2016 yil – Sog‘lom ona va bola yili: BARDAVOM EZGU MAQSAD SARI
Ma’lumki, bu yorug‘ olamda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, farzand deb atalmish bebaho ne’mat bor. Har qaysi ongli inson jondan aziz farzandining baxtini, kamolini o‘ylab, hamisha ezgu orzu-intilishlar bilan yashaydi, o‘z zurriyodining har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lishini istaydi.
Sog‘lom bola, sog‘lom avlod orzusi ajdodlarimizdan bizga o‘tib kelayotgan, qon-qonimizga singib ketgan azaliy intilishdir. Agar ota-bobolarimizning turmush va tafakkur tarziga nazar solsak, ular insonning nasl-nasabiga, yetti pushtining tozaligi, avlodning sog‘lig‘iga juda katta e’tibor berganini ko‘ramiz.
Sog‘lom bola sog‘lom va ahil oilaning mevasi bo‘lib, faqatgina sog‘lom onadan sog‘lom bola tug‘iladi. Asrlar davomida o‘z tasdig‘ini topgan bu haqiqatni tushuntirib, izohlab o‘tirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman.
Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasidan
Poytaxtlik Zulfiya Rahmatullaevaga bayram qo‘sh quvonch olib keldi. Yosh ona “8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni”da ilk qizaloq farzandini dunyoga keltirdi.
Farzand – oila quvonchi, ona – xonadon farishtasi. Ularning salomatligi ko‘nglimizning xotirjamligi, halovatidir. Azaldan xalqimiz bolaning dunyoga kelishi, uning parvarishi va ta’lim-tarbiyasiga yuksak e’tibor qaratgan. O‘zaro mehr-oqibat tuyg‘ularini shakllantirish, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish, el ishiga kamarbasta, vatanparvar, jismonan chiniqqan va ma’nan yetuk avlodni kamol toptirish milliy mentalitet va umrboqiy qadriyatlarimizning asosini tashkil etadi.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishda Prezident Islom Karimov tomonidan kirib kelayotgan 2016 yilning Sog‘lom ona va bola yili deb nomlanishi yurtdoshlarimizni cheksiz quvontirdi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi mana yigirma ikki yildan buyon oilalar farovonligi, turmush xotirjamligini ta’minlovchi eng ulug‘ vosita – farzand salomatligi hamda uning kamolotini ta’minlash maqsadida faoliyat yuritib kelayotir.
Mazkur yo‘nalishda fond tomonidan turli xorijiy davlatlarning nufuzli tashkilotlari bilan yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro hamkorlik loyihalari ham bolalar salomatligini tiklashda muhim omil bo‘lmoqda. Shu bilan birga ona va bola salomatligini asrash, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga oshno qilish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, iste’dodli yoshlarni kashf qilish va ularga ko‘mak berish yo‘nalishlarida ham ko‘plab samarali ishlarni amalga oshirmoqda.
Bolalar salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlar natijasida mamlakatimiz nufuzli xalqaro tashkilot – “Save the children” tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra dunyoning 161 davlati ichida yuqori o‘nlikdan joy egalladi. Bu yuksak natija nimaning mahsuli? Albatta, istiqlol yillarida Yurtboshimiz rahnamoligida aholi salomatligini ta’minlash, ayniqsa, mamlakatimiz kelajagi – yosh avlodni ma’nan va jismonan sog‘lom voyaga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar. Shuningdek, kishilarning dunyoqarashi o‘zgargani, farzand ta’lim-tarbiyasiga e’tibor kuchaygani, eng muhimi, oilalarda ota-onani bola oldidagi mas’uliyatining ortganidir. Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar bolalarning sog‘lom va barkamol ulg‘ayishiga zamin hozirlayotir. Bu borada “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davri davomida fond tomonidan nogironlik, tug‘ma va irsiy xastaliklarning oldini olish maqsadida respublika skrining markazlari bilan hamkorlikda 100 ming 273 nafar yangi tug‘ilgan chaqaloqlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Kasallik aniqlangan holatlarda bemorlar Respublika Skrining markazida bepul tibbiy xizmat va dori-darmonlar bilan ta’minlandi.
Shu o‘rinda fondning tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi tomonidan amalga oshirilgan ishlarni aytib o‘tish joiz.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar islohot uchun emas, avvalo, inson manfaatlari uchunligini bugun butun dunyo e’tirof etmoqda. Bolalar salomatligini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘plab xorijiy davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Barcha sohalar singari sog‘liqni saqlash yo‘nalishida yo‘lga qo‘yilgan xalqaro hamkorlik aloqalari ham bunga misol bo‘la oladi.
Xususan, Germaniyaning “Friedensdorf International”, Janubiy Koreyaning “Vision Care Servise” xalqaro tashkilotlari, “Junior Chamber International – JCI” va Cha universiteti qoshidagi Pundan Cha gospitali va ko‘plab xalqaro tibbiy muassasalar bilan bolalar salomatligi yo‘lidagi hamkorlik ishonchli yo‘lga qo‘yilgan va bu ezgu an’ana tusini olgan. Buning natijasida “tug‘ma yurak nuqsoni”, “terining kuyishdan keyingi asoratlari” va “lab-tanglay nuqsoni” tashxisi qo‘yilgan bemor bolalar xorijiy davlatlarning tibbiyot muassasalarida salomatliklarini tiklab qaytishmoqda.
Ular safida mamlakatimizning olis va yashash noqulay bo‘lgan hudud farzandlarining borligi yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmagani, har bir bolaning taqdiri, uning kelajagi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganining yaqqol dalilidir.
“Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q”. Prezidentimiz istiqlolning dastlabki yillaridanoq olg‘a surgan mazkur g‘oya bugun o‘zini tom ma’noda oqladi. Vatanparvar, oilaparvar, mehr-muruvvatli, el ishiga kamarbasta avlodni kamol toptirish ezgu maqsadga aylandi. Ko‘pgina tashkilotlar qatori “Sog‘lom avlod uchun” fondi ham bu borada xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘layotir.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari hamda “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari uchun ko‘ngilochar tadbirlar, mamlakatimizning tarixiy obida va qadamjolari, Samarqand, Buxoro, Xorazm singari boy madaniy merosga ega shaharlarga sayohatlar tashkil etilmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan bolalarda Vatanimiz tarixi, ulkan madaniy va ma’naviy merosimizga ehtirom tuyg‘ularini shakllantirish bilan bir qatorda turli yot g‘oyalarga qarshi mustahkam ma’naviy immunitetni hosil qilishga yordam beradi. Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi bilan hamkorlikda tajribali rassomlar va yosh ijodkorlarning turli badiiy ko‘rgazmalari tashkil etib kelinmoqda. “Navro‘z sadolari”, “Kamalak yulduzlari” ko‘rik-tanlovlari shular jumlasidandir. Mazkur tanlovlarda har yili minglab iqtidor egalari o‘zining iste’dodini sinovdan o‘tkazadi.
Qolaversa, fond tomonidan nafaqat ijodga havasmand, balki, ilm-fan, sport sohalarida ham o‘z mahoratiga ega yoshlar uchun ham turli musobaqalar tashkil etish an’ana tusiga kirib ulgurgan. Fond tomonidan 2015 yilning o‘tgan vaqti davomida 523 ta sport tadbirlari o‘tkazildi.
Albatta, bugun mamlakatimizda ulg‘ayib kelayotgan har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodning shakllanishida oila muhiti, ota-ona salomatligi muhim ahamiyat kasb etadi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AK bilan hamkorlikda tashkil etiladigan “Salomatlik” poyezdlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatining ekologik noqulay va chekka, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining tog‘li hududlariga muruvvat yuklari olib borish, u yerdagi aholini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish va to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda ularga zaruriy yordamlarni ko‘rsatish singari vazifalarni bajarib kelmoqda. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida fond va uning hududiy filiallari orqali mamlakatimizda aholining kam ta’minlangan ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj qatlamiga jami 795 dona nogironlik aravachalari, 188 dona ortopedik mahsulotlar, 7 dona maxsus velosiped, 7 dona velo-aravachalarni xayriya sifatida taqdim etdi.
Aholining reproduktiv salomatligini yaxshilash, tug‘ish yoshidagi ayollarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va doimiy nazoratga olish, ularning bepul vitaminlar bilan ta’minlash, yurtimizning chekka hududlarida istiqomat qilayotgan aholini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish maqsadida joylarda qishloq vrachlik puktlarini barpo etish va zamonaviy tibbiy uskunalar hamda malakali kadrlar bilan ta’minlash yuksak darajada amalga oshirildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Ona va bola skrining markazlarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Perinatal markazlar tashkil etildi. Tug‘ruq komplekslarida qayta qurish va ta’mirlash ishlari olib borilib, zamonaviy tibbiy jihozlar o‘rnatildi.
2009-2013 yillar mobaynida 227 ta tug‘ruq muassasalari zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Andijon, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida zamonaviy Perinatal markazlari tashkil etildi, qishloq joylarda 1,5 mln. nafardan ortiq homilador ayollar davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan polivitamin komplekslari bilan ta’minlandi.
AQSHning “Resource and Policy Exchange” xalqaro tashkiloti tomonidan 2015 yilning 15 aprelida vitaminlar bilan boyitilgan quritilgan sabzavot sho‘rvasi ko‘rinishida muruvvat yordami keltirildi. Mazkur muruvvat yuki O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirliklari va “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining taqsimotiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasiga, viloyatlar va Toshkent shahriga insonparvarlik yordami sifatida jo‘natildi. Hamda respublikamizdagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarga, “Go‘daklar”, “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari, “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida yashayotgan keksa va yolg‘iz, parvarishga muhtoj qariyalar uchun tarqatildi.
2016 yil – Sog‘lom ona va bola yili mamlakatimizda onalik va bolalik muhofazasini yangi bosqichga ko‘taradi. Xususan, barcha qatori bu yil “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayri fondi zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Biz kelgusi yilda ham yuqoridagi tadbirlarni davom ettirgan holda faoliyat qamrovini yanada kengaytirib, Vatanimiz uchun har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash ishiga o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shamiz.
SHU O‘RINDA
Joriy yilda respublika miqyosida 110 ming 910 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shulardan 55 ming 216 nafarini ayollar, 29 ming 657 nafarini bolalar, 15 ming 363 nafarini o‘smirlar (shundan 12 ming 567 nafari o‘smir qizlar) tashkil qilgan bo‘lsa, tibbiy tekshiruvlardan o‘tgan erkaklar soni 11 ming 647 nafarga yetdi.
Svetlana INAMOVA,
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi