G‘urur va iftixorimiz timsoli

Davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsollardir. O‘zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, faxr-iftixor bag‘ishlaydi.

Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, ozod O‘zbekiston fuqarolari uchun mustaqillikning muqaddas ramzlari – Davlat gerbi, bayrog‘i, madhiyasi azizdir. Shu bois bayrog‘imiz yoki gerbimizga nazar solganimizda yoki madhiyamiz yangraganda biz ruhan jo‘shqinlikni, azmu shijoatimiz oshganini, qalbimizda g‘urur va buyuk istiqbolga ishonch tuyg‘usini his etamiz.

Shayx Najmiddin Kubroning jasoratini tarixdan yaxshi bilamiz. Hamon bu buyuk qahramonlik tildan tushmaydi, xalqimizni vatanparvarlikka, qahramonlikka chorlaydi. Yurt bayrog‘ini yov qo‘liga topshirishni istamagan Najmiddin Kubro uni qo‘lida mahkam tutgancha jon bergan. Tug‘ini jonidan ortiq asragan Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi o‘nlab buyuk sarkardalar hayoti ham bugun avlodlarimizga katta ibrat.

Vatanimiz mustaqillikka erishgach, 1991 yilning 18 noyabrida Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan “O‘zbekiston Res­publikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Yigirma to‘rt yildirki, Davlatimiz bayrog‘i xalqaro miqyosda mamlakatimiz obro‘-e’tiborini, yurtdoshlarimiz qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida hilpirab turgan bayroqlar orasida O‘zbekiston Respub­likasining Davlat bayrog‘i ham borligi qalbimizda g‘urur va iftixor tuyg‘ularini jo‘sh urdiradi. Shu yurt, shu muqaddas zamin farzandi ekanimizdan faxrlanamiz.

Davlatimiz bayrog‘i Prezident devoni, Oliy Majlis palatalari, Hukumat binosi, mahalliy boshqaruv idoralari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi diplomatik va savdo vakolatxonalari, konsullik muassasalarida hilpirab turibdi.

Prezidentimizning xorijiy davlatlarga rasmiy tashriflari davomida bayrog‘imiz o‘sha mamlakat ko‘chalarini bezaydi. Turli bayram tantanalarida, mamlakatimiz delegatsiyalari qatnashayotgan xalqaro tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimiz sharafi, xalqimizning g‘urur va iftixorini aks ettiradigan omillardan biri ham aynan bayrog‘imizdir.

Vatan himoyasi uchun harbiy qasamyod qilayotgan o‘g‘lonlar bayrog‘imiz oldida tiz cho‘kib, uni ko‘zlariga suradi. Xalqaro miqyosdagi musobaqalarda g‘alaba qozongan sportchilarimiz davlatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, g‘oliblik nashidasini suradi.

Davlatimiz bayrog‘i sportchilarimizga doimo kuch-qudrat, jasorat baxsh etadi. Sportchilarimiz 2015 yilning o‘tgan davrida milliy va olimpiya sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan qator xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Ular erishgan g‘alabalar sharafiga dunyo sport arenalarida O‘zbekiston bayrog‘i baland ko‘tarildi. Bu millionlab yurtdoshlarimiz qalbini cheksiz faxrga to‘ldirdi.

Yana o‘qing:  AJDODLARIMIZ O‘LCHOVLARINI BILASIZMI?

– Nufuzli sport musobaqalarida Vatanimiz sharafini himoya qilish bizga mas’uliyat, ayni paytda g‘urur bag‘ishlaydi, – deydi shaxmat bo‘yicha 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida jahon chempioni Shamsiddin Vohidov. – Davlatimiz madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz ko‘tarilganda qalbimiz faxr-iftixorga to‘ladi. Prezidentimiz tomonidan sog‘lom, barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilayotgan e’tibor, sport bilan shug‘ullanish uchun yaratilayotgan qulay sharoit tufayli shunday ulkan yutuqlarga erishmoqdamiz.

Davlatimiz bayrog‘idagi har qaysi rang, har bir belgi chuqur ma’no-mazmunga ega. Ular milliy davlatchiligimiz tarixidagi ezgu ifodalarni, ayni paytda mamlakatimizning tabiiy, milliy va ma’naviy xususiyatlarini mujassam etgan. “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunda milliy timsolimizni tasvirlash va o‘rnatishga oid rangli-sxematik tartiblar belgilangan.

Bayroqdagi moviy rang – musaffo osmon va tiniq suv, yeru ko‘kdagi hayot manbalari ifodasi. Oq rang tinchlik va poklik ramzi sifatida xalqimiz zabt etadigan dovonlarga yo‘l ochadi. Yasharish va yangilanish timsoli bo‘lgan yashil rang yurtimizning go‘zal tabiatiga qiyosdir. Qizil chiziqlar esa tomirimizda jo‘shib oqayotgan ajdodlar qoni – hayotiy qudrat va bardavomlik ifodasi.

Yangi oy yurtimizdagi tinchlik va farovonlikni, ayni paytda davlatchiligimiz tarixida yangi davr boshlanganini aks ettiradi. Uning yonida saf tortgan 12 yulduz beg‘uborlik, mukammallik, donishmandlik ifodasidir.

Davlat ramzlari muqaddasligini, ular bizga elu yurt manfaati barcha narsadan ustunligini anglatib, eslatib turishini har birimiz, ayniqsa, yosh avlod doimo yodda tutishi lozim. Bayrog‘imizni e’zozlash fuqarolarda o‘z mamlakatiga va kelajakka bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi. Bayrog‘imizning balandligi yurtimizning obro‘-nufuzi yuksakligidan dalolatdir.

Ziyodulla JONIBEKOV,

O‘zA sharhlovchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: