Ertamizning hal qiluvchi kuchi
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston Respublikasida 2015 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi ijrosi hamda 2016 yildagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.
2015 yilda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturining hayotga izchil tatbiq etilishi kelajagimiz davomchilarining huquq va manfaatlarini ta’minlash, bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish, yoshlar masalasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Dastur ijrosi doirasida vazirlik va idoralar, hududiy hokimliklar hamkorligida 72 mingdan ziyod loyiha va tadbir o‘tkazilgan. Yigit-qizlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonlarida ularning faolligini oshirish maqsadida o‘tkazilgan tadbirlarda uch milliondan ortiq yosh ishtirok etdi.
Yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, ularni kasbga yo‘naltirish, ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikka keng jalb etishga qaratilgan loyihalar davomida 43 ming yigit-qizga ishga joylashish uchun yo‘llanma, 416 nafar yoshga imtiyozli kredit olish uchun tavsiyanomalar berildi.
Dasturga muvofiq, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan qator tadbirlar o‘tkazildi. Ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turuvchi voyaga yetmagan bolalar tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish oromgohlariga jalb etildi. “Odam savdosi – davr muammosi” targ‘ibot loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadbirlarga 1, 9 milliondan ortiq yoshlar qamrab olindi. Natijada voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasidagi jinoyatlar soni 2014 yilga nisbatan 8, 8 foiz kamaydi.
Anjumanda 2016 yilda amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan loyihalar haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Ch. XUSHVAQTOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri