VATANGA BAXSHIDA KUY

uning sehri o‘zgacha bo‘ladi

Hademay yangi yil o‘z tarovati-yu, shukuhini odamlar qalbiga tortiq etib eshik qoqadi. Bayram arafasida oila a’zolari jam bo‘lib, dasturxon atrofiga yig‘ilishadi. Ko‘tarinkilik va mamnuniyat ularga hamroh bo‘ladi. Buning ortida ahillik, birdamlik rishtalari yanada mustahkamlanadi. O‘zaro mehr-oqibat oshadi. Baxt tantana qiladi. Shunday shod-xurramlik onlarida bolangiz kuni kecha o‘rganib kelgan yangi kuyni ijro etib bersa, boshingiz ko‘kka yetmaydimi?!

Ayni paytda mamlakatimizda san’at sohasiga, ayniqsa, musiqa yo‘nalishiga qiziqishi baland iste’dodli yoshlar talaygina. So‘nggi yillarda yurtimizda, shuningdek, nufuzli xalqaro tanlovlarda ishtirok etib yuksak o‘rinlarni egallab kelayotgan yoshlar fikrimiz isboti sanaladi. Ularning bunday muvaffaqiyatga erishishida mamlakatimizda faoliyat yuritib kelayotgan musiqa va san’at maktablari yaqin ko‘makdosh bo‘layotir.

Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi 16-sonli musiqa va san’at maktabida ham ko‘pgina yoshlar musiqa sir-asrorlarini qunt bilan o‘rganishmoqda. Yurtimizning olis tumanidagi mazkur dargoh bilan yaqindan tanishish maqsadida muassasaga yo‘l oldik.

Maktab hovlisidan sekin-astalik bilan bino ichiga kirib borar ekansiz, zamonaviy va ko‘rkam qurilgan mazkur majmuani ko‘rib maktab bilan tezroq tanishishga oshiqasiz. Maqsadimizdan xabar topgan muassasa direktori Itolmas Hotamov bizni ochiq yuz va xushmuomalalik bilan kutib olib, darhol maktab binosi, unda ta’lim olayotgan o‘quvchilar faoliyati bilan yaqinroq tanishtirish maqsadida sinf xonalariga yo‘l boshladi.

– Viloyatimizning nufuzli, bolalarimizning quvonchiga sababchi bo‘lgan 16-sonli musiqa maktabimizning yangi binosi 2014-yilda qurib o‘quvchilar ixtiyoriga topshirildi, – deydi muassasa rahbari shinam va yorug‘ sinf xonalari bilan tanishtirar ekan. – Muassasada 32 nafar o‘qituvchi “O‘zbek xalq cholg‘u asboblari”, “Fortepiano”, “Estrada cholg‘u”, “An’anaviy xonandalik”, “An’anaviy ijro”, “Tasviriy san’at” hamda “Amaliy san’at” yo‘nalishlari bo‘yicha 171 nafar o‘quvchiga ta’lim berib kelmoqda. Mazkur dargohda o‘quvchilar o‘zbek xalq cholg‘u asboblari uchun 5 yil, fortepiano va skripka uchun 7 yil davomida saboq olishadi. Quvonarlisi bu yerda hech bir bola shunchaki ta’lim olmaydi. Ularni kuzata turib har bir dars va mashg‘ulotlarga dildan ishtirok etishiga guvoh bo‘lamiz. Bu esa biz ustozlarning shijoatiga kuch-quvvat baxshida etadi. Avvallari eski binomizda 58 nafar o‘quvchi ta’lim olardi, – deydi bilim muassasa rahbari biroz o‘yga tolib. – U holatni yangi qurilib foydalanishga topshirilgan hozirgi binomiz bilan taqqoslab bo‘lmasdi. Endichi, endi, muassasamiz barcha zarur o‘quv jihozlari va musiqa asbob-uskunalari bilan ta’minlandi.

Яна ўқинг:  Маърифат гулшанин офтоби

Maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari yaratilgan sharoitlardan xursand. Ularning bu e’tiborga munosib javobi bor. So‘nggi yillarda bolalarimiz ko‘plab respublika miqyosidagi va xalqaro tanlovlardan yorug‘ yuz va albatta g‘alaba bilan qaytishmoqda. Oliy toifali o‘qituvchi, musiqa sohasida 40 yildan ortiq mehnat tajribasiga ega inson Ergash Gadoyevning xizmatlari natijasida o‘quvchilarimiz xalqaro tanlovlarda munosib o‘rinlarni egallab kelishyapti.

Chindan ham Qorako‘l tumanidagi 16-sonli musiqa maktabida ta’lim olayotgan o‘quvchilarning qo‘lga kiritayotgan yutuqlari ham salmoqlidir. Xususan 2014-yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan M. Qori-Yoqubov nomli respublika ko‘rik-tanlovida o‘quvchilardan 2 nafari Sherxon Safarov “Afg‘on rubobi”, Diyorbek Rahmonov esa “An’anaviy xonandalik” yo‘nalishi bo‘yicha faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Joriy yilda Zulfiyaxonim tavullidining 100 yilligi oldidan respublika miqyosida o‘tkazilgan “Zamonamiz kuychisi” ko‘rik tanlovida Murodbek Qurbonov 2-o‘rinni, Diyorbek Rahmonov 3-o‘rinni egalladi. Bahor oylarida Belorus Respublikasida o‘tkazilgan xalqaro tanlovda maktab o‘quvchisi Diyorbek Rahmonov 3-o‘rinni, Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tkazilgan xalqaro tanlovda esa 4-o‘rinni egalladi. Buning zamirida ta’lim dargohida faoliyat yuritib kelayotgan ustoz va murabbiylarning o‘rni va xizmatlari beqiyosdir.

– Poytaxtimizning Uspenskiy nomidagi musiqa bilim yurtida 11 nafar mamlakat vakillari ishtirok etadigan xalqaro tanlovda o‘quvchim Xudoyorbek Sattarov muvaffaqiyatli ishtirok etib maxsus sertifikat bilan taqdirlangani eshitib juda quvondim. Bu shogirdimning izlanishlari samarasi bo‘lsa biz kabi ustozlarning ulkan yutug‘i hamdir, – deydi Ergash Gadoyev. Yaqinda muassasamizda o‘qituvchilar va o‘quvchilar bilan birgalikda filarmoniya tashkil qildik va keksalarni e’zozlash yiliga bag‘ishlab katta kontsert uyushtirildi. Bu esa yillar davomida o‘quvchilarimizning olgan bilimiyu, o‘z iste’dodini yanada namoyon etishda ulkan imkoniyatdir.

Maktabda faoliyat olib borayotgan axborot-resurs markazi zarur va yetarli adabiyotlar bilan ta’minlangan. Darsdan tashqari o‘quvchilar o‘zlari uchun qiziqarli bo‘lgan badiiy kitoblarni doimiy ravishda mutolaa qilib borishadi. Dars xonalarida yaratilgan shart-sharoitlar, ularda olib borilayotgan jarayonlarni kuzatar ekanmiz, mazkur dargoh dunyoning hech qaysi musiqa maktabidan kam emas ekaniga yana bir bora amin bo‘ldik. O‘quvchilarning xor, fortepiano, royal, vokal xonalaridagi ijodiy muhitdan ertamiz egalarining oltinga teng vaqti besamar ketmayotgani ko‘rinib turibdi.

Ushbu dargohda ta’lim olayotgan yosh ijodkorlarning musiqa, san’atga bo‘lgan zavqini ko‘rib tinch va ozod yurtga kuy-qo‘shiqlar yarashaveradi, deb aytging keladi!

Яна ўқинг:  Барчамиз бирдек масъулмиз

Xurshida HUSENOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: