BEG‘UBORLIK, AHILLIK, XOTIRJAMLIK TARANNUMI

Bolalar dunyoga o‘zgacha nigoh bilan boqadi. Hayotni biz kattalardan ko‘ra go‘zalroq tasavvur etadi. Har bir ota-ona umrini bolalarining baxti-saodati, orzu-umidlari bilan nurafshon etadi. Ularning kelajagi uchun bor kuchini sarflaydi. Ayniqsa, bayram va shodiyonalarda bolakayning quvonchi uchun barcha birdek harakat qiladi. Mamlakatimizda esa yosh avlodning ham ma’nan, ham jismonan barkamol bo‘lib ulg‘ayi­shi bolajon o‘zbek xalqining bosh maqsadiga aylangan.

Har yilgidek bu yil ham yurtimizning barcha hududlarida yangi yilni ko‘tarinki kayfiyatda kutib olish maqsadida aholining maroqli hordiq chiqarishi uchun ma’naviy-ma’rifiy va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etilmoqda. Xususan, mamlakatimizning bosh maydoni – Mus­taqillik maydoni ham gavjum. Muazzam go‘sha bo‘ylab bayram nafasi hukmronlik qilmoqda.

Maydonga yaqinlashganingiz sayin ko‘chadagi rang-barang chiroqlarni ko‘rasiz. Ular billur qandil misol jilolanadi. Go‘yo samoda yulduzlar uchayotgandek manzara aks etadi. O‘zingizni osmonu falakka chiqib qolganday his qilasiz. Qo‘l cho‘zib yulduzlarni tutgingiz, ular bilan parvoz etgingiz keladi. O‘sha, bolaligingizda, osuda tunlar termulgan yulduzlarga buvingiz aytib bergan ertakdagi uchar gilamlar orqali yetayotganga o‘xshaysiz. Ha, maydon tarovati nafaqat bolalarni, balki barchani o‘ziga rom etadi. Bu yerdagi 1 ming 800 dona o‘yinchoq hamda chiroqlar marjoni bilan bezatilgan 26 metrlik archa, attraksionlar, ertak qahramonlari, Qorbobo va Qorqiz yig‘ilganlarga bayramning asl mohiyatini anglatib tursa, savdo shoxobchalari kishilarga qulay maishiy xizmat ko‘rsatishga as qotadi. Xushovoz xonandalarning chiqishlari esa barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashadi. Teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari bolajonlarni ertaklar olamiga yetaklaydi.

– Ozod Vatanimizga bayramlar yarashadi, – deydi namanganlik faxriy o‘qituvchi, II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibasi Muqaddam Manbatova. – Atrofga qarang, odamlar baxtiyor. Bolajonlarning quvonchi cheksiz. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha barcha miriqib sayr qilmoqda. Tinchligimiz ramzi bo‘lgan mazkur maydondagi sahnalashtirilgan tomoshalar insonlarga chinakam bayram sovg‘asi bo‘ldi.

Darhaqiqat, maydondagi kishilarning yuzu-ko‘zida samimiyat, hayotidan mamnunlik, tinch va osuda kunlarga shukronalik hissi balqimoqda. Otaxonu onaxonlar ham nabirasining baxtiyorligini ko‘rib, sevinch yoshlarini ro‘molchasiga artadi. Ular bu kunlarga yetib kelish uchun ne-ne zahmatlarni boshdan kechirmadi deysiz…

– Yoshligimiz anhor yaqinidagi hovlilarda o‘tgan, – deydi maydonda sayr qilayotgan otaxon Fayzulloh Ergashev. – O‘sha paytlar hozirgi go‘zallikdan nom-nishon yo‘q edi. Harbiy mashinalar g‘uvillab yurardi. Chang-to‘zon aralash, mashg‘ulotlar o‘tkazardi. Biz maktabga borish uchun maydondan ancha olisda yurardik. Shomdan so‘ng ota-onamiz ko‘chaga chiqarmasdi. Mana, bugun, go‘zal bir bo‘ston barpo bo‘ldi. Kunduzlari quyosh nurida, tunlari esa nurafshon chiroqlar shu’lasida jilolanib, mavj urib turadigan favvoralarni ko‘rib, maydon manzarasidan zavqlanamiz. Bunda ham o‘zgacha bir ramziy ma’no bor. Yoshlar bilsin, ko‘rsin, qanday farovon hayot kechirayotganimiz, qanday qudratli davlat barpo etayotganimizni anglasin, degan purhikmat maqsad mujassamday. Axir, bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor.

Yana o‘qing:  Milliy armiya – vatanimiz xavfsizligining mustahkam poydevori

Albatta, mazkur ulug‘vor maskan ajdodlarimiz asrlar davomida orziqib kutgan, bizga – bugungi baxtiyor avlodlarga nasib etgan eng ulug‘, eng aziz ne’mat bo‘lmish mustaqilligimiz ramzidir. Shu bois ushbu fayzli go‘sha ozod va obod beg‘ubor orzular ifodasidir.

Yurtboshimiz “Biz hayotdan doimo yaxshilik kutib, boshqalarga ham yaxshilik tilab yashaydigan xalqmiz. Shuning uchun ham ertangi kunimizning bugungidan ko‘ra yorug‘, tinch va farovon bo‘lishini orzu qilamiz, shu yo‘lda o‘zimizni ayamasdan, bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz”, deya ta’kidlagan edi.

Darhaqiqat, bolajon xalqimiz hayotning mazmuni deganda farzandlarining ertangi iqbolini tushunadi. Dunyodagi eng bebaho baxt – bola kulgusining yangrashi. Bobosining yoki onasining qo‘lidan tutib, atak-chechak qilayotgan bola bu – musavvir ham tasvirlay olmaydigan beqiyos manzara. Bayram shukuhi hukm surib turgan maydon uzra ana shunday baxt ufurib turganiga guvoh bo‘lasiz.

– Men to‘rtinchi sinfda o‘qiyman, – deydi Rustam Orolov. – Yosh bo‘lsamda, orzularim bisyor. Musiqa va san’at maktabiga boraman. Ozmi-ko‘pmi muvaffaqiyatga erishyapman. Kelajakda ajoyib kuylar bastalab, yurtimning dovrug‘ini dunyoga tarataman. Bu archa biz bolalarga olam-olam quvonch bag‘ishlayapti.

Ha, yangi yil shunchaki bayram emas, yurtning farovonligi, fuqarolarning xotirjamligi ifodasidir. Archa tepasiga qo‘ndirilgan charog‘on yulduz esa bizni yanada nurafshon kunlar kutayotganini bildiradi.

Bu yerga kelgan har bir inson ajib bir fayzu tarovatni, go‘zallik va ulug‘vorlikni yurakdan his etadi. Erta tongda boshlangan shodiyona tun qorong‘usida ham davom etmoqda. Odamlar xotirjamlikda oilasi bilan dam olishmoqda. Osoyishta O‘zbekistonimizga ko‘z tegmasin, deya duolar qilishmoqda.

Dildora QARSHIBOYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: