Eng yaxshi pedagoglar aniqlandi
“Turkiston” saroyida “Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi” respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi ijrosi doirasida jahon andozalariga mos ta’lim tizimi shakllantirildi. Bu jarayonda barkamol avlodni tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifani sidqidildan bajarib kelayotgan ustoz-murabbiylarning ta’lim-tarbiyasidan bahramand bo‘lgan qobiliyatli yoshlar safi tobora kengaymoqda. Ta’lim sohasiga qaratilayotgan doimiy e’tibor tufayli pedagog kadrlar bilim va malakasini oshirish, o‘z ustida muntazam ishlashini ta’minlash, tajribasini ommalashtirish ishlari jadal olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tanlovning quyi bosqichida mingdan ziyod pedagog ishtirok etdi. Unda o‘qituvchilarning o‘qitish metodikasi, qobiliyati, ilg‘or pedagogik texnologiyalar va interfaol usullardan foydalana olish darajasi, ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini ta’lim-tarbiya jarayoniga nechog‘li joriy etishi sinovdan o‘tkazildi.
Bu kabi ko‘rik-tanlovlar yoshlarni tarbiyalash ishiga katta hissa qo‘shayotgan o‘qituvchi va murabbiylarning obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirish, mehnatini rag‘batlantirishga qaratilgan.
Tanlovda 23 yo‘nalish bo‘yicha 59 pedagog g‘olib va sovrindor bo‘ldi. Ularning bilim va mahorati “Mutaxassisligi bo‘yicha eng yaxshi pedagog”, “Eng yaxshi pedagog tadqiqotchi”, “Innovatsiya va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi pedagog” nominatsiyalari bo‘yicha ham aniqlandi. Faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.
V. PO‘LATOVA