FIDOYILIK INSONNI ULUG‘LAYDI
Olim va pedagog.
360 dan ziyod ilmiy asarlar, darsliklar, qo‘llanmalar va ilmiy maqolalar muallifi.
Mustaqil O‘zbekistonning “Atrof-muhit muhofazasining va ekologik ta’lim tarbiyani barqaror rivojlantirish konsepsiyasi” ga asos bo‘lgan dastlabki qo‘llanmani tuzgan pedagog-olim.
Xalqaro ekologiya akademiyasining haqiqiy a’zosi, biologiya fanlari doktori, professor Ahmatqul aka Ergashev hayotining yarim asrini soha rivojiga bag‘ishladi. U olim va pedagog sifatida el-yurt hurmati va e’tiborini qozondi. Uning umr yo‘llari, ish faoliyati yoshlar uchun ibrat maktabidir.
Odamlar qalbining
charog‘i bilim,
Balodan saqlashning
yarog‘i bilim,
Ilmdan yaxshiroq
xazina yo‘qdir,
Qo‘lingdan kelguncha
terib ol uni.
Alloma Rudakiyning bu purma’no so‘zlari Ahmatqul aka uchun hayotiy dasturga aylandi. O‘zbekiston Milliy universiteti (o‘sha paytda O‘rta Osiyo Davlat universiteti)ning biologiya tuproqshunoslik fakultetini imtiyozli tugatgan yosh mutaxassis O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Botanika institutiga yo‘llanma bilan kelib, dastlabki olimlik faoliyatini boshladi. U O‘rta Osiyo hududidagi turli mintaqalarda joylashgan tabiiy suv havzalarining gidrogeologiyasi, gidrokimyosi, ularda uchraydigan o‘simliklarning turlari tarkibi, tarqalish va taqsimlanish qonunlarini aniqlash borasidagi ilmiy ekspeditsiyalarda yozning jaziramasi, qishning izg‘irini demay fidoyilik ko‘rsatdi.
Mehnat va bilim tajribasiga tayangan holda “O‘rta Osiyoning sun’iy suv havzalarida o‘sadigan o‘simliklar dunyosining o‘ziga xos xususiyati va ahamiyati” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, 1989 yili professor unvonini olishga sazovor bo‘ldi. A. Ergashev bunda ota-onasining duolari hamda ustozim Ahror Muzaffarovning munosib o‘rni borligini doimo ta’kidlab keladi.
– O‘z tarixini bilmagan odam kelajagini bunyod qilolmaydi. Tarix, ma’rifat, madaniyatni ham o‘rgan, – derdi ustozim. Ko‘p yillar davomida biologiya fanining rivojiga munosib hissa qo‘shgani bois bugungi kunda ustozning nomi abadiylashtirilib, Marg‘ilon shahridagi bilim yurti hamda Cho‘pon ota dahasining ko‘chalaridan biriga akademik Ahror Muzaffarov nomi berildi, – deydi Ahmatqul aka.
Iste’dodli olim A. Ergashev ko‘p yillik ilmiy izlanishlari davomida Turon tekisliklaridan Qozog‘iston sharqiy hududida joylashgan Zaysan, Marxako‘lgacha va Qirg‘iziston, Tojikiston hamda O‘zbekiston hududlaridagi 120 dan ziyod turli tabiiy va sun’iy suv havzalari, kanal zovur, hovuz, suv ombori, Pomir-Oloy-Tyan-Shan yuqori tog‘ ko‘llarining gidrogeologiyasi, gidrokimyosi va gidrobiologiyasini har tomonlama o‘rgandi. Uch mingdan ortiq o‘simliklarning turlar tarkibi, ularning tarqalishi, ekologiyasi va ahamiyati, jumladan 40 dan ziyod yangi suv o‘tlari turlarini aniqladi.
A. Ergashev Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutining “Botanika”, “Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish” kafedralarida mudirlik vazifasida faoliyat yuritdi. Pedagogik faoliyatida ham 360 dan ortiq ilmiy asarlari chop etilgan bo‘lsa, 18 ta ilmiy monografiya, 8 ta ekologiyaga oid darslik, 10 ta o‘quv qo‘llanmasi, 350 dan ziyod ilmiy maqolalari bilan ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shgan. Maqolalari rus, ingliz tillarida Moskva, Kiyev, AQSH kabi mamlakatlarning ilmiy jurnallarida chop etilganligi bois A. Ergashevni xorijiy mamlakatlarda ham tanishadi. Shuningdek, o‘ndan ortiq nomzodlik hamda doktorlik dissertatsiyalari himoyasiga ham rahbarlik qilgan.
Olim ilmiy-pedagogik faoliyati davomida (sun’iy) suv havzalarida yetishtiriladigan o‘simliklar dunyosi, O‘rta Osiyodan oqib o‘tadigan irmoqlarni aniqlovchi omillar borasida qator ilmiy ishlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalarini yaratdi. O‘zbekistonda ekologik ta’lim va tarbiyani bog‘cha-maktabdan boshlab uzluksiz olib borishga asos soldi. U “Algologiya”, “Gidroekologiya”, “Ekologiya” va “Tabiatni muhofaza qilish” fanlarining rivojiga katta hissa qo‘shgan olim sifatida qadrlanadi.
O‘zbekiston mustaqilligi yillarida davlat tomonidan mamlakatdagi ekologik holatni yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi tabiiy fanlar akademiyasi tashkil etilishida olim faol ishtirok etdi. Unga ekologiya va tabiiy resurslardan foydalanish bo‘limiga rahbarlik qilish kabi mas’uliyatli ish topshirildi. Ushbu akademiyaning muxbir a’zosi sifatida to‘qsoninchi yillar oxirida Xalqaro ekologumanitar o‘quv akademiyasini tashkil etishda tashabbus ko‘rsatdi. Bugungi kunda A. Ergashevning o‘g‘li Temur Ergashev ham otasining izidan bormoqda.
O‘zining ilm-fan oldidagi mas’uliyatli ishidan ortib Ahmatqul aka farzandlariga munosib ta’lim berdi. Ota-bobolaridan qolgan 7 mingdan ziyod jahon adabiyoti durdonalarini avaylab-asrab farzandlari, nabiralari va shogirdlari uchun oilaviy kutubxona – bebaho xazina tashkil etdi. Shuningdek, bu kutubxonada shajarasi aks etgan kitobni ham yozib armug‘on etdi.
Erkin Zaripov,
biologiya fanlari nomzodi
M. XO‘JAMURODOVA