BOTULIZMNING OLDINI OLISH – HAYOTNI ASRASH DEMAKDIR
Aholi o‘rtasida xonadon sharoitida tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida ovqatdan zaharlanishning eng og‘ir turi – botulizm kasalligi uchrab turadi.
Uy sharoitida konserva mahsulotlari tayyorlashda ayrim holatlarda zarur texnologik jarayonlar, sanitariya me’yorlari va shaxsiy gigiyena qoidalariga to‘liq rioya qilishning imkoni bo‘lmasligi mumkin. Natijada konservadagi kislorodsiz sharoitda botulizm qo‘zg‘atuvchisi sporalardan chiqib, tez rivojlanadi va zahar (toksin) ishlab chiqaradi.
Botulizm bilan zararlangan konserva mahsulotlarining tashqi ko‘rinishi va ta’mida deyarli o‘zgarish kuzatilmaydi. Ayrim holatlarda shisha idishning tunuka qopqog‘i “shishadi”.
Zaharlangan odamda kasallik belgilarini ikki soat yoki sakkiz-o‘n kundan keyin ham kuzatishi mumkin. Bemorda holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, qorin sohasida og‘riq paydo bo‘lishi, bir jism ko‘ziga ikkita bo‘lib ko‘rinishi (diplopiya) kuzatiladi. Shuningdek, u yutish va gapirishda qiynaladi. Bo‘yin va oyoq mushaklari zaiflashishi kasallikning klinik belgilaridir.
Kasallikni xonadon sharoitida o‘z bilganicha davolash qat’iyan man etiladi. Bunday vaziyatda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak. Aks holda kasallik og‘ir kechib, nafas yetishmasligi yuzaga kelishi, bemorning hayoti xavf ostida qolishi mumkin.
Har qanday kasalliklar kabi botulizmning oldini olish ham insonning o‘z qo‘lida. Xonadon sharoitida bodring, pomidor, pattison marinadlari, baqlajon ikrasi kabi konserva maxsulotlarini tayyorlash tavsiya etilmaydi. Chunki, bunday sharoitda tayyorlangan konserva mahsulotlarining sifatiga hech kim kafolat bera olmaydi. Aynan shunday sifati kafolatlanmagan, yorliqlarga ega bo‘lmagan, bir so‘z bilan aytganda iste’mol uchun yaroqsiz hisoblangan konserva mahsulotlarini bozorlarda, ko‘cha-ko‘ylarda ruxsat etilmagan, noqonuniy savdo rastalaridan sotib olmaslik lozim.
Xonadon sharoitida uzum, shaftoli, o‘rik, olma kabi turli mevalardan jem, kompot, qoqilar, murabbolar va bodring, pomidor, karamdan sirli, chinni hamda sopol idishlar yoki xumda, yog‘och bochkalarda tuzlamalar tayyorlasa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Botulizm zahri asosan markaziy asab tizimi, shuningdek, orqa va uzunchoq miyaning motoneyronlarini falajlaydi. Natijada bemorda nafas olish, ovqat hazm qilish, ko‘rish a’zolari, ichki sekretsiya bezlari faoliyati izdan chiqadi. Nafas olish qiyinlashadi, og‘iz quriydi, xasta odam ovqat yuta olmaydi. Uning ko‘z qovoqlari osiladi. Bitta narsani ikkita ko‘rish (diplopiya) kuzatiladi.
Botulizmdan zaharlanish sodir bo‘lganda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish zarur. Uy sharoitida bu kasallikni davolab bo‘lmaydi. Chunki, zaharga qarshi maxsus zardob mavjud. O‘z vaqtida bemorga tibbiy yordam ko‘rsatilsa, xastalik og‘ir asoratlarsiz davolanadi. Bemorning hayotini asrab qolish mumkin.
Bugun yurtimizdagi qaysi bir savdo majmuasi va bozorlarga kirsangiz, ulardagi mahsulotlarning xilma-xilligini ko‘rib ko‘zingiz quvonadi. Xususan, kattayu kichik do‘konlarda, bozorlarda sanoat usulida, texnologik jarayonlar hamda belgilangan gigiyenik talablar asosida ishlab chiqarilgan konserva mahsulotlarining ko‘pgina turlari mavjud. Ushbu mahsulotlarning deyarli barchasi mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va sifati muvofiqlik sertifikati bilan kafolatlangan.
Sotib olingan har bir oziq-ovqat mahsulotlarining saqlanish sharoitiga va muddatiga ham qat’iy rioya etish zarur. Iste’mol uchun yaroqlilik muddati o‘tgan tort, pishiriqlar va boshqa qandolat mahsulotlari hamda salat, kolbasa, koservalangan baliq, go‘sht, turli marinadlarni iste’mol qilish inson sog‘lig‘i uchun juda xavfli hisoblanadi.
Har birimiz o‘zimiz va oila a’zolarimiz salomatligi uchun mas’ul ekanimizni unutmasligimiz kerak.
Qamariddin BOQIYEV,
tibbiyot fanlari nomzodi, Respublika Davlat Sanitariya – epidemiologiya nazorati markazi ovqatlanish bo‘limi boshlig‘i