ZARARLI KANTSEROGEN MODDALAR
Ular qanday xavf tug‘diradi?
Hozirgi vaqtda atrof-muhitni kanserogen politsiklik aromatik moddalar bilan ifloslantiruvchi ob’yektlar aniq. Kanserogen (rak xastaligini keltirib chiqaruvchi) karbonsuvlarni hosil qiluvchi salbiy omillar quyidagilar: isitish, energetik tizimlarda hosil bo‘ladigan tutun va chiqindilar, avtotransport vositalarini dudburonlaridan chiqadigan gazlar, qurumlar, sanoat korxonalarining chiqindilari, ko‘cha changlari, yelim idishlar (bakalashka, plastmassa, rezina, xazon yoqish) va shu kabilar.
Keyingi yillarda dunyoda o‘sma (rak) kasalliklarining soni tobora ortib borayotgani sababli jahondagi eng nufuzli ekologiya va tibbiyot sohasiga doir ilmiy markazlar kanserogen moddalar paydo bo‘lishi va ularning havoda tarqalishiga katta ahamiyat bermoqda. Bu ekologik tanazzulga eltuvchi jarayonni kuzatish, olingan dalillarni tahlil qilish, turli-tuman kanserogen moddalar sababli kelib chiqadigan xastaliklarning oldini olish hozirgi kunning asosiy muammolaridan biridir.
Sanoat korxonalari va transport vositalari ko‘p bo‘lgan shaharlarda politsiklik aromatik karbonsuvlar tarkibida eng kanserogen faol moddalar miqdori yuqori bo‘lar ekan. Qishloqlarda aksincha, kanserogen moddalar atmosfera havosida ancha kamroq kuzatiladi.
Xorijlik olimlarning kuzatishlariga ko‘ra benzopiren atmosferada ochiq havoda 1 ming 485 km. li masofaga tarqalgan. Yog‘ingarchilik davrida bu masofa 1 ming 158 km. ni tashkil qilgan. Qizig‘i shundaki katta bir hududda uning tarqalishi har xil, jumladan, shaharlarning katta va transportlar serqatnov ko‘chalarida kanserogenlarning konsentratsiyasi (zichligi) kichik ko‘chalardagiga qaraganda ancha yuqori. Shuni aytish kerakki, avtotransport vositalarining soni shiddatli o‘sib bormoqda. Shahar ekologiyasini benzopiren va boshqa kanserogenlarni hisobga olganda eng ko‘p buzayotgan ob’yekt, bu avtotransportdir. Keyingi vaqtlarda uning hisobiga kanserogen moddalar 10-25 foizga ko‘paydi.
Benzopirenning havodagi miqdori ba’zi bir sanoat korxonalari joylashgan hududlarda ko‘proq uchraydi. Jumladan, metallurgiya sanoati korxonasi atrofida, kimyo korxonalari, neftni qayta ishlash hamda asfalt, alyuminiy, nikel zavodlarini misol tariqasida keltirish mumkin. Benzopirenning tarqalishi shahar hududlarida miqdoriga qarab quyidagicha, ya’ni eng ko‘p miqdor avtomagistral ko‘chalar havosida, so‘ngra sanoat korxonalari joylashgan mintaqada, yana turar joylar havosida, eng kam miqdordagi kanserogen moddalar esa daraxtzorlar, parklar, xiyobonlar atrofidagi havoda uchraydi. Olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida atmosfera havosidagi benzopirenni o‘rtacha yillik ruxsat etilgan miqdori 1 mg/m3ga teng. Bu miqdor organizmda saraton kasalligini paydo qilmaydi va xavotirga o‘rin yo‘q.
Odam organizmiga atmosfera havosi orqali faqat kanserogen moddalar tushibgina qolmay, balki boshqa kimyoviy moddalar ham kiradi. Ularning organizmga salbiy ta’siri yil sayin ancha kuchayib borishi kuzatiladi. Uning ustiga atmosferada chang, kul, qurum va zaharli gazlar bilan ifloslangan havoning biologik xususiyatlari ham o‘zgaradi. Havo xuddi sun’iy havoga o‘xshab qoladi. Ya’ni, havo zaharli moddalar bilan to‘yinadi, unda og‘ir ionlar ko‘payadi. Quyosh nurining atmosferada tarqalishi, yergacha yetib kelishi ham o‘zgaradi. Oqibatda aholi o‘rtasida surunkali bronxit, o‘pka raki va sildan kasallanish soni ko‘payadi.
Ko‘pgina sanoati rivojlangan chet eldagi katta shaharlarning sanitariya holati borgan sari yomonlashib bormoqda. Buning sababi esa shahar binolarning zich qurilishi natijasida shamol harakati borgan sari sekinlashib, uning harakatsiz holatga o‘tishi sanoatlashgan hududdagi havo ifloslanishining kuchayishiga olib kelmoqda. Natijada havo harorati yuqori va quruq bo‘lib bormoqda.
