Ilm va kitob: egizak tushuncha

Ikkinchi sinfda o‘qirdik. Bizga Salbi momo degan keksa o‘qituvchi dars berardi. U kishi bilimdonlarimizni o‘ziga xos rag‘batlantirib, ishyoqmaslik qilib darslarga bo‘sh tayyorgarlik ko‘rganimizni gap bilan izza qilardi. Muallimamizning birgina dashnomini eshitgan o‘quvchi ertasiga tubdan o‘zgarar, tuni bilan mijja qoqmay chiqsa ham darslarga burro-burro javob beradigan bo‘lib kelardi va ustozning tahsiniga sazovor bo‘lardi:

– Mana, o‘qisa bo‘larkan, ilm dunyosi hech kimga pand bermagan, yaxshi o‘qigan, yaxshi yashaydi, axir allomalarimiz “Ilm o‘rgan, ilmda ko‘p sir, yopiq eshiklarni ochar birma-bir” deb bejiz aytmagan.

Men sinfning a’lochilaridan edim, hatto hali o‘tilmagan mavzularni ham o‘rganib kelib, o‘qituvchimizni hayratlantirishga urinardim.

– Bu mavzuni o‘rganib kelganing yaxshi, ammo biroz shoshilma, hammasining o‘z o‘rni bor, ilm dunyosiga sakrab-sakrab kirilmaydi. U sirli eshiklarini shoshqaloqqa emas tinimsiz o‘rgangan, izlangan kishigagina ochadi, – derdi muallimamiz.

Bir gal nimadir bo‘ldi-yu, navbatdagi darsga biroz kechikib kirdim. To‘g‘risi kechikish, muallimamning dilini og‘ritish niyatim yo‘q edi. Lekin sinfdoshlarimdan biri tanaffus chog‘ida uyiga birga borib kelishimni so‘raganida rad qilolmagandim. Biz uch kishi edik, o‘qituvchimiz har birimizni sinchkov nigohdan o‘tkazdi, menga tikilgancha:

– Xo‘sh-sh, senga nima bo‘ldi, nega kechikding?

Pastga qarab nimalarnidir ming‘irladim, bahona axtardim shekilli. Boshda mehr bilan gapirgan o‘qituvchimiz ko‘zlarida nogoh qahr uchqunlarini ilg‘adim, qo‘lidagi tol chiviq bilan yumshoq joyimga mayingina tushirdi, guyo kaltagida ham mehr bordek edi:

– Bu yolg‘on gapirishga uringaning uchun, boshingga qilich kelsa ham o‘trik so‘zlama, bor joyingga o‘tir, boshqa takrorlanmasin.

O‘shanda o‘qituvchimdan biroz ko‘nglim qolgandi, “nega meni…” degan savol o‘rmalagandi dilimda. Oradan yillar o‘tdi, ustoz bilan hamkasb bo‘lib ishlash ham, rahbarlik qilish ham nasib etdi menga. Salbi momo yoshi yetmishdan oshganda ham kuzoynak taqib tinimsiz kitob titkilardi, birontamizning qo‘limizdagi yangi kitobga ko‘zi tushsa albatta olib mutolaa qilardi.

– Ilm va kitob egizak tushuncha, qancha ko‘p o‘qilsa shuncha ko‘p anglanadi, – derdi u kishi “keksa odamga kitob o‘qish nega kerak” qabilida hayron qolganimizni ko‘rganida.

Bu odati bilan guyoki bizga “ilmning so‘nggi nuqtasi yo‘q”ligidan saboq bergandek bo‘lardi. Umrining oltmish bahorini jajji o‘g‘il-qizlarni ilm bo‘stoniga yetaklashga bag‘ishlagan ustoz vafot etganida ta’ziya marosimi qatnashchilarini kuzatarkanman beixtiyor qishlog‘imiz tag‘in bir ma’naviy ustunidan ajralganini his qildim.

Yana o‘qing:  Kulgu-shifo (2015-26)

A. YANGIBOYEV tayyorladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: