, 2014 yil – 137 327 nafarni tashkil etadi. Afsuski, shunday bo‘lsada mamlakat aholisining donorlik faolligi ko‘rsatkichlari pastligicha qolmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan donorlikni rivojlantirish darajasi – 1 000 aholiga 30-40ta donatsiya ko‘rsatkichi bo‘lib, O‘zbekistonda ushbu ko‘rsatkich 4, 4 ni tashkil qiladi.
Ta’kidlash joizki, aholining keng qatlamlarini bepul, ixtiyoriy va muntazam donorlikka jalb etish, uzoq vaqtdan beri bepul qon topshirib kelayotgan shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 23 iyulda “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Unga ko‘ra o‘z qonini kamida qirq marta yoki uning tarkibiy qismlaridan bir qismini kamida oltmish marta bepul topshirgan donorlar ko‘krak nishoni bilan mukofotlanadilar. Statsionar davolash-profilaktika muassasalarida davolanishga yotganida ovqatlanish haqini to‘lashdan ozod etiladilar. Hozirgi paytda mamlakatimizda 6 kishi faxriy donor nishoniga ega.
Donorlik jamiyatimizning har bir sog‘lom a’zosining burchi bo‘lib qolishi uchun, uni keng miqyosda targ‘ib qilish zarur. Tibbiyot xodimlari bilan birgalikda aholi orasida targ‘ibot ishlarini amalga oshirishda barcha jamoat, nodavlat, xayriya tashkilotlari, turli xil fondlar ishtirok etishlari maqsadga muvofiq. Bilamizki, qon beg‘araz, o‘z xohish-irodasi bilan tibbiyot muassasasiga kelgan donordangina olinadi. Bunday saxovatpesha kishilar o‘zining salomatligi hamda turmush tarzi haqida aniq ma’lumot bera oladi. Bu esa qon xavfsizligini ta’minlashda g‘oyatda muhimdir.
Qonunchiligimizga kiritilayotgan ushbu o‘zgarishlar yurtimizda ixtiyoriy donorlik safining kengayishiga, insonlarning o‘z salomatligiga yanada e’tiborli bo‘lishiga va eng asosiysi donor qoni yordamiga ehtiyojmand bo‘lgan bemorlar hayotini saqlab qolishga katta imkoniyat beradi.
Muharram DADAXODJAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi