Mukofot mehnat ortidan keladi
Yaqinda poytaxtimizda “Eng yaxshi nodavlat tibbiyot muassasasi tanlovi” o‘tkazildi. Unda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi “Akmal Dental Servise” xususiy klinikasi rahbari Akmal Yo‘ldoshev ham ishtirok etdi. Respublika miqyosida 2 ming 600 dan ortiq klinika orasida uning muassasasi namunali deb topildi hamda “2015 yil nodavlat tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi eng yaxshi rahbar nominatsiyasi”da faxrli o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Bu insonni kunora uchratib turaman. U oliy toifali tish shifokori. Kamtarin, kamsuqum, yoshu qari bilan birday qadrdon. Zaboni shirin, dardingizni so‘z bilan davolovchi psixolog.
Akmal Yo‘ldoshev Toshkent Tibbiyot akademiyasining stomatologiya fakulteti (hozirgi Stomatologiya instituti)ni tamomlab, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Kitob tumanida klinika ochdi. Uni yo‘lga qo‘yishning o‘zi bo‘lmadi. Texnikalar, jihozlarni keltirish uchun anchagina kuch sarfladi. Malakali xodimlar jamoasini jamladi. Bu voqeaga ham o‘n yil bo‘ldi.
U AQSH, Ispaniya, Germaniya, Koreya Respublikasi kabi ko‘plab nufuzli davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro anjumanlarda ishtirok etib, malakasini oshirib qaytdi. Shundan so‘ng Shahrisabzda ham klinika tashkil etdi. Uni chet eldan keltirilgan tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozladi. Hozirda zamonaviy ko‘rinishdagi binoda barcha-shart sharoitlar muhayyo. Ayniqsa, bolajonlar uchun maxsus xona ajratilgan. Xona devorlari ertak qahramonlari suratlari bilan bezatilgan. Bolalarni ovutish uchun kutish zalida multfilm ham namoyish etiladi. Boshqa tumanlardan ham bemorlar kelib, shifokor nazoratiga navbatda turishadi. Bu esa, albatta, kasbi bilan odamlarning mehrini qozongan, ularning salomatligi uchun jonbozlik ko‘rsatayotgan Akmal akaning yutug‘idir.
Doimo ko‘tarinki kayfiyatda ishlaydi. “Kulguterapiya” qoidalariga amal qiladi. Bu shifokorning ish uslublaridan biri.
Ayniqsa, Keksalarni e’zozlash yili munosabati bilan tumanda yashaydigan ehtiyojmand nuroniylarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, bepul davoladi. Otaxon va onaxonlar duoga qo‘l ochib, eng ezgu niyatlarni aytishadi.
Dildora QARSHIBOYEVA