Epidemiologik tekshirishlar shuni ko‘rsatadiki, saraton (rak) kasalligining kelib chiqishiga ko‘pgina salbiy omillar sababchi bo‘ladi. Jumladan, turib qolgan va eski, shuningdek, muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlari, konservalarni iste’mol qilish, bemorlarning parhezga e’tiborsizligi chekish, infeksiyalar, parazit kasalliklari, ishlab chiqarishning zararli omillari, geografik va ekologik noqulay shart-sharoitlar tufayli, spirtli ichimliklar sababli rak kasalligini kelib chiqadi. Demak, saraton kasalligi ko‘p zararli omillar ta’siridan kelib chiqadigan kasallik ekan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra butun dunyoda saraton kasalligi bilan 5 million kishi og‘riydi. Ularning 2 milliondan ortiqrog‘i vafot etadi. Keyingi o‘n yilliklarda dunyoda saraton kasalligi bilan xastalanish ko‘payib bormoqda. Ayniqsa, o‘pka, ko‘krak bezi, yo‘g‘on ichak, prostata bezining kasallanishi ortgan. Leykoz (oqqon) kasali ham ko‘p uchramoqda.
Hozirgi zamon onkologiya fani kuzatishlariga ko‘ra saraton kasalining kelib chiqishi kimyoviy, fizikaviy, ekologik va biologik omillarning salbiy ta’siri va bu ta’sirga organizmning javob reaksiyasidir.
Keyingi vaqtlarda ayrim kanserogen moddalarning aholi sog‘lig‘iga ta’sir etishi odamlar o‘rtasida ma’lum. Masalan, nikel sanoati kanserogen hisoblanadi. Norilsk shahridagi nikel ishlab chiqarish korxonasida ko‘p kishilarning o‘pkasida o‘sma borligi aniqlangan. Qizig‘i shundaki, ishlab chiqarish jarayonlarining hamma bosqichlarida ularning soni har xil. Har 100 ming nafar erkakda rudalarni qazib olishda 29 kishida, rudani to‘yintirish jarayonida 73, ularga qayta ishlov berishda 81 kishida o‘pka saratoni aniqlangan. Bu korxona ichidagi endoekologik noqulayliklar oqibatida kelib chiqqan. Ya’ni bunda nikel moddasi havo va teri orqali organizmga kirgani kuzatilgan.
Kanserogen moddalarning yana bir xavfli tomoni, ularning oziq-ovqat, ichimlik suv bilan me’da-ichak tizimiga tushib o‘sma kasalliklarini keltirib chiqarishidir. Olimlarning fikricha benzopiren va boshqa kanserogen moddalar ko‘p miqdorda oziq-ovqatlar, go‘sht va sut mahsulotlarida uchrab turadi. Benzopirenni suv havzalarida uchrab turishining asosiy sabablaridan biri sanoat korxonalarining chiqindi suvlari oqova ko‘rinishida ochiq suv havzalariga tozalanmay tashlanishi tufaylidir. Ulardan tashqari aholi turar joylaridagi chiqindilar yog‘ingarchilik, sel oqimi bilan yuvilib suv havzalarining ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda.
Yuqorida nomlari tilga olingan ma’lumotlardan xulosa shuki, kanserogen moddalar qayerda bo‘lmasin ular yerga tushadi. Zamindan yana o‘simlik tanasiga, havoga va yer osti suvlariga o‘tib ularni zararlashi mumkin. Inson shu atrof-muhit ichida yashagani uchun uning organizmiga ham o‘tishi mumkin. Ya’ni, ham chang, ham oziq-ovqat, suv va atmosfera havosi bilan organizmni zaharlaydi. O‘tkazilgan o‘nlab tajribalar shuni ko‘rsatadiki, kanserogen moddalar qaysi ekotizim omillari orqali organizmga tushmasin baribir saraton kasalligini keltirib chiqaradi.
Kanserogen moddalarni atrof-muhitga tarqatadigan manba va sabab bo‘layotgan ob’yektlardagi texnologik jarayonlarni yangilash, iloji boricha havoga, suvga tashlanadigan ushbu moddalar miqdorini kamaytirish, ularni chiqish joylarida zararsizlantirish, saraton kasalliklarini kamayishida eng katta profilaktik va amaliy chora-tadbirlar hisoblanadi.
SHU O‘RINDA
Professor L. Shabad, A. Shiminaki dalillariga qaraganda yer yuzidagi benzopirenning miqdori 5 ming tonnadan 180 ming tonnaga yetadi. Bu modda kanserogen moddalarning eng asosiy birikmasi hisoblanadi. Yil davomida AQSH akademiyasi kuzatishlariga ko‘ra bu mamlakat bo‘yicha isitish va energetik jihozlar hisobiga benzopirenning havoga tashlanadigan miqdori 500 tonna, sanoat korxonalarining, qishloq xo‘jalik va kommunal ob’yektlar chiqindilarining yoqilishi natijasida paydo bo‘ladigan ushbu zararli moddaning miqdori 600 tonna, kokslash jarayonlari natijasida 200 tonna, avtotransport vositalari 22 tonna kanserogen moddalarni atmosferaga chiqaradi.
Hilola PRIMUHAMEDOVA,
O‘quv-davolash kompleksi tibbiyot kolleji o‘qituvchisi