TA’TIL BAYRAMONA KAYFIYATDA O‘TADI
Yangi yil tobora yaqinlashgani sari barchaning chehrasiga ko‘tarinkilik inadi. Qalbdagi kayfiyat kishilarning yuzu ko‘ziga ko‘chadi. Ammo bayramning zavqini bolalar chehrasida ko‘rish maroqli. Zero, yangi yil ular uchun bu o‘ziga xos mo‘jizalarga boy bo‘lgan bayram. Yam-yashil bezatilgan archa atrofida sho‘x-shodon o‘ynayotgan bolalarga razm solganmisiz?! Ularning ko‘zlaridagi quvonchni hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydi.
Yaqinda bolalarning qishki ta’tili ham boshlanadi. Bolajonlarning ta’til kunlarini o‘ziga xos zavqli va mazmunli o‘tkazish maqsadida yurtimiz bo‘ylab ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan turli dasturlar ishlab chiqilib, chora tadbirlar amalga oshirilmoqda. Qator mutasaddi tashkilotlar ta’til kunlarida bolalar uchun turli qiziqarli loyihalar, xayriya konsertlari, bayram tadbirlari o‘tkazishni rejalashtirishgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 22 dekabrdagi “O‘zbekiston respublikasi o‘quvchilari va talabalarining har yilgi qishki ta’tili to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tugaydigan yilning oxirgi to‘rt kuni va yangi yilning birinchi o‘n kuni davrida O‘zbekiston Respublikasi o‘quvchilari ikki haftalik qishki ta’tilga chiqishlari belgilangan. Xususan, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati qoshidagi “Kamalak” bolalar tashkiloti tomonidan joylarda maxsus senariy asosida “Biz birgamiz”, “Ko‘chma archa” loyihalari, “Yangi yil karnavali”, “Yangi yil muborak”, “Qorbobo mahallada” kabi bayram tadbirlari tashkil etilishi belgilangan. Shuningdek, joriy yilning 23-24 dekabr kunlari poytaxtimizdagi “Yoshlar ijod saroyi”da “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilari, kam ta’minlangan oila farzandlari, ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan bolalar uchun “Kamalak”dan Yangi yil” xayriya konsert dasturi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Mazkur xayriya tadbirida bolalar uchun qiziqarli sarguzasht konsert dasturi, quvnoq o‘yinlar, sovrinli viktorinalar tashkil etilib, unga jami 4 ming 200 nafar bola jalb etilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari respublikamizdagi 23 ta “Mehribonlik” uyidagi jami 2 ming 245 nafar tarbiyalanuvchi, 86 ta maxsus maktab-internatidagi 17 ming 979 nafar o‘quvchi, 6 ta “Muruvvat” uyidagi 1 ming 507 nafar imkoniyati cheklangan bola uchun “Kamolot” kutubxonasi”dan yangi kitoblar, bolalar adabiyotiga oid ikkitadan to‘plam (jami 230 ta to‘plamda 5 ming 750 ta kitob) sovg‘a sifatida taqdim etilishi rejalashtirilmoqda.
Bolalar ob-havoning sovuq bo‘lishiga qaramasdan ta’tilda sayohatga chiqish, madaniy hordiq olish maqsadida, teatr, kino, sirk tomoshalarini ko‘rishga oshiqishadi. Bu borada “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham o‘zining salmoqli hissasini qo‘shib kemoqda. 27-dekabrdan 12 yanvargacha fond tomonidan “Mehribonlik”, “Muruvvat” uylari, maxsus maktab-internatlari tarbiyalanuvchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini joylarda tashkillashtiriladigan “Yangi yil” bayramiga jalb etish ko‘zda tutilgan. 8 yanvar kuni Toshkent shahridagi “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari Samarqand shahrining tarixiy obidalarini tomosha qilish imkoniga ega bo‘ladilar.
10 yanvardan 12 yanvargacha Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi “Mehribonlik” uylari, maxsus maktab-internatlari tarbiyalanuvchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarining qishki ta’til kunlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida O‘zbek Davlat sirkiga, Ichki ishlar vazirligiga qarashli Madaniyat saroyida bo‘lib o‘tadigan bayram dasturi, poytaxtimizdagi teatrlarda tashkillashtiriladigan yangi yil tabrlarida faol qatnashishini ta’minlashdan iborat.
Respublikamizda o‘quvchilarning ijodiy qobiliyatini yuzaga chiqarish, ularning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 28 fevralda qabul qilingan “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sir emaski, “Barkamol avlod” bolalar markazlari o‘g‘il-qizlarimizning sevimli maskaniga aylangan. Bugungi kunda maktabdan tashqari ta’lim muassasalari yuksak vatanparvarlik, insonparvarlik, milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalangan, keng dunyoqarashga ega, mustaqil fikrlovchi barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Chilonzor tumanining “Barkamol avlod” bolalar markazi ham qishki ta’tilni mazmunli o‘tkazish yuzasidan 2015 yilning 26 dekabr sanasidan 2016 yilning 10 yanvarigacha bolalarning dam olish kunlarini maroqli o‘tishini ta’minlash turli tadbirlar rejalashtirilgan.
– 2015 yilning 29 dekabr sanasida shahrimizdagi “Zarafshon” konsert zalida “Yangi yil yulduzlari” nomli konsert dasturi uyushtirish niyatidamiz, – deydi Chilonzor tumanining “Barkamol avlod” bolalar markazi direktori Umida Turg‘unova. – Biz bundan tashqari “Yangi yil kechasi”, “Mening sevimli bayramim” mavzularida rasmlar ko‘rgazmasini o‘tkazish va ingliz va rus tili to‘garaklarida Yangi yil bayrami mavzusida ochiq darslar tashkil etishni rejalashtirganmiz. Ta’til davomida amaliy san’at to‘garaklarida “Qorbobo ustaxonasi! ” nomli ko‘rgazma tashkil etilmoqda. Bolalarning qishki ta’til vaqtida ko‘plab turli xil tadbirlar uyushtirish orqali o‘quvchilarning ehtiyojlari va qiziqishlariga muvofiq ularning ijodkorlik qobiliyatlarini rivojlantirish hamda foydali dam olishini tashkil etish asosiy maqsadimiz.
O‘quvchilarni sog‘lom turmush tarziga oshno qilish, ularning doimiy sport bilan shug‘ullanishlarini ta’minlash maqsadida, bolalarning qishki ta’til kunlarida uch bosqichli sport o‘yinlarining bir bo‘g‘ini bo‘lgan “Umid nihollari” sport musobaqalarining tuman bosqichi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Muxtasar qilib aytganda yurtimizda bolalarning ta’til kunlarini yanada mazmunli o‘tkazish maqsadida joylarda bayram shodiyonalari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Zero, farzandingizning bilim olish yo‘lidagi navbatdagi muvaffaqiyati ta’til kunlaridagi hordiq olishiga bevosita bog‘liq.
Charos XUSHVAQTOVA