Qo‘riqxonada media-tur
O‘zbekiston Respublikasi tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “Tugan Falconry Club” noyob yirtqich qushlar qo‘riqxonasiga media-tur uyushtirildi.
Mamlakatimizda o‘ttizga yaqin qo‘riqxona, milliy tabiat bog‘lari, noyob hayvon va qushlarni saqlash va ko‘paytirish markazlari bor. 2014 yilda tashkil qilingan “Tugan Falconry Club” qo‘riqxonasi ulardan biridir.
Yirtqich qushlarni davlat tomonidan nazorat qilish, o‘simlik va hayvonot olamini himoya qilish maqsadida “Tugan Falconry Club” qo‘riqxonasi xodimlari zamonaviy maxsus asbob-uskunalar bilan ta’minlangan. Jumladan, bu yerda tunu kun videokuzatuv ishlari olib borilmoqda, qushlarni kuzatish va o‘rganish maqsadida ularga maxsus mikrochiplar qo‘yilmoqda. Har bir qush uchun maxsus pasport ishlab chiqilgan.
Media-tur ishtirokchilari qo‘riqxona faoliyati va uning istiqboldagi vazifalari bilan tanishtirildi. Xususan, lochinning noyob shaxin zotini ko‘paytirish, O‘zbekiston Respublikasi tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ko‘magida janubiy koreyalik hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan loyiha doirasida katta kompleks barpo etish qo‘riqxonaning istiqboldagi rejalaridan biridir. Mazkur kompleks tashkil etilgach, 50 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.
M.TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri