SPORTDA TOBLANGAN IQTIDOR
Muntazam sport bilan shug‘ullangan insonning nafaqat sog‘ligi mustahkamlanadi, balki unda sabrlilik, metin iroda kabi insoniy fazilatlar shakllanadi.
Sakkiz yildan buyon sportning erkin kurash turi bilan muntazam shug‘ullanib kelayotgan xalqaro turnir g‘olibi Zokirjon Mansurov bilan suhbatlashganimda bunga yana bir bor amin bo‘ldim.
Zangiota tumani Keles shahrida yashovchi Qudratilla aka hamda Nigora opa to‘ng‘ich farzandlari Zokirjon sportning erkin kurash turini tanlaganda unga qarshilik qilishmadi. Aksincha, xursand bo‘lib, o‘g‘liga tanlagan yo‘lida dastak bo‘lishdi.
Undagi sportga bo‘lgan qiziqish va shijoatni Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 1-sonli bolalar va o‘smirlar sport maktabida faoliyat yuritayotgan murabbiy, xalqaro toifadagi sport ustasi, “Do‘stlik” va “Shuhrat” medali sovrindori Nurlan Djaksalikov o‘z vaqtida payqab, uni to‘g‘ri yo‘naltira oldi. Ota bildirgan ishonch, ustozning bergan o‘git va saboqlari besamar ketmadi. Zokirjon 2009-yil yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Yosh sportchining bu g‘alabasi unga yanada dalda bo‘lib, kelajakda yangi-yangi marralarni zabt etishga turtki bo‘ldi.
Zokirjonning 2011-yildagi Turkiyada, 2012-yilda Ozarbayjon va Rossiyada, dekabr oylarida Qozog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi xalqaro tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritishi yaqinlariga bir olam zavq ulashdi.
– Har bir sohaning o‘z qiyinchiliklari bo‘lgani kabi, sportning ham o‘ziga yarasha murakkabliklari bor. Ammo, musobaqalarda ishtirok etib, g‘alabani qo‘lga kiritganim sharafiga davtlatimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangraganda barcha qiyinchiliklar unutilib, qalbimda anglab bo‘lmas, hislar tug‘yon uradi, deydi Z.Mansurov.
Zokirjon taqdirini sport bilan bog‘lagandan boshlab, fe’l-atvorida ancha qat’iyatlilik, bosiqlik o‘z ustida tinimsiz ishlashi, qo‘lga kiritgan natijalarini yanada yaxshilashga intilish kabi fazilatlarning namoyon bo‘lishi bu sportning mo‘jizaviy kuchidan dalolat.
Ayni paytda Zokirjon Mansurov Olimpiya zahiralari kollejida tahsil olish bilan birga shu yili aprel oylarida Ozarbayjon davlatida, may oyida esa Tailandda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatiga, avgust oyida Bolgariya mamlakatida o‘tkaziladigan jahon birinchiligiga tayyorgalik ko‘rmoqda. Biz bu yosh sportchimizga orzularing ushalaversin, deya ezgu niyat bildiramiz.
Ma’rifat TOLIPOVA