YILLARGA TATIGULIK QUVONCHLI LAHZALAR
Yangi o‘quv yili. Maktab ostonasiga ilk bora qadam qo‘yayotgan jiyanim bizni shoshirdi. Koshki unga, hali erta, degan so‘zlarimiz kor qilsa. Allaqachon maktab formasini kiyib olib, dam-badam soat millariga qarar, goh uyga kirar, goh ko‘chaga chiqib, dadasini tez bo‘lishga shoshirardi.
Yangi o‘quv yilining ilk kunida jiyanim o‘quv qurollari va qati bukilmagan yangi kitoblar bilan to‘ldirilgan maktab sumkasini ko‘targancha sevinchi ichiga sig‘masdan keldi.
– Bu Prezident bobomning sovg‘asi, – deya mamnun jilmaydi u.
Darhaqiqat, shu kuni 1-sinfga qadam qo‘ygan 631 ming nafar bolajon uyiga maktab haqidagi boy taassurot bilan qaytdi.
Qayd etish lozim, joriy yilda ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 2015 yilgi investitsiya dasturi doirasida respublika bo‘yicha 384 ta maktab binosida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Shundan 29 tasi yangidan bunyod etilib foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, 219 tasi rekonstruksiya qilindi, 136 tasi kapital ta’mirlandi. Ushbu maqsadlarga jami 341, 8 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi.
Ta’lim dargohlarida o‘quvchilarning yanada sifatli bilim olishlarini ta’minlash maqsadida 4 ming 517 ta ta’lim muassasalarini mebel, o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi, sport anjomlari va musiqa cholg‘u asbob-uskunalari bilan jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda. 1-4 sinflar chet tili xonalariga 6 ming 775 ta to‘plamdan iborat axborot kommunikatsiya va o‘quv texnik vositalari yetkaziladi.
– Bu yilgi yangi o‘quv yilimiz ilk kundanoq o‘ziga xos tarzda boshlandi. “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida mustaqillik darslarining multimedia vositalari yordamida o‘tkazilishi ham bolalarimizning dunyoqarashini o‘stirishga xizmat qiladi. Bu yilgi darslarimizning deyarli barchasi multimedia vositalari yordamida o‘tilmoqda. Bu esa o‘quvchilarning darsga qiziqishini yanada oshiradi, – deydi Toshkent shahar Shayxontohur tumani 59-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Dilrabo Saxiyeva.
Bu yil 1-sinflarga qabul qilinadigan bolajonlar uchun jami 641, 3 ming nusxa chet tili darsliklari, 2-sinflarga esa 591, 9 ming nusxa darslik va mashq daftarlari tarqatildi. Birgina bu emas, 3-sinflar uchun mo‘ljallangan 593 ming nusxa darsliklar va mashq daftarlari, o‘qituvchilar uchun jami 62, 6 ming nusxa metodik qo‘llanma va multimedia ilovalari chop etilib, maktablarga yetkazib berildi.
Bolajonlarni darsdan tashqari vaqtlarida kitobga oshno qilish, ularning bo‘sh vaqtlarini yanada mazmunli o‘tkazishni ta’minlash maqsadida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yana bir xayrli ishga qo‘l urildi. Sinfdan tashqari kutubxona fondini boyitish yo‘lida umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun lotin grafikasi asosidagi 27 nomdagi 847 ming 293 nusxa adabiyotlar yetkazildi. O‘tgan o‘quv yilida ilk marotaba boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida 7 nomdagi metodik qo‘llanma hamda ularning multimediali ilovalari tayyorlanib, 1-sinflarda barcha fanlarni to‘liq ilg‘or texnologiyalar asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilda ham mazkur yo‘nalishda ishlar davom ettirilib, umumta’lim maktablarining 2-sinflari uchun “Ona tili”, “O‘qish”, “Matematika”, “Atrofimizdagi olam”, “Russkiy yazi’k”, “Chteniye” fanlari bo‘yicha o‘qituvchilar kitobi va multimediali ilovalari yaratildi va ularning har biri 80 ming nusxadan chop etilib, joylarga yetkazib berilmoqda. Shuningdek, o‘qituvchi va o‘quvchilarning elektron axborot ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida vazirlik tomonidan yaratilgan 401 ta elektron axborot ta’lim resurslari portaliga joylashtirildi.
Muxtasar qilib aytganda, endigina maktabga qadam qo‘yayotgan mustaqil yurt bolasining yuzu ko‘zidan mamnuniyat, quvonch va zavq nashidasini ilg‘ash qiyin emas. O‘ylaymizki, ta’lim sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, yoshlarga berilayotgan ulkan rag‘bat va ishonch kelajakda ularni el-yurt xizmatiga bel boylaydigan fidoyi inson, malakali kadr bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.
Ma’rifat TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri