AJDODLARGA EHTIROM
Shu kunlarda joylarda g‘azal mulkining sultoni, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludi munosabati bilan ko‘plab uchrashuvlar, adabiy kechalar o‘tkazilmoqda.
Alisher Navoiy asarlarida insonparvarlik, olijanoblik, mehr-oqibat, adolat, rostgo‘ylik singari ezgu g‘oyalar o‘z ifodasini topgan. Sergeli tumanidagi 305-umumta’lim maktabida ham “Buyuk ajdodlar kabi yuksaklikka intilib” mavzusidagi uchrashuvda shu haqda so‘z bordi. Tadbirda muassasa direktori Anagul Sobirova, ona tili o‘qituvchisi O‘ktamxon Toshqo‘ziyeva, matematika o‘qituvchisi Sharifa Abduraimova, rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari Ma’mura Sobirova, Tatyana Nikolayevnalar kabi ustozlarning Alisher Navoiy adabiy merosining bugungi ahamiyati, ijodini o‘rganish va targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga oid ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, o‘quvchilar tomonidan namoyish etilgan mumtoz kuy-qo‘shiqlar hamda sahna ko‘rinishlaridan iborat adabiy-musiqiy dastur tadbirga yanada fayz kiritdi. Tadbirda o‘quvchilar tomonidan Alisher Navoiyning dostonlaridan parcha o‘qib berildi.
Munisa RAZZOQOVA,
Sergeli tumani 305-umumta’lim maktabining o‘quvchisi