YURT – OBOD, EL – BAXTIYOR
Yangi yilning ilk kunida atrof oppoq qorga belandi.
Qishning zavqi, “Yangi yil” shukuhi qor bilan yanada tot-
liroq, shunday emasmi?! Archalar kiftidagi oppoq qorda qishning salobatini his qilasiz. Sovuqdan qizargan yuzlarda kumush faslning zavqini, “Yangi yil” ayyomining quvonchini… Ayniqsa, kichkintoylar qalbiga bu bayram ulkan shodlik olib kiradi.
…Quyoshning zarrin nurlari archalar kiftidagi qorga tushib yanada ajib manzara kasb etmoqda. Atrof bolalarning shodon qiyqiriqlari bilan to‘la… Ulkan archa. Mamlakatimizning bosh maydonida bunyod etilgan ertaklar shaharchasi yurtdoshlarimiz bilan gavjum. Rang-barang bezaklar, ertak qahramonlari. Ulkan monitorda bolalar uchun multfilmlar namoyishi, turli attraksionlar, san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar bayram zavqiga zavq qo‘shmoqda. “Yangi yil” shodiyonalarida mamlakatimizning turli go‘shalaridan kelgan keksa-yu yosh yurtdoshlarimiz bilan birga chet ellik mehmonlarni ham uchratasiz…
Ali Xan, farmatsevt, Hindiston:
— Uch yildan buyon O‘zbekistonda farmatsevtika sohasida faoliyat yuritaman. Mamlakatingiz menga va oila a’zolarimga juda yoqadi. Go‘zal tabiati, odamlarning xush muomalaligi, mehmondo‘stligi tahsinga loyiq. Poytaxt Toshkentning ko‘chalari nazarimda kundan kun chiroy ochib borayotgandek. Qizlarim — Albinaxon hamda Tevaxonlar bilan bu yil bayramni O‘zbekistonda kutib oldik. Sababi, bu yerda «Yangi yil»ni nishonlash, shahar aylanish, umuman bayram zavqini tuyish uchun imkoniyatlar muhayyo. Farzandlarimning ham, turmush o‘rtog‘imning ham quvonchi cheksiz. Bu quvonchni men har bir o‘zbekistonlikning chehrasida ko‘ryapman. O‘zbekiston ulkan imkoniyatlar mamlakati. Bunday yurtga albatta, bayramlar yarashadi…
Akramjon aka Qalandarov, Marg‘ilon shahri:
— Biz oilaviy shifokorlarmiz. Men tez tibbiy yordam markazida reanimatolog vazifasida ishlayman. Umr yo‘ldoshim — Mahmudaxon stomatolog, o‘g‘limiz — Botirjon ham endokrinolog shifokor. Hozir u Toshkentda shifokorlar malakasini oshirish institutida o‘qiyapti. O‘g‘lim Botirjonning taklifi bilan sakkiz nafar nabiralarimni yetaklab poytaxtga keldik. Har gal Toshkentga kelsam ulkan o‘zgarishlarning guvohi bo‘laman. Kunning biroz sovuq bo‘lishiga qaramasdan shahar aylanib horimayapmiz. Ayniqsa, nabiralarimning shodligi cheksiz, ularga havasim keladi. Bolaligimizda biz uchun bunday ajib zamonlar ertak edi. Tilimizda ham, dilimizda ham shukrona, tinch va osoyishta yurtda, farzandlarimiz bag‘rimizda totuv yashayapmiz. Nabiralarimiz zamonaviy ta’lim muassasalarida o‘qiyapti, biz yuksak darajada jihozlangan tibbiyot mussasalarida ishlayapmiz, mehnat qilib, turmush kechiryapmiz… bularning barchasi yurtimizda yaratilayotgan shart-sharoitlar, Yurtboshimiz sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan islohotlarning mevasi… Bosh maydonda turib, yurtdoshlarimizni kuzatib, dilim cheksiz iftixorga to‘ldi. Ularning yuzidagi mamnunlik, shijoat, farzandlarimiz chehrasidagi quvonch baxtiyor elning shukronasini aks ettirib turibdi.
Madrahim Ahmedov, Zangiota tumani:
— Nabiralarim bilan bayram shodiyonalariga keldik. Bolalarimizning kayfiyati chog‘, biz ham xursandmiz. Xalqimiz — bolajon el, ularning quvonchi oilalarimizning mustahkamligini belgilaydi. Hozir qanday o‘yin attraksionida (arg‘imoqda) uchish haqida kelishib olyapmiz.
Shu bayramona sharoitlarni yaratgan mutasaddilarga, tinchligimiz posbonlariga, bayram dasturi tashkilotchilariga xalqimiz nomidan tashakkur bildiramiz.
Nodirbek Sodiqov, Toshkent shahri:
— Bu maydonga kelib ertaklar dunyosiga tushib qolgandek bo‘ldik. Hammayoqda shodu xurramlik. Turmush o‘rtog‘im Sevaraxon bilan ertak qahramonlarini kuzatib bolaligimizni yodga olyapmiz. Kichik oilamiz uchun «Obod turmush yili»ning rejalarini tuzayapmiz. Shodiyona kunlarida qilingan niyatlar albatta, amalga oshadi.
Mustaqillik maydonidan qaytar ekanmiz, yurtdoshlarimizning samimiy dil so‘zlari qalbimizni iliq quvonchga to‘ldirganini his qildik.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA,
Ma’rifat TOLIPOVA,
«Sog‘lom avlod» muxbirlari