ORTIQCHA VAZNDA FOYDALI
Bu sabzavot tarkibidagi vitaminga o‘xshash modda betain organizmda oqsillarning o‘zlashtirilishini yaxshilaydi. Yog‘lar almashinuvini faollashtiradi. Jigar hujayrasining tiklanishida ham betain moddasining ahamiyati katta.
Sabzavotlar ichida lavlagi tarkibida yod moddasi ko‘pligi bilan yuqori o‘rinlardan birini egallaydi. Bu esa ortiqcha vaznning oldini oladi. Shuningdek, lavlagi peshob haydovchi, ichni yurishtiruvchi xususiyatga ega. Me’da-ichak tizimi faoliyatiga ham lavlagi ijobiy ta’sir etadi. Ammo bu sabzavot tarkibida 12 foizgacha qand moddasi (saxaroza) mavjud. Faqatgina lavlagida 1 foizgina kletchatka va biroz ko‘proq pektin bor.
Uning tarkibida organik kislota kam. Shu sababli lavlagi tarkibidagi shakar ichaklarda kechadigan bijg‘ish jarayonini kuchaytiradi va surgiday ta’sir etadi. Ortiqcha vaznga ega insonlar lavlagi bargini salat va sho‘rvalarga solib iste’mol qilishlari zarur. Lavlagi bargini sho‘rvaga solib pishirish kerak. Mayonez solingan lavlagili salat ayniqsa ommalashgan. Ammo u ham kartoshkaga o‘xshab sovuqlik hisoblanadi. Shu sababli sovuq iqlimli mamlakatlarda yoki qishda unga qizdiruvchi sarimsoqpiyoz, sholg‘om, zira, shivit, kashnich, dengiz tuzi va zanjabil qo‘shish kerak. Chunki, sovuqlik hosil qiluvchi mahsulotlar organizmda shilliq modda hosil qiladi. Bu esa immunitetni tushirib, organizmni kasalliklarga chidamsiz qiladi.
Fazilat SA’DULLAYEVA,
1-Respublika tibbiyot kolleji o‘qituvchisi