Ezgu ishlar e’tirofi

Noziklik, latofat, ibo va hayo qiz bolaga xos fazilat. Go‘zallikka intilish har bir xotin-qizning fitratida bor. 10 yoshli Munisa ham yosh bo‘lishiga qaramay turli matolardan bejirim bezaklar, anvoyi guldastalar yasashga qiziqadi. Uning ishlariga buvijonisi Matluba aya sevinib, nabirasini alqab qo‘yadi. Radio orqali biror sho‘x kuy chalinib qolsa bormi, oila a’zolari darhol Munisani davraga oladi.

– Qizim tushmagur biram chiroyli raqsga tushadi-da, Uning orzulari osmon…

Matluba aya shu haqda o‘ylarkan jondan aziz nabirasining o‘ng qo‘lidagi tug‘ma qusurini o‘ylab ich-ichidan kuyunadi. Munisa to‘ng‘ich nabira. Uning intiqlik bilan kutilgan tashrifi bu xonadonga qanchalar quvonch olib kelgan bo‘lsa, qo‘lidagi nuqsoni xonadon egalarini shu qadar o‘ylantiradi. Vaqt yeldirim. Munisa uchinchi sinfga qadam qo‘ydi.

Jamiyat hayotida sodir bo‘layotgan yangiliklardan hamisha boxabar bo‘lishga urinadigan Matluba aya kundalik nashrlarni mutolaa qilayotgan chog‘ida yurtimizda faoliyat olib borayotgan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan qator tug‘ma nuqsonli bolalar davolanish maqsadida Koreya Respublikasiga jo‘nab ketdi, fond tomonidan Germaniyaga yuborilgan bir guruh bolalar davolanib qaytishdi, degan ma’lumotni o‘qib qoldi.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining Namangan viloyati mintaqaviy filialiga murojaat etishi Matluba ayaning nabirasi salomatligi yo‘lidagi ilk tashabbusi bo‘ldi. Munisa fondning malakali shifokorlari nazoratida tibbiy ko‘rikdan o‘tib, tez orada davolanish maqsadida Germaniyaga jo‘nab ketdi. Matluba ayaning aytishicha hozir nabirasining ahvoli ancha yaxshi.

Taqdir yozig‘i bilan ayrim bolalarning yuragi xasta, yana kimgadir nogironlik qismati bitilgan. Ko‘ngli kemtiklarga yaxshilik ulashib, xayru saxovat qilish faoliyatining mazmuniga aylangan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ko‘p yildan buyon ana shunday bolajonlarning salomatligini tiklashda o‘z xizmatini ayamayapti. Buni biz fondning Namangan viloyati mintaqaviy filiali miqyosida olib borilayotgan ishlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

Viloyat mintaqaviy filiali direktori tabiatan mehnatkash va xushmuomala Kimyoxon opa sodda oqko‘ngil, oddiy qishloq aholisning murojaatini xolis, iliq so‘z bilan qarshi oladi.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya tashkiloti Germaniyaning “Fridiyenzdorf Interneyshnl”, Janubiy Koreyaning “Junior Chamber International – JCI” va Cha universiteti qoshidagi Pundan Cha gospitali va ko‘plab xalqaro tibbiy muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatib, “tug‘ma yurak nuqsoni”, “terining kuyishdan keyingi asoratlari”, “lab tanglay nuqsoni” tashxisi qo‘yilgan bemor bolalarni davolash bo‘yicha bir qator xayrli ishlarni olib bormoqda.

Yana o‘qing:  Guvohnomani almashtirishim mumkinmi?

– Ta’kidlash lozimki, bu yil ham viloyatdan 51 nafar lab-tanglay nuqsoni bilan tug‘ilgan bolalar grand mab­lag‘lari hisobiga poytaxtda jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazdi. “Chiroyli oyoqlar” doirasida esa maymoq oyoq va bo‘yin qiyshiqligi bo‘yicha 26 nafar bola jarrohlik yo‘li bilan Andijon bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida sog‘lomlashtirildi, – deydi fondning viloyat mintaqaviy filiali direktori Kimyoxon Ortiqova. – Tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan 2 nafar bemor bola esa Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti klinikasida davolanib qaytishdi. Shu bilan birga, xalqaro hamkorlik doirasida besh yil davomida viloyatdan 23 nafar bola xorijga borib salomatligini tiklab qaytdi.

– Dilshoda qizim 14 yoshda. O‘ng oyog‘ida tug‘ma qusuri bor edi. Avvaliga “men ham hamma qizlar qatori yurolamanmi?”, degan qizim Germaniyada bir yildan ortiq vaqt mobaynida davolanib qaytganidan so‘ng o‘ziga ishonchi ortdi. Chet tillarini o‘rganishga qiziqishi oshdi. Kelajakda Dilshoda malakali shifokor bo‘lish niyatida, – deydi Kosonsoy tumanida istiqomat qiluvchi Muhtaram opa Jahongirova.

Aholining tibbiy savodxonligini oshirish, salomatligini mustahkamlash borasida fond tashabbusi bilan viloyatda “Sog‘lom avlod malikasi”, “Otam, onam va men – sportchilar oilasi”, “Qizlarjon”, “Sog‘lom bola”, “Qizlar va oila” mavzusida o‘quv muassasalarida, kollejlarda, tibbiyot muassasalarida, maxsus maktab internatlarda ko‘ngilochar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib kelinadi. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga alohida e’tibor berilib viloyatdagi “Mehribonlik” “Saxovat” uylariga, maktab-internatlariga, viloyat ruhiy-asab kasalliklari dispanseriga muruvvat yordamlari berib boriladi. Joriy yilda fond tomonidan ajratilgan 30 ta nogironlik aravachalarining tarqatilishi ham shular jumlasidandir.

Yaqinda fond tomonidan bemor bolalar Germaniyaga davolanish uchun jo‘natildi. Bolalarini xorijga ko‘p bora jo‘natgan bo‘lsa-da, Kimyoxon opa Ortiqova bu gal ham ko‘ziga yosh olib ularga uzundan uzoq tilak bildiradi: “Ke­yingi xorijga bo‘lgan safaring ilm olish yoki tajriba oshirish yo‘lida bo‘lsin, sog‘ bo‘lgin bolam!”, deydi u. Biz esa salomatligini tiklash maqsadida xorijning nufuzli klinikalariga jo‘nab ketgan bolajonlarni kelajakda ota-onasining faxri, tirgagi, Vatanimizning fidoyi farzandi bo‘lishiga umid qilamiz.

Ma’rifat TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod ” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: