UMIDLAR RO‘YOBI IJOBAT MASKAN

Maktabni bitirar chog‘larim ko‘zimning ko‘rish qobiliyati ancha pasayib, ustoz­larim yordamida o‘qishni arang tamomlagan edim. So‘ngra ota-onamga, faqat uy yumushlaridagina qarashib, bo‘sh vaqtim bo‘ldi deguncha televizor ko‘rardim. Turli kino va ko‘rsatuvlarni tomosha qilarkanman, o‘zimni ulardagi qahramonlarga taqqoslab, hayotimdan mazmun qidirardim.

Qo‘limdan biron ish kelmasligini o‘ylab siqilardim. Kelajagimga qarasam bo‘m-bo‘shdek ko‘rinardi. O‘zimni keraksizday his qilardim. Shu zaylda oradan olti yil o‘tdi. Kunlardan bir kuni televizorda ko‘zi ojiz bir ayol chiqib qoldi. U Nizomiy nomidagi pedagogika universitetida o‘qiganini va hozirda o‘z mutaxassisligi bo‘yicha faoliyat yuritayotgani haqida gapirardi. Shu payt xayolimga “yarq” etib ko‘zi ojizlar yozuvini o‘rganishim zarurligi, keyin men ham oliy o‘quv dargohida o‘qishim mumkinligi haqidagi ajoyib fikr kelib qoldi. Bu yozuvni o‘rganish uchun nima qilish kerak, qayerga murojaat etish zarurligi haqida esa bilmasdim. Ko‘p joylardan bu haqida so‘rab-surishtira boshladim. Oxiri Sirdaryo viloyati Ko‘zi ojizlar jamiyatini topganimdan so‘ng u yerdagi xodimlar meni o‘sha maxsus kasb-hunar kollejiga yuborishdi. Shunday qilib ko‘zi ojizlar uchun maxsus Lui Brayl yozuvini o‘rgandim. Bu yozuvdan tashqari ustozlarimiz bizga to‘quvchilikni ham o‘rgatishgan edi. Kollejni bitirgach, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti falsafa fakultetida psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha o‘qidim. Hozirgi vaqtda poytaxtimizning Mirobod tumanidagi 125-umumta’lim maktabida psixolog bo‘lib ishlayapman. Ha, ozmi-ko‘pmi odamlarga nafim tegayotganidan, jamiyatda o‘z o‘rnim borligidan xursandman.

Hozirgi vaqtda imkoniyati cheklangan o‘quvchilar qanday o‘qiyotgani va ularning shart-sharoitlari bilan tanishish maqsadida Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisos­lashgan respublika kasb-hunar kollejiga yo‘l oldim. Ilgari men o‘qigan paytda bu kollej Chilonzor tumani “Cho‘ponota” mahallasida joylashgan edi. Bu muassasani qanday izlab top­ganim-u, u yerga qanday qilib kelib qolganim haqida eslar ekanman, birin-ketin ko‘z oldimda o‘sha damlar kinolentaday jonlana boshladi.

Kollej darvozasidan kirayotib qorovuldan ustozlarim Nasiba opa Can’ato­va, Baxtiyor aka Eshaliyev hamda G‘ofur aka Nazarovni so‘radim. Ularning darslari tugab, uyga ketishgan ekan.

– Unda direktorning yoniga kirsam bo‘ladimi? – deb so‘radim qorovul amakidan.

– Ha, albatta.

Direktor Ikrom aka Boboqulov yoniga kirib o‘zimni tanishtirganimdan so‘ng nima maqsadda kelganimni aytdim.

Yana o‘qing:  GURUCHARIQNING CHINAKAM FAXRI

– Psixolog bo‘lsangiz hamkasbingiz bilan tanishtiraman. U sizni qiziqtirgan barcha savollaringizga javob beradi.

Kollej psixologi Manzura Mirzahamidova menga o‘quv dargohi haqida so‘zlab berdi:

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga qarashli Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashgan respublika kasb-hunar kolleji 1935 yilning dekabr oyida sobiq bilim yurti negizida tashkil etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yildagi qaroriga asosan kollejga Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashgan res­publika kasb-hunar kolleji maqomi berildi.

Kollejga O‘zbekistonning barcha hududlaridan turli darajadagi nogironligi bo‘lgan viloyat, tuman bandlikka ko‘maklashuv, aholini ijtimoiy muhofaza qilish hududiy markazlarining yo‘llanmalari va TMEK – tibbiy mehnat ekspert komissiyasi xulosalari asosida umumiy o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan imkoniyati cheklangan shaxs­lar o‘qishga qabul qilinadi. Kollej bitiruvchilariga davlat attestatsiya komissiyasining qaroriga binoan o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limini egallagani to‘g‘risidagi diplom beriladi. Ushbu maskanda O‘rta Maxsus kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv das­turi va rejalar asosida yoshlarga yetti xil yo‘nalish bo‘yicha kasb malakalari o‘rgatiladi.

Keng turdagi kiyimlar uslubchi kons­truktori, radioelektron uskunalarni montaj qilish, sozlash va ta’mirlash bo‘yicha texnik, kompyuter va kompyuter tizimlarini sozlash va ta’mirlash texniki, buxgalter, yakka buyurtmali poyabzal buyumlarni tayyorlovchi va ta’mirlovchi, maishiy xizmat mashinalari va asboblarini ta’mirlash, to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish texnik-texnologi (ko‘zi ojizlar uchun).

– Ko‘zi ojizlar va zaif eshituvchilarga to‘quvchilik, tikuvchilik, poyabzal ta’mirlash va maxsus ovozli kompyuter yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim beriladi. Qolgan sohalar bo‘yicha tayanch harakati sust bo‘lgan imkoniyati cheklangan yigit-qizlar o‘qishadi, – dedi M. Hamdamova.

O‘quvchilarning yashash sharoiti bilan tanishish maqsadida ularning yotoqxonalariga yo‘l oldik. Yotoqxonaning kiraverish joylari keng, ikkala tomonga ham divanlar qo‘yilgan. Yo‘laklar ham shinam va yorug‘ bo‘lib har bir xona ikki va uch kishi uchun mo‘ljallangan holda jihozlangan edi. Kutubxona, ayniqsa, psixologik trening o‘tkazish uchun ajratilgan xona, oshxona, yuvinish xonalari ham ozoda va chiroyli.

O‘quvchilarning ijod namunalari bilan tanishar ekanman, yorqin ranglar bilan juda chiroyli ishlangan asarlarni ko‘rib, ularda hayotga bo‘lgan kuchli ishtiyoq, shijoat va o‘zgacha ko‘tarinkilik borligiga guvoh bo‘ldim.

Yana o‘qing:  Omad kaliti – bilim

Ha, bu yurtda inson qadri – aziz. Bolalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va davlatimiz siyosatining asosiy bo‘g‘ini bo‘lmish ijtimoiy himoya masalasida amalga oshirilayotgan ishlar so‘zimizning isbotidir.

Matluba TAGAYEVA,

Mirobod tumanidagi 125–umumta’lim maktabi psixologi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: