Go‘dak chehrasida baxt tug‘iladi

Yangi tug‘ilgan chaqaloq hali mitti bo‘lishiga qaramay yorug‘ olamni o‘zining jajji tafakkuri ila kashf etadi. Hayotning ilk kunidayoq onasini biladi. Bir oylik bo‘lmasidanoq, ota-onasini so‘zlaridan, qo‘llaridan biri-birini farqlay oladi, yig‘i va kulguning mazmun-mohiyatini fahmlaydi. Tajribali pediatr-shifokor Zaynab opa shu haqida o‘ylar ekan har safar chaqaloqni qo‘liga olganda go‘dakning beg‘ubor diydoriga boqib to‘ymaydi. Undan taralayotgan yoqimli bo‘ydan qalbi huzurlanadi. Ehtimol shuning uchundir shifokor ayol har tong tug‘ruqxonaga yo‘l olar ekan go‘daklarning holati va ularning salomatligi borasida mushohada qilib keladi.

Buxoro viloyati Peshku tumani Tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq majmuasidagi chaqaloqlar bo‘limida katta hamshira lavozimida ishlab kelayotgan Zaynab opa Nurova o‘z kasbining hadisini olgan tajribali ayol. Ilk dunyoga kelgan chaqaloqni parvarish qilish, unga birinchi yordam ko‘rsatish, bu paytda go‘daklarda uchraydigan turli xil kasalliklarning oldini olish borasida u ko‘p yillik tajribaga ega. Zaynab opa Nurova 35 yildan ortiq umrini ana shu go‘shaga baxshida etgan. U bilan yaqindan tanishar ekansiz hamisha mehnat faoliyatida band uchratasiz. Goh bo‘limidagi hamshiralar bilan chaqaloqlarning umumiy ahvoli xususida suhbatlashadi, goh go‘daklarning holidan xabardor bo‘lish maqsadida birma-bir xonalarga kirib ularni ko‘zdan kechiradi. Ba’zan esa erinmay yosh onalarga go‘dak parvarishi, ovqatlantirish tartibi, ularda uchraydigan xastaliklar hamda davo choralari xususida tushuntirishlar olib boradi.

Bolaning kelajakda durkun bo‘lib voyaga yetishida uning chilla davridagi parvarishi muhim sanaladi. Zero, qadim-qadimdan momolarimiz ham chaqaloqning va yangi bo‘shangan onaning chilla davriga jiddiy e’tibor qaratishgan. Ayol go‘dak parvarish qilish malakasini ilk bora tug‘ruqxonadagi doyalardan, pediatr-shifokorlardan, hamshiralardan oladi. Bunda esa o‘z-o‘zidan ezgu kasb egalari tajribasi yaqqol ko‘zga tashlanadi. O‘z kasbining mas’uliyatini chuqur his etgan Zaynab opa o‘ziga nisbatan nihoyatda talabchan. U doimo sohaga doir yangiliklardan boxabar bo‘lishga intiladi, izlanadi. Bu borada tez-tez tibbiy adabiyotlarga murojaat qiladi. Hamkasblaridan, shogirdlaridan o‘rganayotganlari ham yo‘q emas. Uning nazdida shifokor ish faoliyatini o‘qimasdan, o‘rganmasdan, takrorlamasdan boshlamaslik mumkin emas. Zero, o‘rtada inson taqdiri bor. So‘zlarida samimiylik, nigohlarida mehr balqib turgan ayol unga murojaat qilgan har bir insonni e’tiborsiz qoldirmaydi. Imkon topdi deguncha yordamga oshiqadi, qimmatli maslahatlarini ayamaydi. Zaynab opa Nurova kunlik mehnat faoliyatini oldindan qat’iy tartib bilan belgilab oladi. O‘z ishida halollik, va mehnatiga sidqidildan yondashib ish ko‘rish uning hayotiy mezonlaridan biri sanaladi. Hamkasblari, el-ulusdan bu ayol haqida so‘rasangiz uning mehribon, samimiy eng muhimi o‘z mehnatiga qalb qo‘rini bergan mehnatkash ayol, deya yaxshi so‘zlar bilan hurmatlashadi. Kasbiga umrini baxshida etgan ayolning mehnati munosib baholanib, joriy yilda II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlandi. Ammo kamtarin ayol mukofotini sira pesh qilmaydi. Bu haqda so‘z ochadigan bo‘lsak bormi, “Barchasi jamoamizning, tibbiyot birlashmamizning mukofoti-da”, – deb qo‘yadi jilmayib.

Yana o‘qing:  Xushxabar raqamlar (2015-49)

Prezidentimiz taklifi bilan 2016 yil Sog‘lom ona va bola yili deb e’lon qilinishi ham barcha shifokorlar kabi Zaynab opa Nurovani ham behad quvontirdi. Bunga o‘zining munosib javobini ayta olish niyatida qalbida bugungi kunning rejalarini tuzadi. Shuningdek, ayolning qalbini yana xavotir, g‘amxo‘rlik hissi egallab oladi. Bu kechinmalar va xavotirlar ortidan kasbga bo‘lgan hurmat va mas’ullik hissini angalash qiyin emas. Zero, o‘z kasbiga fidoyi insonlargina ana shu kechinmalarni yuragidan o‘tkazadi va ular hamisha e’tirof va ehtiromga sazovordirlar.

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: