Yaxshining bog‘i abadiy meva beradi

Yo‘llar. Birda olis, birda yaqin. Ba’zan qirovli, ba’zan gullarga burkangan so‘qmoqlarda har bir inson vaqt otliq chavandozning ortidan ergashadi. Yo‘lning adog‘i qayerda tugashi emas qanday tugashi hayot mazmunini belgilab beradi. Zamondoshlarimizdan biri Baxtiyor Sobitov umr yo‘lini atrofdagilarga yaxshilik ulashish bilan bezamoqda.

Mana, bugun ham u erta tongdan tramvay avtoparkiga yo‘l oldi. Yuzlab yo‘lovchilarni o‘z manziliga yetkazish uchun tong sahardan tun qorong‘usiga qadar xizmat vazifasini bajaradi. Qariyb yigirma yildan buyon tramvay haydovchisi bo‘lib mehnat qilayotgan Baxtiyor aka yangi yil arafasida qirq sakkiz yoshni qarshi oladi.

– Quyoshning ufqdan bosh ko‘tarishidagi tarovatni meningdek kuzatuvchi bo‘lmasa kerak, – deydi qahramonimiz. – Yilning to‘rt faslida ham quyoshdan oldin uyg‘onib, sevimli ishimni boshlashim hamonoq ro‘paramdan quyosh nurlari paydo bo‘ladi. Go‘yoki, u bugun ham menga oq yo‘l tilayotgandek.

Inson umri ham asli tramvay yo‘lidek. Har bekatida turli fe’l-atvorli insonlar uchraydi. Ayniqsa, ertalabki gavjumlikdan xushnud bo‘laman. Negaki, ko‘zu-qoshi bir biriga uyqash o‘quvchi-yu talabalar bilim dargohiga oshiqadi. Ularning ko‘zlari quvonchga to‘la, g‘ayrati ichiga sig‘maydi.

Bu voqeaga ancha bo‘ldi. Doimgidek ish kunida tramvay salonida bir bolakayning yig‘i ovozini eshitdim. Deyarli oxirgi bekatga kelib qolgandim. To‘xtab, o‘grilib qarasam sakkiz yo to‘qqiz yoshlar atrofidagi bola. Yonimga chaqirdim. Maktabdan qaytayotib, bekatidan o‘tib ketibdi. Bola emasmi, adashib qoldim, deb yig‘lab yubordi. Uni shunchaki qoldirib ketolmadim. Uyiga olib borib qo‘ydim.

Oradan ancha vaqt o‘tdi. U voqea xayolimdan ko‘tarilib ketgandi… Bir kuni qizim og‘ir xastalikka chalindi. Shifoxonaga yugurdim. Qizimni operatsiya qilgan yosh shifokor uning sog‘ligi ancha yaxshiligini aytib xavotirimni aritdi.

– Kechirasiz aka, ko‘zimga tanish ko‘rinasiz? – deb qoldi shifokor.

– Qaydam, bo‘lsa bordir. Odam-odamga o‘xshaydi-da.

– Siz tramvay haydarmidingiz?

– Ha.

– Meni eslolmasligingiz tabiiy, o‘shanda to‘qqiz yoshda edim. Adashib qolganimda uyimga olib borib qo‘ygandingiz.

Sevinib ketdim. Kechagina yo‘l topolmay yig‘lab yurgan bolakay, bugun oq xalat kiygan jarroh bo‘lib ulg‘ayibdi. Yana u qizimning hayotini asrab qoldi. Bu hayotda hech bir ish javobsiz qolmasligiga yana bir bor ishonch hosil qildim…

Yana o‘qing:  Shifotalab bolalarning zafarli safari

Deyarli har kunim ana shunday yaxshi insonlar bilan o‘tadi. Kasbimdan mamnunman. Har kuni odamlar orasida bo‘lganim sabab turli yangiliklarni eshitaman. Ayniqsa, men tramvay haydaydigan yo‘nalishning oxiri “Qo‘yliq” dehqon bozori bo‘lgani sabab biror nima xarid qilib chiqqanlar ko‘p bo‘ladi. Har biri yonidagi sherigi bilan olgan buyumlari haqida, narx-navo to‘g‘risida suhbatlashib ketadi. O‘zaro suhbatlar orasida qiziqarli hangomalarni aytib hammada kulgu uyg‘otadigan yo‘lovchilar ham talaygina. Ana shunday ko‘tarinki kayfiyatda manzil tomon odimlayveraman.

