HUQUQBUZARLIKLARNING OLDI OLINMOQDA
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Odamlar mehnatidan foydalanish va ularni yollash bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huquqbuzarliklarning oldini olish bosh boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbirda inson huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasi davlatimiz siyosatining, milliy qonunchilik tizimining asosini tashkil etishi alohida ta’kidlandi. Bu jarayonda jamiyat taraqqiyoti va ko‘plab davlatlar rivojiga jiddiy xavf tug‘dirayotgan transmilliy jinoyatchilik – odam savdosiga qarshi kurashish alohida e’tiborda. Mazkur masalaga keng jamoatchilik e’tibori jalb qilinib, bunday jinoyatlardan aholini, ayniqsa, yoshlarni ogoh etish maqsadida barcha ta’sirchan vositalardan unumli foydalanilmoqda.
– Prezidentimiz Islom Karimovning 2008 yil 8 iyuldagi “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashish borasidagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishda muhim omil bo‘layotir. Mazkur qaror hamda boshqa qonunchilik hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida mahalla profilaktika inspektorlari fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari faollari, posbonlar bilan hamkorlikda doimiy faoliyat yuritayotir. Huquqbuzarliklar profilaktikasi tadbirlari natijasida odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi to‘rt yuzdan ziyod shaxs aniqlanib, ularga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilgani shundan dalolat beradi, – deydi IIV Huquqbuzarliklarning oldini olish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ismoil Himmatov.
Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishadi.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri