Salomatlik yo‘lida kamarbasta
Har qanday davlatning eng katta boyligi bu uning jismonan sog‘lom, ma’nan boy aholisi hisoblanadi. Shu bois mamlakatimizda tibbiyot sohasini rivojlantirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, zamon talablariga mos malakali tibbiy kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotir.
Respublikamiz mustaqilligining yigirma to‘rt yillik bayrami munosabati bilan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Olmazor tuman Kengashi bilan hamkorlikda poytaxtimizdagi “G‘unchamed” tibbiy diagnostika markazida xayriya bayram tadbiri o‘tkazildi. Kam ta’minlangan oilalar vakillari bo‘lgan ayollar va bolalar yuqori tibbiy texnologiyalar vositasida xayriya tarzida chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
– O‘g‘lim Kamronbek ikki yoshda. U yaqinda allergiya bilan xastalanib qoldi. Lekin allergiyaning turi ko‘p ekan. Mazkur “G‘unchamed” tibbiy diagnostika markazida uch soat ichida tahlillar javobi tayyor bo‘lar ekan. Biz ota-onalar uchun shunday qulayliklarni yaratgan tashkilotlarga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz, – deydi Kamola Otajonova.
Anjumanda 50 nafarga yaqin ayol hamda bolalarga Yevropa davlatlaridan keltirilgan yuqori sifatli tibbiy diagnostika reaktivlari vositasida ko‘rikdan o‘tkazishlarini kafolatlovchi sertifikatlar topshirildi. Sertifikat olgan hamyurtlarimiz Toshkent tibbiyot akademiyasi, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida davolanib sog‘lomlashtiriladi.
Mazkur loyihaning yana bir afzal jihati shundaki, bu sertifikat egalari sog‘lomlashtirilgunga qadar “G‘unchamed” tibbiy diagnostika markazi tomonidan doimiy nazoratda bo‘ladilar.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E. Bositxonova ishtirok etdi.
M. XO‘JAMURODOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri