DAVON OSHAYOTGAN JAVLONBEK
Xalqimizda “Bola boshdan, aql yoshdan” – degan naql bejiz aytilmagan. Tengdoshlarimizning qiziqishlari, o‘ziga xos tinimsiz harakatlari bois erishayotgan yutuqlarini ko‘rib kelajakda qaysi kasb egasi bo‘lishini bilish mumkin. Baxtiyor aka ham o‘g‘lining mahalladosh bolalar orasida “men, men”, – deya davraga tushishini ko‘rib kelajakda o‘z safdoshlarining yetakchisi bo‘ladiyov, deya xayolidan o‘tkazib qo‘ygan bo‘lsa kerak.
Javlonbek 10 yoshidan boshlab sportning taekvan-do turi bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. U qora belbog‘ sohibi. Bir necha karra O‘zbekiston chempionatida birinchi o‘rinni egallab ustozlari va ota-onasining ishonchini oqladi. Javlonbek faqat taekvan-do bilangina emas balki jit kun-do sport turi bilan ham astoydil shug‘ullanmoqda. 2013-yilda Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida qatnashib Osiyo chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi. Sportsevar yigitning yutuqlari bisyor. U 2014-yilda Belarus davlatining Minsk shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida ham ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Joriy yil esa Javlonbek uchun omadli boshlandi. U Estoniya poytaxti Tallin shahrida taekvan-do bo‘yicha 15-18 yoshli o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida uchinchi o‘rinni egallab bronza medali bilan taqdirlandi. Shundan so‘ng mashg‘ulotlarga yanada zo‘r bergan Javlonbek Rossiyaning Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi xalqaro musobaqada g‘alaba qozonib oltin medal bilan taqdirlandi.
Ustozi Rustam Hamroyev Javlonbekning mehnatsevarligidan mamnun. Chunki, har bir mashqni astoydil bajarayotgan shogirdining kelajagi porloq ekanini ustoz dil-dilidan his etadi.
– Yurtimiz bayrog‘ini jahon arenalarida yanada yuksakka ko‘tarilishiga o‘z hissamni qo‘shishni oldimga maqsad qilib qo‘yganman. Biz yoshlarga berilayotgan shunday imkoniyatlardan unumli foydalanib hamisha ota-onam, ustozlarim ishonchini oqlashga harakat qilaman, – deydi u.
Ayni vaqtda Guliston davlat universiteti qoshidagi 1-sonli Akademik litsey o‘quvchisi Javlonbek Hamdamov haqiqatdan ham ilm dargohimiz faxri. Unga ko‘pchilikning havasi keladi. Bilim maskanimizda ham unga ergashib borayotgan o‘quvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bir so‘z bilan aytganda litseyimizda salomatlik garovi bo‘lgan sportga e’tibor yuqori darajada. Shu bois ham Javlonbek singari sportsevar tengdoshlarimiz ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.
E’zoza ALIMOVA,
Guliston davlat
universiteti qoshidagi
1-son Akademik litsey o‘quvchisi