BAXT – AVVALO, INSON UCHUN

– Nima qilishni, qayerga borishni bilmay boshim qotib yurgan vaqtlari bir tanishimning maslahati bilan “Sog‘lom avlod uchun” fondiga yordam so‘rab bordim. Ularning ko‘magi bilan farzandim bugun soppa-sog‘. Tengqurlari bilan o‘ynab, bolalik gashtini surib yuribdi…

O‘zaro suhbatlashib ketayotgan ikki insonning suhbatini beixtiyor ting­laganimdan so‘ng “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi faoliyati bilan kengroq tanishish istagi tug‘ildi va fond tomonidan amalga oshirilgan ezgu ishlar xususida siz bilan ham o‘rtoqlashgim keldi.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi mana yigirma ikki yildan buyon oilalar farovonligi, turmush xotirjamligini ta’minlovchi eng ulug‘ vosita – farzand salomatligi hamda uning kamolotini ta’minlash maqsadida faoliyat yuritib kelayotir.

Mazkur yo‘nalishda fond tomonidan turli xorijiy davlatlarning nufuzli tashkilotlari bilan yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro hamkorlik loyihalari ham bolalar salomatligini tiklashda muhim omil bo‘lmoqda. Shu bilan birga ona va bola salomatligini asrash, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga oshno qilish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, iste’dodli yoshlarni kashf qilish va ularga ko‘mak berish yo‘nalishlarida ham ko‘plab samarali ishlarni amalga oshirmoqda.

Sog‘lom avlod – sog‘lom hayot demakdir

Farzand – oila quvonchi, jamiyat tayanchi. Uning sog‘lom, bilimli va salohiyatli bo‘lib ulg‘ayishi nafaqat ota-onalar, balki davlatimiz siyosatining ham ezgu maqsadlaridan biridir. Shu bois Istiqlolimizning ilk kunlaridanoq bolalarga yuksak mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda.

Bolalar salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlar samarasida mamlakatimiz nufuzli xalqaro tashkilot – “Save the children” tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra dunyoning 161 davlati ichida yuqori o‘nlikdan joy egalladi. Bu yuksak natija nimaning mahsuli? Albatta, istiqlol yillarida Yurtboshimiz rahnamoligida aholi salomatligini ta’minlash, ayniqsa, mamlakatimiz kelajagi – yosh avlodni ma’nan va jismonan sog‘lom voyaga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar, shuningdek, kishilarning dunyoqarashi o‘zgargani, farzand ta’lim-tarbiyasiga e’tibor kuchaygani, eng muhimi, oilalarda ota-onaning bola oldidagi mas’uliyati ortganidir. Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar bolalarning sog‘lom va barkamol ulg‘ayishiga zamin hozirlayotir. Bu borada “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davri davomida fond tomonidan nogironlik, tug‘ma va irsiy xastaliklarning oldini olish maqsadida respublika skrining markazlari bilan hamkorlikda 100 ming 273 nafar yangi tug‘ilgan chaqaloqlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Kasallik aniqlangan holatlarda bemorlar Respublika Skrining markazida bepul tibbiy xizmat va dori-darmonlar bilan ta’minlandi.

Yana o‘qing:  Xalq omon, qo‘rg‘on but, farzand salomat

Shu o‘rinda fondning tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi tomonidan amalga oshirilgan ishlarni aytib o‘tish joiz. Jumladan, joriy yilning shu davriga qadar respublika miqyosida 110 ming 910 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shulardan 55 ming 216 nafarini ayollar, 29 ming 657 nafarini bolalar, 15 ming 363 nafarini o‘smirlar (shundan 12 ming 567 nafari o‘smir qizlar) tashkil qilgan bo‘lsa, tibbiy tekshiruvlardan o‘tgan erkaklar soni 11 ming 647 nafarga yetdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar islohot uchun emas, avvalo, inson manfaatlari uchunligini bugun butun dunyo e’tirof etmoqda. Bolalar salomatligini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘plab xorijiy davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Barcha sohalar singari sog‘liqni saqlash yo‘nalishida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari ham bunga misol bo‘la oladi.

Xususan, Germaniyaning “Friedensdorf International”, Janubiy Koreyaning “Vision Care Servise” xalqaro tashkilotlari, “Junior Chamber International – JCI” va Cha universiteti qoshidagi Pundan Cha Gospitali va ko‘plab xalqaro tibbiy muassasalar bilan bolalar salomatligi yo‘lidagi hamkorlik ishonchli yo‘lga qo‘yilgan va bu ezgu an’ana tusini olgan. Buning natijasida “tug‘ma yurak nuqsoni”, “terining kuyishdan keyingi asoratlari” va “lab-tanglay nuqsoni” tashxisi qo‘yilgan bemor bolalar horijiy davlatlarning tibbiyot muassasalarida salomatliklarini tiklab qaytishmoqda.

Ular safida mamlakatimizning olis va yashash noqulay bo‘lgan hudud farzandlarining borligi yurtimizda hamma mehr va e’tibordan chetda qolmagani, har bir bolaning taqdiri, uning kelajagi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganining yaqqol dalilidir.

Milliy qadriyatlar va yangi avlod kamoloti

Oilada farzand tug‘ilsa, xonadon a’zolarining, qavmu-qarindosh, qo‘ni-qo‘shnilarning quvonchi cheksiz bo‘ladi. Ochiq yuz, ko‘tarinki kayfiyat bilan chaqaloqqa peshvoz chiqadi. Uning kelajagi haqida yaxshi niyatlar qiladi. Albatta, dunyoda bunday ahil va hamjihat xalqni topish mushkul. Hayoti shirin bo‘lsin deb qo‘ni-qo‘shnilar shirinlik ulashadi, qarindosh-urug‘ qozonga o‘t qalab mehmonlarning tadorigini ko‘radi. Bu asrlar osha kelayotgan qadimiy an’analarimizdan. Biroq tug‘ilgan bolaning taqdiri, uning kelajagi haqida ona Vatan qayg‘urib turishidan ortiq baxt bormi?! Uning har tomonlama yetuk voyaga yetishini ta’minlash borasida yurtimizda barcha imkoniyatlar muhayyo. Zero, Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”. Shularni inobatga olgan holda faoliyat yuritayotgan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish yo‘lida ko‘plab samarali ishlarni amalga oshirmoqda.

Yana o‘qing:  BETAKROR VATANIMIZNING BUYUK BAYRAMI

Jumladan, joriy yilning shu davriga qadar fond va uning hududiy filiallari tomonidan 1 ming 361 ta madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil qilindi.

“Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q”. Prezidentimiz istiqlolning dastlabki yillaridanoq olg‘a surgan mazkur g‘oya bugun o‘zini tom ma’noda oqladi. Vatanparvar, oilaparvar, mehr-muruvvatli, el ishiga kamarbasta avlodni kamol toptirish ezgu maqsadga aylandi. Ko‘pgina tashkilotlar qatori “Sog‘lom avlod uchun” fondi ham bu borada xayrli ishlarni bosh-qosh bo‘layotir.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari hamda “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari uchun ko‘ngilochar tadbirlar, mamlakatimizning tarixiy obida va qadamjolari, Samarqand, Buxoro, Xorazm singari boy madaniy merosga ega shaharlariga sayohatlar tashkil etilmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan bolalarda Vatanimiz tarixi, ulkan madaniy va ma’naviy me’rosimizga ehtirom tuyg‘ularini shakllantirish bilan bir qatorda turli yot g‘oyalarga qarshi mustahkam ma’naviy immunitetni hosil qilishga yordam beradi. Shu maqsadda Har yilgi an’anaga ko‘ra “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi bu yil ham “O‘zbekiston temir yo‘llari” DAK bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari uchun Samarqand shahriga bir kunlik sayohat tashkil etildi. bu ezgu ishlar yil yakunigacha davom etadi.

Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi bilan hamkorlikda tajribali rassomlar va yosh ijodkorlarning badiiy turli ko‘rgazmalari tashkil etib kelinmoqda.

Joriy yilning aprel oyida O‘zbekiston Xalq ta’limi, Madaniyat va sport, Tashqi ishlar vazirliklari bilan hamkorlikda 1–xalqaro “Navro‘z sadolari” festivali tashkil etildi. Mazkur festivalda 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan 1000 nafardan ortiq bola ishtirok etdi.

“Kamolot” YOIH bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Kamalak yulduzlari” rasmlar tanlovida 1 ming 500 nafar “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi.

SPORT – OYDIN kelajak kafolati

“Bolam chempion bo‘ldi”. Birgina gap. Ammo buning zamirida oilaning, ota-onaning, qarindosh-urug‘, mahalla-ko‘yning yuzi yorug‘ bo‘ladi. Bizning qishloqdan yoki mahalladan chempion chiqdi. Bu esini tanigan boladan yoshi ulug‘ nuroniyning qalbigacha faxr tuyg‘usini olib kiradi. Chempionlar jajji avlodga o‘rnak vazifasini o‘taydi. Ular ham yuqori marralarga erishishni oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Eng muhimi, hali maktab ostonasiga qadam qo‘yishga ulgurmagan bolaning qalbida ham ulug‘vor orzular kurtak ochadi. Vatan bayrog‘ini xalqaro maydonlarda yuqori ko‘tarish ularning ezgu maqsadiga aylanadi. Buning uchun esa mamlakatimizda qulay muhit yaratilgan. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining sport sohasida o‘tkazayotgan turnirlari buning yaqqol misolidir. Birgina bolalar sportini rivojlantirish, ularni doimiy sog‘lom turmush tarzi bilan oshno qilish yo‘nalishida fond va uning hududiy tayanch maskanlari tomonidan 2015 yilning o‘tgan vaqti davomida 523 ta sport tadbirlari o‘tkazildi.

Yana o‘qing:  Nikita bo‘sh kelmadi

IJTIMOIY HIMOYa – ustuvor maqsad

Dunyoda insonlarga yaxshilik qilib yashashdan ortiq fazilat bo‘lmasa kerak. Zero, biror insonning ko‘nglini ko‘tarish, yaxshilik qilish har birimizning chin insoniylik burchimizdir. Davlatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri ham ijtimoiy himoya ekanligi yurtimizda bu masalaga davlat ahamiyati darajasida e’tibor qaratilayotganidan darak beradi. Mustaqillik yillarida “Islohot islohot uchun emas avvalo inson manfaatlari uchun” shiori keng yoyildi. Ushbu yo‘nalishda qabul qilinayotgan qaror, qonun, farmon va davlat dasturlari mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarning huquqiy asosi bo‘ldi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” DAK bilan hamkorlikda an’anaviy yiliga ikki marotaba tashkil etiladigan “Salomatlik” poyezdlari Qoraqalpog‘iston respublikasi va Navoyi viloyatlarning ekologik noqulay va chekka, Qashqadaryo va Surxandaryo viloyatlarining tog‘li hududlariga muruvvat yuklari olib borish, u yerdagi aholini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish va to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda ularga zaruriy yordamlarni ko‘rsatish singari vazifalarni bajarib kelmoqda.

“Farzand omon bo‘lsa millat salomat”, deydi dono xalqimiz. Bolalari sog‘ligini o‘ylagan elning esa kelajagi buyuk bo‘ladi.

Serquyosh O‘zbekiston zaminida o‘sayotgan har bir nihol uning mehrli taftidan ozuqa olgancha mag‘rur bo‘y cho‘zayotir. Istiqlol shu tabarruk bobo Quyosh kabi saxovatli. Uning qaynoq mehrini his qilib ulg‘ayayotgan farzandlarimiz dunyodagi eng saodatli va baxtli avloddir. Zero, bu yurtda baxt – avvalo, inson uchun.

Farhod TOLIPOV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: