KUTILMAGAN KUNDA KUTILGAN “MEHMON”
tez tibbiy yordam shifokori hayotiga chizgilar
Tong sahardan ostona hatlab ko‘chaga odimlar ekanmiz, bobo-buvimiz “Bugungi kuning xayrli o‘tsin, boshlangan ish kuning unumli bo‘lsin”, deya ezgu tilak bildirishadi. Darhaqiqat, yangi kun bilan diydorlashish baxtiga erishgan har bir inson qalbini shukronalik tuyg‘usi egallaydi. Bugungi kuniga katta umid bog‘laydi. Zero, ushbu kun – kecha ulgurolmagan ishlarni bajarishga berilgan yana bir imkoniyat, qo‘yingki, ertangi kun uchun qo‘yilgan qadam hamdir.
Toshkent viloyati, Zangiota tuman tez tibbiy yordamining Ko‘kterak shaxobchasida mehnat qilib kelayotgan qo‘li yengil shifokor Muhabbat opa Islomovaning o‘tkazgan har bir kuni o‘zidan mazmunli, ibratli dastxat qoldiradi. Ehtimol, bu kasb taqozosidandir. Ammo mehnatkash, chaqqon, ziyrak bu shifokor o‘tmishining yodi bilan emas, aksincha, bugungi kun istiqboli bilan yashaydi.
Oilaviy ishlarini joy-joyiga qo‘ygan shifokor ayol bugun ham odatdagi kasb faoliyatini, yangi kechinma, hayajon, mas’uliyat va biroz hadik bilan boshlaydi. Tibbiyot sohasida ishlayotganiga o‘ttiz yildan ortiq vaqt bo‘lgan bo‘lsa ham har safar ana shunday kechinmalar bilan ishga otlanadi. Zero, o‘rtada inson taqdiri bor. Ammo ayol bilim va tajribasiga tayanib bunga tezda barham beradi.
Ishga kelib nafas rostlamasidanoq, Muhabbat opa ilk chaqiruvga yo‘l oladi. Murojaat – yuqori qon bosimli bemor. Kerakli uskunalar, dori-darmonni oladiyu, ko‘p yildan beri shu sohada haydovchilik qilib kelayotgan Xolmurod aka bilan yo‘l so‘rab belgilangan manzilga oshiqadi… Manzil – qishloqning chekka hududi. Shoshilish zarur.
Bunday lahzalar oliy hakamga aylanadi. Ana shunda shu ikki insonning tajribasi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Malakali haydovchi va shifokorning. Goh ravon, goh baland-past yo‘llardan mashina silkina-silkina odimlaydi. Oradagi yolg‘iz sukunat ikki kishining qalbidagi behalovatlikka guvoh… “Bemorning umumiy ahvoli qanday ekan?”, “Kechikmasmikanmiz”, “Ulgurish kerak”, degan xayol Muhabbat opa hamda haydovchining ko‘nglida charx uradi. Bir kunlik mehnat faoliyatida tajribali shifokor kamida 15 marotaba shoshilinch chaqiruvga yo‘l oladi. Har bir bemorga tezda to‘g‘ri va aniq tashxis qo‘yib, unga kerakli muolaja qilish lozim…
Belgilangan mazilga yetib kelgan shifokor bemor – keksa otaxonga zudlik bilan birinchi yordamni ko‘rsatadi. “Xayriyat, xavf ortda qoldi”, deya yengil tin olib, tibbiy muolaja bilan birgalikda bemorga shirin so‘z “terapiyasini” ham o‘tkazadi. To‘g‘rida, axir shirin so‘z va xushmuomalalik shifokorning yana bir “davo malhami” emasmi!?…
…Navbatdagi chaqiruv bo‘lgunga qadar haydovchi va shifokor markazga qaytishadi. Muhabbat opa atrofni kuzatib borar ekan doimiy qatnov yo‘li bo‘lsa ham bir-biriga tutashgan, ravon yo‘llarni ko‘rib ko‘ngli yorishadi-da, “Baraka topishsin, bu yo‘llarni qachon qurib bitkazishgan ekan-a?! Juda qulay bo‘libdi”, deya ko‘nglidan o‘tkazadi. Aslida bu yo‘llarning qurilganiga ham ko‘p bo‘lgan. Ehtimol, har safar shoshilinch holatda – ko‘ngliga qil sig‘maydigan vaziyatda o‘tganligi uchun payqamagandir.
Tez tibbiy chaqiruvga o‘z vaqtida yetib kelishda yo‘llarning ahamiyati beqiyos. “Keyingi yillarda qishlog‘imizning asosiy yo‘llari bilan bir qatorda mahalla ko‘chalari ham obod bo‘lib borayapti, yangi ko‘priklarning qurilishi aholiga ko‘pgina qulayliklar yaratyapti”. Muhabbat opa shu haqda o‘ylar ekan, bir umr yodida qolgan bir voqea ko‘z o‘ngida gavdalandi…
…O‘shanda qo‘ni-qo‘shnilarning chaqiruvi bilan yurak xurujini boshidan o‘tkazgan yolg‘iz keksa otaxonning xonadoniga yetib kelgandi. Bemor zudlik bilan tez tibbiy yordam mashinasiga olib o‘tildi. Endi shifoxonaga ulgurish kerak. Haydovchi avtoulovni shifoxona tomon haydaydi. Shifokor ayol ziyrakligini yo‘qotmagan holda vaziyatni qo‘lga olib, bemorga barcha zaruriy birinchi tibbiy davo choralarini ko‘radi. Ammo otaxonning ahvoli hali yaxshi tomonga o‘zgarganicha yo‘q. Kutilmaganda asosiy yo‘lni poyezdning nosozligi tufayli to‘sib qo‘yganligiga duch kelishdi. Yaqin atrofda o‘zga yo‘l yo‘q. Otaxonning nafas olishi borgan sari qiyinlashar, rangi ham asta ko‘karib borardi. Shunda shifokor jon holatda haydovchiga yuzlanib – Hech iloji yo‘qmi? – deya baqiradi.
– Uchib o‘tmaymanku, birgina aylanma yo‘l bor, xolos!
– Necha daqiqalik!?
– Chamasi 15-20.
– Haydang!!!
Mashina tez tibbiy yordam markaziga yetib kelib to‘xtaganida Muhabbat opaning xayoli har tomonga tarqalib ketdi.
“Ana shu 15 daqiqa, 15 yilga aylanib ketgandek bo‘ldi go‘yo, shukr, o‘shanda otaxonni vaqtida reanimatsiya bo‘limiga yetkazib kelgan ekanmiz, ertasiga ahvoli yaxshi tomonga o‘zgardi”, shularni o‘ylarkan, shifokor mamnun jilmayadi.
***
Dispetcher xonasida yana qo‘ng‘iroq chalindi. Navbatchi go‘shakni ko‘tarib chaqiruvni qabul qildi. Chamadonini qo‘yishga ulgurmagan Muhabbat opaga yuzlandi.
– Shoshiling, manzil: Baxt ko‘chasi, 15-uy.
Yetib borilgan manzilda – chaqiruvda aytilgan ism-sharifli bemor yo‘q. “Qo‘ng‘iroqda noto‘g‘ri eshitildimikin”, deb o‘yladi Muhabbat opa. Ma’lum bo‘lishicha, bir nomdagi ko‘chada bir xil raqamli ikki xonadon bor ekan.
“Ba’zan ko‘cha nomlarini qayta-qayta o‘zgartirish, bemorlarning o‘z manzilini aniq bilmaslik ham tez tibbiy yordam xodimlariga manzilni topib borishiga qiyinchilik tug‘diradi”, shu xayollar bilan xonadonga kirib bordi. Chamasi 30 yoshdan oshgan erkak yurak sanchig‘i bilan shikoyat qilyapti. Biroz sovuq qotish bor, ammo isitma alomati kuzatilmayapti. Qon bosimi asta tushib borayapti. Shifokor bemorni tekshiruvdan o‘tkazish barobarida xonadonga razm soldi. Stol ustida idishda ochilgan konserva mahsuloti.
– Nima yedingiz? – so‘radi Muhabbat opa.
– Bugun tuzukroq hech nima, kecha qo‘shnim bergan pomidor ikrasini yegandim, xolos.
Bemor so‘zlarini tinglagan shifokorning birdan miyasida o‘t chaqnadi, “Ha, botulizm”, deya xayolidan o‘tkazdi-da, ammo bemorga bildirmadi.
– Yana kim yedi?
– Besh yashar jiyanim.
– U hozir qani?
Bemorning ayoli: – Tong saharda shifoxonaga olib ketishgandi, – deya suhbatga qo‘shildi.
– Qanday tashxis bilan?
– Zaharlanish, dedi shekilli!
– Boshqa gap aytmadimi?
– Shifokorga uchrashing, deganday qildi.
Muhabbat opa birdaniga qattiq jazavaga tushdiyu, yuragidan bor ovozi bilan “Shu qadar o‘z salomatligiga beparvo bo‘ladimi, inson?! Axir, kun peshindan og‘diku”, deya baqirgisi keldi-yu, o‘zini bosdi. Ko‘nglida po‘rtana kuchi g‘alayon qilsada, o‘zini xotirjam ko‘rsatishga urindi…
…Kun davomida shifokor ayol navbatma-navbat chaqiruvlarga yo‘l olar ekan, turli o‘y-xayollar, mushohadalar bilan band bo‘ladi.
“Tibbiy madaniyatni oshirish, tibbiy bilimni yuksaltirish shunchaki gap emas, – deydi u o‘zicha – bunga inson hayoti, taqdiri va baxti tikilgan. Ba’zan mahalla-ko‘y, guzarlarda tibbiy mavzuda suhbatlar tashkil etilsa, aholining kamchilik qismi ishtirok etadi. Vaholanki, bunday suhbatlarning davrasi keng bo‘lmog‘i lozim. Birgina yosh onalar hayotida tez-tez ro‘y beradigan – bolaning nafas yo‘liga yot jism tiqilib qolish (asfiksiya) holatida qanday ko‘mak berishni bilmay tez tibbiy yordamni chaqirishadi. Afsuski, manzilga borgunga qadar ko‘p hollarda juda kech bo‘ladi. Ba’zan aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatning yetarlicha shakllanmaganligi bu o‘z hayoti va bebaho umriga shu qadar beparvoligidan bo‘lak hech narsa emas”, deya baholaydi u. “Mana shunday beparvolik natijasida besh yashar, hali hayotni tushunmaydigan bir go‘dak jabrini tortyapti”, ayol xayolida charx urib aylangan o‘ylar, adog‘i yo‘q savollar qurshovida qolarkan chuqur xo‘rsinib, – Hozir uning ahvoli qanday ekan-a?” deb qo‘ydi. Yana tonggi “beparvogina” xonadonga sim qoqdi. Go‘shakning narigi tarafidan ayolning yig‘i ovozi eshitildi. – Muhabbat opaning birdan rangi oqarib ketdi. Arang devorga suyanib oldida bir so‘z aytmay go‘shakni ohista qo‘ydi. “Afsus”…
Ana shunday noxushliklar oila a’zolarini bir g‘amga solsa, haqiqiy shifokorlar ming bir azob chekishadi. Unga ba’zan ixtiyorida bo‘lmagan mas’uliyatni oqlolmaganidan vijdoni qiynaladi. Bundan esa faqat to‘g‘ri xulosa chiqarish lozim.
Bir chaqiruvdan so‘ng navbatdagisi, so‘ng yana va yana… har joyda dard chekkan bemor shifo topish ilinjida shifokorlarning yo‘liga intizor. Shunday paytlar bo‘ladiki, hatto, ul-bul tamaddi qilib olishga ham vaqt bo‘lmaydi. To‘g‘rirog‘i bu mavzu unutiladi. Har galgi navbatchilik kuni shunday hayajonli, jiddiy, tahlikali jarayonlarga boy bo‘ladi. Navbatchilik kuni qanday o‘tmasin, o‘z kasbiga mehr qo‘ygan ayol hech qachon bundan nolimaydi. Har safar yangi ishtiyoq va taraddud bilan mehnat faoliyatini boshlaydi. Kasbiga sadoqati tufayli farzandlarini ham ana shu sohaga undagan. Opaning katta qizi Munojotxon ham onasi kabi tez tibbiy bo‘limda faoliyat olib boradi. O‘g‘li Jahongir va Muniraxonning kasbi ham tibbiyot sohasi bilan bog‘liq. Shu kasb orqali Muhabbat opa turmush o‘rtog‘i Zohid aka bilan tanishgan. Ikki umr yo‘llari tutash keldi. Zohid aka Xalilov ham tez tibbiy bo‘limda o‘ttiz yildan ortiq vaqt mobaynida mehnat qiladi. U ham ayoli kabi tajribali mutaxassis.
Kasbidan mamnun va biroz charchoq bilan ayol xonadoniga qaytdi. Butun oila bir dasturxon atrofida jam bo‘lishdi. O‘z baxtidan masrur ayol suhbat davomida orttirilgan tajriba, sohada yo‘l qo‘yilgan kichik xato va kamchiliklar, erishgan yutuqlar va muvaffaqiyatlari va eng asosiysi bugungi kun hikmati borasida to‘lib toshib oila a’zolariga aytib berdi. Hamkasbi, maslahatgo‘yi, turmush o‘rtog‘i Zohid aka bilan birgalikda bu mavzuda har safar soatlab suhbat qurishadi. Zohid akaning ham ayoliga aytar so‘zlari talaygina. Suhbat boshqa mavzuda boshlansa ham bora-bora kasbiy faoliyatga borib taqalaveradi. Zero, bu ikki inson tibbiyot sohasining eng mas’uliyatli bo‘limida ishlashmaydi, ular shu sohada umrguzaronlik qilishadi.
Kech tushdi. Tun tim qora zulfini borliqqa yoydi. Muhabbat opa bugun o‘tkazgan kunini sarhisob qilar ekan, mamnun jilmayib qo‘ydi. Bu shunchaki tabassum emas, bu taqdirning unga bitilgan qismatidan minnatdorlik izhori, yurak rozlari edi.
Ma’rifat TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri