O‘ZBEKISTON XALQIGA YANGI YIL TABRIGI

Aziz yurtdoshlarim!

Qadrli do‘stlar!

Yangi yilga sanoqli daqiqalar qolgan mana shu shukuhli damlarda yurtimizga qutlug‘ qadamlar bilan kirib kelayotgan 2013-yil bilan siz, azizlarni chin qalbimdan tabriklash, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatimni bildirish, samimiy tilaklarimni izhor etish men uchun katta sharaf, katta baxtdir.

O‘tgan davr mobaynida boshimizdan kechirgan, el-yurtimiz hayotida ro‘y bergan voqealarni, amalga oshirgan ishlarimizni baholar ekanmiz, o‘z poyoniga yetayotgan 2012-yilni shukronalik tuyg‘usi bilan, mamnuniyat bilan kuzatishga to‘liq asoslarimiz bor.

Buning isbotini avvalambor Vatanimizning oldida turgan buyuk maqsad va muddaolarga erishish, zamonaviy, erkin va mustaqil davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida amalga oshirayotgan ulkan ishlarimizda, iqtisodiyotimizning barqaror sur’atlar bilan o‘sishida, aholimizning yashash darajasi va sifati yuksalishida, yurtimizning qiyofasi tobora chiroy ochayotganida, mamlakatimizning xalqaro maydonda obro‘-e`tibori va o‘rni kuchayib borayotganida ko‘rishimiz, anglashimiz qiyin emas.

Shu borada bir haqiqatni hech ikkilanmasdan aytishni o‘zimning burchim deb bilaman.

O‘zbekistonimizning bugungi kunda butun dunyo tan olayotgan yuksak marralarga erishishida, bir so‘z bilan aytganda, obod va farovon hayot barpo etishda avvalo shu saxovatli zaminda yashayotgan har qaysi insonning munosib hissasi borligini, bu yutuqlarning barchasiga xalqimizning kundalik og‘ir va mashaqqatli mehnati, mardligi va matonati, bir yoqadan bosh chiqarib, yagona oila bo‘lib, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni, o‘zaro hurmat va mehr-oqibatni ko‘z qorachig‘idek asrab yashayotganimiz mustahkam zamin bo‘layotganini hech qachon unutmasligimizni istardim.

Mamlakatimizning taraqqiyot sur`atlarini, hayotimizda ro‘y berayotgan tub o‘zgarish va yangilanishlarning miqyosi va ko‘lamini o‘zimizga tasavvur qilish uchun birinchi navbatda quyidagi raqam va ko‘rsatkichlarga e’tibor berishimizni o‘rinli, deb bilaman.

2012-yilda jahon miqyosida moliyaviy va iqtisodiy inqiroz davom etayotgan bir paytda, ko‘pchilik mamlakatlarda o‘sish o‘rniga pasayish holatlari yuz berayotganiga, jiddiy ijtimoiy muammolar va yon-atrofimizda keskinlik, turli qarama-qarshilik kuchayib borayotganiga qaramasdan, O‘zbekistonimizda iqtisodiyotimiz barqaror sur`atlar bilan rivojlanib, bu boradagi ko‘rsatkich 8,2 foizni, oxirgi uch yil yakuni bilan 27,7 foizni tashkil etganining o‘zi ortiqcha ta`riflashga va izohlashga o‘rin qoldirmaydi.

O‘tayotgan yilda davlat byudjeti umumiy xarajatlarining 59 foizi aynan sotsial sohalarga, ya`ni aholining ehtiyojini qondirishga yo‘naltirilganini alohida ta’kidlash lozim, deb hisoblayman.

Yana o‘qing:  Yo‘l harakati xavfsizligi bilimdonlari

Faqatgina joriy yilning o‘zida aholimizning real, ya’ni amaldagi daromadlarining o‘rtacha 17,5 foizga oshgani, davlat byudjetidan oylik oladigan xodimlarning ish haqi, nafaqa va stipendiyalar miqdori o‘rtacha 26,5 foizga o‘sganini qayd etish zarur.

Daromadlar oshishi bilan aholimizning banklarda saqlanayotgan omonatlari hajmi o‘tayotgan yilda 34,6 foizga, oxirgi uch yilda esa 2,4 karraga ko‘paygani hayotimiz tobora farovon bo‘lib borayotganining yaqqol ko‘rsatkichi, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.

O‘z yakuniga yetayotgan yilda mamlakatimiz miqyosida 9,3 million kvadrat metr, shu jumladan, qishloq joylarda 7,2 million kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirilganining o‘zi ham shunday xulosa chiqarishga asos bo‘lishi muqarrar.

Hayotimizni tubdan o‘zgartirayotgan bunday misollarni mamlakatimizning turli soha va jabhalaridan yana ko‘plab olib kelish mumkin.

O‘zbekiston qo‘lga kiritayotgan bunday marralarning mustahkam zamini odamlarimizning, avvalo hal qiluvchi kuchga aylanib borayotgan yoshlarimizning dunyoqarashi, siyosiy va ijtimoiy faolligi, grajdanlik pozitsiyasi tobora kuchayib borayotganida, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi.

Bularning barchasi shu yurtda yashayotgan har qaysi inson o‘zining, oilasining taqdirini biz uchun yagona Vatan bo‘lmish O‘zbekiston taqdiri bilan uzviy va chambarchas bog‘liq holda ko‘rayotganidan dalolat beradi. Va hayotga bunday yondashish ertangi kunimizning mustahkam poydevoriga aylanib bormoqda.

Ayni shu fursatdan foydalanib, hayotimizda yuz berayotgan ana shunday o‘zgarish va yangilanishlarning ijodkori va bunyodkori bo‘lmish siz, aziz yurtdoshlarimga mamlakatimizning taraqqiyoti, uni dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga ko‘tarishdek ezgu maqsadlarimizni amalga oshirish yo‘lidagi munosib xizmatlaringiz uchun chin qalbimdan minnatdorlik bildirishni ham qarz, ham farz deb bilaman.

Muhtaram do‘stlar!

Bugun, mana shu munavvar daqiqalarda yangi yilga pok va qutlug‘ niyatlar bilan qadam qo‘yar ekanmiz, Ollohdan avvalo o‘z marhamati va nazarini ayamasdan, bebaho ne`mat bo‘lmish tinchlik va osoyishtalikni, ahillik va bag‘rikenglikni, qut-barakani yanada ziyoda qilishini, bundan buyon ham doimo yo‘limizni ochib berishini so‘raymiz.

Biz kirib kelayotgan yangi – 2013-yilga mamlakatimizda “Obod turmush yili” deb nom berdik. Buning zamirida xalqimiz, Vatanimiz istiqbolini, shu muqaddas zaminda yashayotgan har bir inson, har qaysi oilaning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish, shahar va qishloqlarimizni yanada obod, hayotimizni yanada farovon etishga qaratilgan amaliy intilishlarimiz mujassam ekani, o‘ylaymanki, barchamizga yaxshi ayon.

Yana o‘qing:  EZGULIK ELChILARIGA EHTIROM

Yangi yilda iqtisodiyotimizning o‘sish sur’atlarini 8,0 foizdan kam bo‘lmagan darajaga ko‘tarish, uning raqobatdoshligini kuchaytirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, mulkdorlar kafolatini yanada oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik harakatini keng qo‘llab-quvvatlash, xalqimizning vijdoni bo‘lmish mahalla vakolatlarini yanada kengaytirish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni, hech shubhasiz, izchil davom ettiramiz.

Shu borada aholining real daromadlarini ko‘paytirish, jumladan, ish haqi, pensiya, ijtimoiy nafaqa va stipendiyalar 23 foizdan ko‘proq oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Yangi yilga mo‘ljallangan bunday dastur va rejalarimizning barchasi 2013-yilning o‘tib borayotgan eski yildan aslo kam bo‘lmasligiga, hayotimizning har tomonlama fayzli va barakali, sermazmun bo‘lishiga xizmat qiladi, inshoollo.

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Barchangizni bag‘rimga bosib, kirib kelayotgan yangi – 2013-yil bilan yana bir bor tabriklayman.

Mana shu go‘zal ayyomda qalbim to‘rida bo‘lgan eng ezgu, eng olijanob tilaklarimni siz azizlarimga izhor etmoqchiman:

Yangi yil har bir inson, har bir oilaga sihat-salomatlik, baxtu saodat va omad olib kelsin!

Vatanimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!

Yaratganimiz el-yurtimizni o‘z panohida saqlasin!

Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!

Islom KARIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: