Ayollarga ehtirom
Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, ularning yuksak texnika va texnologiyalar asosida bilim olishi, bandligi va salomatligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, iste’dodli qizlarning erishayotgan yutuqlari munosib rag‘batlantirilayotgani quvonarlidir. Xususan, har yili 8– mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida bir qator iqtidorli qizlar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanmoqda.
Qolaversa, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda qator tadbirlar tashkil etilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri poytaxtimizdagi “Turkiston” san’at saroyida bo‘lib o‘tdi. Tadbir ishtirokchilari Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi namunali uylarda, “Jurjoniy” mahallasidagi bolalar sport majmuasi, 60-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi, Toshkent shahridagi 5-son shahar bolalar klinik shifoxonalarida bo‘ldilar. Shuningdek, joylardagi yoshlarni sportga jalb etish, bolalar salomatligini ta’minlash borasidagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Bundan tashqari, bayram bahona mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, yolg‘iz, keksa ayollar va nogironlarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi. Bu borada talaba va o‘quvchilardan tarkib topgan guruhlar ham jonbozlik ko‘rsatdi. Ular “Muruvvat” va “Saxovat” uylaridagi onaxonlarning holidan xabar olishdi.
Mustaqillik maydonidagi “Baxtiyor ona” haykali poyiga gullar qo‘yishdi.
“Turkiston” san’at saroyida o‘tkazilgan tantanali marosim esa xotin-qizlarga bahoriy kayfiyat ulashdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yurtimiz ayollariga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi.
Bayram tadbirida xalq farovonligi va taraqqiyoti yo‘lida uzoq yillar davomida mehnat qilgan faol xotin-qizlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. O‘zbekistonning yetti nafar akademik hamda o‘n uch nafar “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan ayollariga bayram tabrigi sifatida tashakkurnomalar yo‘llandi.
Tadbirda ilm-fan, madaniyat, san’at va boshqa turli yo‘nalishlarda erishgan yutuqlari uchun o‘n olti nafar qizga Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti topshirildi.
M. XO‘JAMURODOVA