Sizlarga yana bir haqiqatni aytsam, men aslida Qozog‘iston Respublikasining Chimkent shahrida tug‘ilganman. Taqdir taqozosi bilan Toshkentga ko‘chib kelganmiz. Yigitlik paytlarimdan buyon shu yerda mehnat qilaman. El qatori yashayapman. Ayrimlar ishlash uchun qo‘shni mamlakatlarga ketishyapti. Bilishmaydiki, O‘zbekistondanda jannatmakon o‘lka yo‘q.

Dunyoning turli burchaklarida har kuni qandaydir ko‘ngilsiz voqealar yuz berayotgani haqida eshitamiz. Bizda esa osudalik hukmron. Ko‘ngil xotirjamligini hech qanday mablag‘ evaziga sotib olib bo‘lmaydi. Musaffo havoda yo‘lga otlanib, o‘tgan kunimdan mamnun bo‘lib oilam davrasiga qaytaman. Bunday xotirjamlik faqat bizning yurtda bor.

Darhaqiqat, tinchlik – eng oliy ne’mat. Baxtiyor akaning har bir so‘zida ana shu ne’matga shukronalik shukuhi sezilib turadi. Uning odamoxunligi, kishilar hayotiga befarq emasligi, samimiyligi yaxshi inson ekanidan dalolat beradi. Hamkasblarining aytishiga qaraganda, qahramonimiz o‘z kasbini sidqidildan bajarish bilan bir qatorda, yosh haydovchilar uchun ustozlik ham qilar ekan.

– O‘z kasbining chinakam fidoyilari sabab har bir sohada yutuqlarga erishyapmiz, – deydi “Toshshahartransxizmat” AK bosh mutaxassisi Farhod Nig‘monov. – Baxtiyor Sobitov ishga kelgan hamonoq, avvalo, tramvay salonini ko‘zdan kechiradi, uni texnik jihatdan ishga yaroqliligini tekshirib ko‘radi. Chang bo‘lgan yoki biror shikast yetgan o‘rindiqlar bo‘lsa, ularni o‘zi tozalab, ta’mirlab yurganini ham ko‘rganman. Tozalikka nihoyatda e’tibor beradi. Bu uning ko‘ngli pokligidan, ishiga mas’uliyat bilan yondashishidan dalolat. O‘z bilganlarini yosh haydovchilarga o‘rgatishdan charchamaydi. Ularga kasbga fidoyilikni uqtiradi. Bunday insonlar albatta har qanday e’tirofga loyiq.

Ha, yurtimizda barcha shart-sharoit xalq farovonligiga xizmat qiladi. Chin ko‘ngildan mehnat qilganlarning ishi e’tiborsiz qolmaydi. Baxtiyor aka ham mustaqilligimizning yigirma to‘rt yillik shodiyonasi arafasida “Toshkent shahar yo‘lovchilar tashish transporti faxriy xodimi” unvoni bilan mukofotlandi.

Yana o‘qing:  Umid nashidasi

– Odamlarga yaxshilik qilishga baxshida umr hech qachon zoye ketmaydi, degan ekan allomalardan biri. Men ham odamlarning og‘irini yengil, olisini yaqin qilishga astoydil harakat qilaman. Duo olgan omondir. Shu sababdan doimo keksalardan duo olishga intilaman. Ularning duolari, yurtdoshlarimning yuzlaridagi xushnudlikni ko‘rib, umrim bejiz o‘tmayapti deb, o‘ylayman. Kamtarona xizmatim davlatimiz tomonidan yuksak baholanganidan behad sevindim. Sochimning qora tolalari oz qolgan bo‘lsada kasbimga ishtiyoqim hali ham baland. Yana uzoq yillar 13-tramvayda, odamlar orasida xizmat qilishimdan xursandman. Qolgan gaplarni siz ham tramvayimga chiqib qolsangiz gaplashamiz.

Mo‘tabar NIZOMOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: