HUQUQIY ONG YUKSAKLIGI – KOMILLIK KAFOLATI
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda Parlament komissiyasi nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari mamlakat hayotidagi o‘rnini oshirishda keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirib kelayotir.
Jumladan, ular tomonidan e’lon qilingan tanlovlarda g‘olib deb topilgan NNTlar davlat grantlari shaklida moliyalashtirilyapti. Ayniqsa, NNTlar tomonidan yoshlar ta’lim-tarbiyasiga oid loyihalarning bajarilayotgani esa yosh avlod kamolotida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Har yili davriy nashrlardan biri “Hurriyat” gazetasi ham fond tomonidan e’lon qilingan tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Jumladan “Huquqiy ong yuksakligi – komillik kafolati” loyihasi ham yoshlar tarbiyasiga, ularning huquqiy bilimi va huquqiy madaniyat va savodxonligini oshirishga qaratilgani ham shular jumlasidandir.
Toshkent iqtisodiyoti kollejida mazkur loyiha doirasida tadbir bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Oliy sud, Ichki ishlar vazirligi xodimlari va OAV vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilish qatnashchilari o‘quvchilarning huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ularning mustaqil fikrlash qobiliyatlarini oshirishda qator ma’ruzalar bilan qatnashishdi. Shuningdek, ular tomonidan muassasa o‘quvchilari o‘rtasida huquqiy bilim saviyalarini oshirish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazildi.
Tadbirda yig‘ilganlar Perizidentimiz rahnamoligida jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk, chuqur bilimli va yuksak salohiyatli, bir so‘z bilan aytganda, har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlalab o‘tishdi. Jumladan, O‘zbekistonda bepul majburiy ta’lim 12 yilni o‘z ichiga oladi. O‘rta ta’lim 9 yil, litsey va kollejlarda esa 3 yillik ta’lim berilishi belgilangan. Bundan tashqari yoshlar sport bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar ularning jismonan yetuk, sog‘lom va baquvvat bo‘lib voyaga yetishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur tadbir yoshlar orasida huquqni bilmaslik oqibatida yoki loqaydlik, o‘zboshimchalik sababli turli jinoyatlarga qo‘l urishlarining oldini olish va bunday noxushliklarni bartaraf etishga qaratilgan.
Tadbir so‘ngida bir qator iqtidorli va faol talabalarga tahririyat tomonidan maxsus diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
M. TOLIPOVA