YANGI YILNI O‘ZBEKISTONDA KUTIB OLAYOTGANIMDAN XURSANDMAN
Mamlakatimizda Yangi yil bayramini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ko‘chalar, maydonlar, xiyobonlar bayramona bezatilmoqda. Yangi yilni mamlakatimizda kutib olish istagida kelgan xorijlik mehmonlar ham ko‘p. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbiri ulardan ayrimlarining bayram oldi taassurotlari bilan qiziqdi.
– Avvalo, Prezident Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal rivojlanayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. Mamlakatingiz ulkan salohiyatga ega va shu bois dunyoning ko‘plab davlatlari O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda, – deydi irlandiyalik Davin Myorfi. – Kasbim me’mor. Bunyodkorlik ishlari izchil olib borilayotgan mamlakatingizga xizmat safari yuzasidan ko‘p bor kelganman. O‘zbekistonlik do‘stlarim bilan bir necha bor Yangi yil ayyomini kutib olganmiz. Mustaqillik maydonida bunyod etilgan “Ertaklar shaharchasi” menda unutilmas taassurot qoldirdi. Bu yerda namoyish etiladigan bayram tomoshalari nafaqat kichkintoylarga, balki kattalarga ham manzur bo‘lishi shubhasiz.
– O‘zbekistonga do‘stimning tavsiyasi bilan keldim. U menga mamlakatingizga qilgan ajoyib va unutilmas sayohati haqida so‘zlab bergan edi, – deydi yaponiyalik Asemi Maeda xonim. – Toshkentga kelishim bilan poytaxtingizning har go‘shasida bayramona shukuh kezib yurganiga guvoh bo‘ldim. Mehmonxonalarda, supermarketlar, ko‘chalar va maydonlarda bayram nafasi ufurib turibdi. Bezatilgan archalar, bozor rastalaridagi turfa o‘yinchoqlar va sovg‘alar kishi ko‘zini quvontiradi.
Sayohatim davomida Samarqand, Buxoro kabi dunyoga mashhur qadimiy shaharlarni ko‘rish istagidaman. O‘zbekistonga sayohatimdan esdalik sifatida milliy haykalchalarni xarid qildim. Ustalaringizning yaratgan bunday nafis va betakror hunarmandlik buyumlari oilam uchun ajoyib sovg‘a bo‘lishiga ishonaman.
– Men dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lganman. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, bugun O‘zbekistonni dunyoning barcha mintaqalarida yaxshi bilishadi, – deydi buyuk britaniyalik Piter Adderli. – Bu o‘rinda faqat o‘zbek zaminining go‘zalligi va saxovatinigina emas, balki Prezident Islom Karimov rahnamoligida mamlakatingizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar berayotgan yuksak samaralarni ham nazarda tutmoqdaman. Misol uchun, mamlakatingizda sayyohlik infratuzilmasining barcha tarmoqlarini izchil rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotir. Buni yurtingizdagi bunyod etilgan ko‘plab zamonaviy mehmonxonalar, dam olish maskanlari misolida ham ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda Yangi yil ayyomi arafasida bolalar uchun turli tomoshalar, bayram kechalari o‘tkazilib, ularga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘alari topshirilishini eshitib g‘oyat quvondim. Bu kabi xayrli tadbirlar kichkintoylar qalbini olam-olam quvonchga to‘ldirishi shubhasiz.
– 2013 yilni ertakmonand diyoringizda kutib olishdan baxtiyorman, – deydi italiyalik sayyoh Stefano Kaporali. – Odamlaringizning ko‘ngli ochiq, milliy qadriyatlaringiz g‘oyat ajoyib va juda boy ekan. Mamlakatingizdagi noyob obidalar, xalq amaliy san’ati durdonalarini katta hayrat va havas bilan tomosha qilmoqdaman. Bayram kunlari chet ellik mehmonlarning maroqli hordiq chiqarishi uchun yurtingizda barcha sharoit muhayyo. Bu zaminda har bir bayram qiziqarli o‘tishiga ishonaman. O‘zbekistonliklarni yaqinlashib kelayotgan Yangi yil ayyomi bilan chin yurakdan qutlayman.
O‘zA muxbiri Madina UMAROVA yozib oldi.