Er yigit el ko‘nglini obod etadi

Vatanimiz bayrog‘i baland ko‘tarildi… Davlatimiz madhiyasi yangradi… O‘zbekiston degan nom butun dunyo mamlakatlari o‘rtasida birinchi o‘rinda tilga olindi… Shu kabi so‘zlarni har safar Toshkent xalqaro aeroportiga sportchilarni kutib olishga chiqqanimda eshitaman. Barcha g‘olib o‘g‘il-qizlarimiz yurtimizda yaratilgan imkoniyatlar, xalqimiz va yaqinlarining ishonchi ularni g‘alaba sari yetaklaganini faxr bilan ta’kidlaydi. Bu iftixor ularni oldinga, porloq va nurafshon kelajak sari undaydi. Bu yurt bolalari Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashaydi. Ularning g‘alabasi – bizning g‘alaba. Shu el farzandlarining yutug‘idan faxrlanib, doimo shunday bo‘lib qolsin deyman.

Darhaqiqat, yurtimizda sportni rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda munosib ishtirok etishini ta’minlashga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida sportchilarimizning jahon arenalarida erishayotgan g‘alabalari soni va salmog‘i ortib bormoqda.

Buni iqtidorli sportchimiz, taekvondo (WTF) bo‘yicha jahon chempioni Dmitriy Shokin misolida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

2011 yilda O‘zbekiston chempionatida g‘olib bo‘lib, milliy terma jamoaga qabul qilingan D.Shokin tinimsiz mehnati, shijoati, g‘alabaga intilishi bilan tez orada ko‘zga tushdi. U terma jamoa safida Fransiya, Germaniya, Rossiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari kabi qator mamlakatlarda o‘tkazilgan nufuzli musobaqalarda shohsupaga ko‘tarildi. 2014 yili Toshkent shahri mezbonlik qilgan Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan XVII Osiyo o‘yinlarida kumush medal bilan taqdirlandi.

2015 yilning may oyida Rossiyaning Chelyabinsk shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida Dmit­riy Shokin o‘z vazn toifasida barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, jahon chempioni bo‘ldi. Iyul oyida Janubiy Koreyaning Kvandju shahrida o‘tkazilgan XXVIII Butunjahon universiadasida ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olib, o‘z vazn toifasida tengsiz ekanini yana bir karra isbotladi. Mazkur nufuzli musobaqada dunyoning eng yetakchi taekvondochilari sovrinli o‘rinlar bilan birga 2016 yili Braziliyada bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi muhim reyting ochkolari uchun ham bellashdi.

O‘zbek o‘g‘lonining ana shunday muvafaqqiyatlarga erishgani hammamizning qalbimizni g‘urur-iftixorga to‘ldiradi. O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 24 yilligi arafasida Prezidentimiz Islom Karimovning farmoniga muvofiq iqtidorli sportchi Dmitriy Shokin “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.

Yana o‘qing:  QARSHI – TOSHKENT: UCH SOATLIK YO’L

– Kamtarona mehnatlarimni Vatanimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlagan hukumatimizga cheksiz minnatdorlik izhor etaman. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik kelgusida yanada yuksak marralar sari rag‘batlantiradi, – deydi “Do‘stlik” ordeni sohibi, Taekvondo (WTF) bo‘yicha jahon chempioni Dmitriy Shokin. – Moskva shahri mezbonlik qilgan jahon Gran-prisida oltin medalga sazovor bo‘ldim. Menga berilgan ishonchini oqlaganimdan benihoya xursandman. Xalqaro maydonlarda Vatan sharafini himoya qilish, uning obro‘sini yuksaltirish katta baxt. Jahon chempionatida buyuk yurt farzandlari ekanimizni, biz hech kimdan kam emasligimiz va kam bo‘lmasligimizni isbotlashni maqsad qilgandik va bu ezgu maqsadimizga yetishganimizdan xursandmiz.

…Yana Toshkent xalqaro aeroportidaman. Medallar shodasi ko‘kragiga zeb bergan sportchilarimiz chiqishmoqda. Bugun to‘y, bugun bayram. Ertaga bosh­qa sportchilarimizni kuzatgani chiqaman. Ketishadi va kelishadi. Kelganida ham bayrog‘imizni baland ko‘tarib, g‘urur iftixorga to‘lib, to‘yga to‘yona bilan qaytishadi.

Navro‘z NORBOBOYEV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: