“WI-FI” TARQATUVCHI ChIQINDI QUTILAR
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan bugungi davrda internetdan xoli joylar ham borligini ko‘pincha unutib qo‘yamiz. Foydali axborotlar borgan sari “on-layn”ga ko‘chyapti. Internet aloqalari cheklangan hudud odamlari esa bundan mahrum bo‘lib qolmoqda.
Nyu-Yorkda ishga tushirilgan yangi loyiha sust rivojlangan hududlarda kundalik hayotimizning ko‘zga ko‘rinmas, ammo ajralmas bo‘lagi bo‘lmish axlat qutilarini yuqori texnologiyali mashinalarga aylantirish orqali bu muammoni hal etishga qaratilgan. “Aqlli” axlat qutilarini ishlab chiqaruvchi “BigBelly” kompaniyasi endi o‘z mahsulotini shaharning beshta tumani atrofida “Wi-Fi”dan foydalanish nuqtalari sifatida joylashtiradi.
Aytish joiz, aslida “aqlli” axlat qutilari o‘zlarining dastlabki ko‘rinishida dunyoning ko‘plab shaharlarida ishlab turibdi. Quyosh paneliga ega bunday qutilar tozalikni ta’minlashda vaqtdan imkon boricha unumli foydalanish imkoniyatini yaratadi. Ularda o‘rnatilgan maxsus qurilmalar qutilar to‘lganini (yoki ulardan yomon hid kelayotganini) aniqlaydi va mahalliy kommunal tashkilotlarini bu haqida ogohlantiradi.
Shu yil qishda Manxettendagi ikki “aqlli” axlat qutisi “Wi-Fi”dan foydalanish nuqtasiga aylantirildi. Ular bir soniyada 50 dan 75 megabaytgacha simsiz internet bilan ta’minlashga qodir. Bu esa HD filmini atigi bir necha daqiqa ichida ko‘chirib olish uchun yetarli. Endi Nyu-Yorkdagi shunday bir necha yuz “aqlli” axlat qutilari shahar meri bu loyiha amalga oshishiga ruxsat berishi bilan internetdan foydalanish nuqtalariga aylantiriladi.
GULNOZA
tayyorladi