Endi, yuraging omon uradi

KITOBLIK ULUG‘BEK VA FERUZANING KICHIK O‘G‘LI ELBEK GO‘DAKLIGIDANOQ RIVOJLANISHDAN ORQADA QOLA BOSHLADI. USTIGA USTAK, TEZ-TEZ XASTALIKKA ChALINAR, CHEHRASIDA HAM KASALLIK ALOMATLARI AKS ETIB TURARDI.

Farzand salomatligi oilaning, ota-onaning halovati emasmi? Qiyomiddin bobo bosh bo‘lib, nabirasi Elbekni opichlab ko‘plab shifokorlar huzurida bo‘ldi. Norasida go‘dakka qo‘yilgan tashxis oilaning g‘amu-tashvishini yanada oshirdi. Elbek yurak tug‘ma nuqsoni bilan dunyoga kelgan edi.

Yillar yeldek o‘ta boshladi. Bolaning holsizlanishi ortib borar, tengqurlari kabi yayrab zavqqa to‘lmasdi. O‘ychan nigohi quyosh taftidek iliq istarasini yashirardi. Ota-onasi, bobo-buvisi uning dardiga chora izlab tolardi. Elbekning hayotida xastalik xavfi ortib borar, jarrohlik operatsiyasi o‘tkazish joiz edi. Yurakda jarrohlik amaliyoti o‘tkazish so‘z bilan aytgulik jarayon emas, operatsiya paytida yurak faoliyatini to‘xtatib turish, uning vazifasini okseginator uskunasi bajarishi zarur bo‘ladi. Ushbu tibbiy matoh dunyoning rivojlangan mamlakatlaridan buyurtma asosida olib kelinadi. Yaxshi gapning qanoti bo‘ladi. Kunlardan bir kun televizordan uzatilgan birgina xabar oilaning tashvishini aritgandek bo‘ldi. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ko‘magida tug‘ma yurak nuqsoni bilan og‘rigan bolalarda o‘tkazilayotgan jarrohlik operatsiyalari  jarayoni aks etgan lavha Elbekning yaqinlari qalbida umid uchqunlarini yoqdi. Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida tibbiy ko‘rikdan o‘tib, fondga zarur hujjatlarni taqdim qildi. Yana biroz vaqt o‘tib fond tomonidan quvonchli qo‘ng‘iroq yangradi…

Oliy toifali kardioxirurg, tibbiyot fanlari nomzodi Dilshod Umarov jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladigan kuni Elbekning hadik bilan boqib turgan ota-onasiga dalda berdi:

– Hammasi yaxshi bo‘ladi, o‘g‘lingiz ulg‘ayib hali Vatanga, sizlarga xizmat qiladi, – keyin ularning ruhini ko‘tarish uchun jilmayib qo‘ydi.

…Yetti yoshni qarshilayotgan Elbekning yuragi o‘ng va chap qorinchalari orasidagi ikkinchi darajali nuqson bartaraf etildi. Bugun uchinchi kun, u klinikaning shinam xonasida, onasining bag‘rida, mehri iliq shifokorlarning doimiy nazoratida o‘zini yaxshi his qilmoqda.

– Men uchun sinovli kunlar bo‘ldi, o‘g‘limning joni omon bag‘rimda ekanidan shodman, – deydi Feruza Alimardonova ko‘zida yosh bilan.  – Farzandimning salomatligini tiklashda ko‘maklashgan barchaga onalik mehri bilan minnatdorlik bildiraman. Shuni angladimki, bu yurtda tug‘ilgan har bir bolaning salomatligi doimiy e’tiborda, onalar esa e’zozda…

Yana o‘qing:  ERTAK QAL’ASI – ma’naviyat mash’alasi

Onalar orzularini farzandlari kamolida ko‘radi. Oyisining aytishicha, Elbekjonning ham orzusi bugun bittaga ko‘payibdi, bolakay ulg‘ayganda atrofida dam-badam parvona bo‘layotgan oppoq xalatli amakilari kabi shifokor bo‘lar emish. Albatta, uning orzulari ro‘yobga chiqadi, el ishiga kamarbasta bo‘lib voyaga yetadi, faqatgina yuragi ko‘ksida omon urib tursa, bas!

F. Hayitov

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: