Navoiy dunyosi va yosh musavvir nigohi
Yurtimizda tasviriy san’atning o‘ziga xos maktab va an’analarini rivojlantirish, ijod ahlining mehnatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Iste’dodli yoshlarni aniqlash, ijodiy-intellektual salohiyatini kashf etishga yaqindan ko‘maklashish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday yoshlardan biri Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Tasviriy san’at fakulteti talabasi Gulhayo Abdullayevadir.
– Taniqli mo‘yqalam ustasi Kamoliddin Behzodning Alisher Navoiy ijodi namunalariga ishlagan nozik did va keng tafakkurni o‘zida mujassam etgan asarlari kishini uzoq o‘yga toldiradi. Chizgan miniatyuralarimda mana shunday joziba va ruhni aks ettirishga harakat qilaman, – deydi Gulhayo Abdullayeva.
Gulhayo Abdullayeva o‘tgan yillar davomida turli ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etib, munosib o‘rinlarni egallab kelmoqda. Jumladan, “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori”, “Vatanim taraqqiyotiga mening hissam”, “Tashabbus – 2013”, “Yilning eng yaxshi hunarmand ayoli” kabi tanlovlar g‘olibidir. Shuningdek, u 2013 yilda O‘zbekiston Respublikasi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. “Layli va Majnun”, “Farhod va Shirin” kabi nodir mumtoz asarlar miniatyurasini yaratayotgan yosh mo‘yqalam ustasi 2015 yilda O‘zbekiston Respublikasi bakalavrlari uchun ta’sis etilgan Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasiga ham sazovor bo‘ldi.