Yashash zavqi obodlikda ko‘rinadi
Vatanimizning qaysi go‘shasiga bormang, namunali uylar, bunyod etilayotgan sport inshootlari, ko‘zni quvnatadi. Ob-havosi, tabiatidan dil yayraydi. Shahar va qishloqlarimizda qad rostlayotgan zamonaviy ta’lim, tibbiyot muassasalari, sport inshootlari, keng va yorug‘ yo‘llar, ko‘priklar bunyod etilayotganini ko‘rib qalbingiz quvonchga to‘ladi. Uy-joylar hududlar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shish barobarida, aholining ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlayotir. Qurilayotgan sport inshootlari esa farzandlarimizning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi bilan bir qatorda mard, sog‘lom, baquvvat bo‘lib o‘sib-ulg‘ayishiga zamin yaratmoqda.
Namunali uylar – farovonlik ramzi
Yurtboshimiz tashabbusi bilan bir necha yillardan buyon qishloq aholisi turmush darajasini yaxshilash, zamonaviy qurilish materiallaridan foydalanib, sifatli uy-joylarni barpo etish, ijtimoiy soha binolarini bunyod qilish, ularning yangi infratuzilmalarini shakllantirish, pirovard maqsadda qishloq aholisi dunyoqarashini tubdan o‘zgartirish, mamlakatimiz chekka hududlari qiyofasini butunlay yangi bir bosqichga ko‘tarishga qaratilgan keng qamrovli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilishi davom etmoqda.
Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi davlat dasturini davom ettirish maqsadida, 2015 yilning 7 yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2015 yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi Dasturi va 2016 yilgi qurilishning asosiy parametrlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga asosan respublikamizning 149 ta tuman va qishloqlarida 12 mingta yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan.
Bunyod etilayotgan ushbu uylar xalqimizning urf-odatiga, yashash tarziga mos qator qulayliklar asosida qurilayotgani e’tiborga molik. Mehmonxona, bolalar xonasi, oshxona, yuvinish xonasidagi sharoitlar – bularning barchasi yashovchilarga katta qulayliklar yaratadi. Ularning turmush sharoiti va madaniyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
– Biz 2012 yildan buyon shu uyda yashaymiz. Mazkur turar-joyning imkoniyatlari shahardagi shart-sharoitlardan aslo qolishmaydi. Tabiiy gaz, toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Ayniqsa, bolalar xonasining keng va yorug‘ligidan farzandlarim xursand, – deydi Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida istiqomat qiluvchi Dilfuza Mamadaliyeva.
Qad rostlayotgan mazkur imoratlar aholining quvonchiga quvonch qo‘shmoqda. Shunday sharoitlarda farzandlarini tarbiyalab, voyaga yetkazayotgani xonadon egalarining ko‘zlaridagi mamnunlik ifodasida aks etadi.
Rivojlanayotgan sport inshootlari
Prezidentimiz rahnamoligida sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirishning muhim omili sifatida bolalar sportini rivojlantirish, yosh avlodni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur imkoniyatlarni yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlashga doimiy e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, yosh avlodni ham aqlan, ham jismonan sog‘lom dunyoga keltirish, tarbiyalash va munosib avlodlar darajasida shakllantirish vazifasi davlat siyosatiga aylandi. Qisqa muddat ichida mamlakatimizda boks, shaxmat, yengil atletika va sportning boshqa turlari bo‘yicha jahon chempionlari yetishib chiqdi. O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ana shunday barkamol avlodni voyaga yetkazishda muhim o‘rin tutmoqda.
– Jamg‘armaning 2015 yil 25 fevraldagi navbatdagi Homiylik kengashi topshiriqlariga binoan Bolalar sporti inshootlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha Konsepsiya ishlab chiqilayotganligini inobatga olib, jamg‘arma mablag‘lari hisobidan kelgusi yillarda umumta’lim maktablariga sport zallari qurilishi, bolalar va o‘smirlar sport maktablarini moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha bir qator qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari, jamg‘armaning ijro etuvchi direktori Erkin Iskandarov.
Birgina joriy yilning o‘zidayoq jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 221 ta bolalar sport inshootlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, ushbu maqsadlarga 227,3 milliard so‘mlik mablag‘ sarflash rejalashtirilgan. Jumladan, 5ta loyiha asosidagi sport inshootlarini yangitdan qurish, 174 ta umumta’lim maktablari uchun sport zallari qurish, 23 ta sport inshootini qayta rekonstruksiya qilish, 7 ta sport inshootini kapital ta’mirlash, 12 ta suzish havzasi qurilishi belgilangan.
Bunday g‘amxo‘rlikka javoban yoshlarimiz Vatanimiz bayrog‘ini yanada yuksakka ko‘tarib, jahon arenalarida munosib o‘rinlarni qo‘lga kiritishmoqda.
Charos XUSHVAQTOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri